“Maqsadim faqat pul topish bo‘lganida rozi bo‘lardim”: “Sevishganlar” filmi yulduzi Priti Jangiani nega to‘satdan kinoni tark etgan?

“Maqsadim faqat pul topish bo‘lganida rozi bo‘lardim”: “Sevishganlar” filmi yulduzi Priti Jangiani nega birdan kinoni tark etgan?
Priti Jangiani Bollivudga Hindiston janubidan kelgan va hanuzgacha o‘z ijodiy salohiyatini turli filmlarda namoyish etib kelmoqda. “Sevishganlar” melodramasida yosh beva ayol obrazini juda yaxshi gavdalantirgan aktrisaning sakkizta filmda suratga tushgani ko‘pchilikka ma’lum bo‘lmasa kerak.
Priti Jangiani 1980-yil 18-avgustda Mumbayda tug‘ilgan. U oilaning kenja qizi edi. Katta opasi Dipa bilan birga Priti 10 yoshigacha malika bo‘lishni orzu qiladi, shu sabab ota-onasi unga chiroyli toj sovg‘a qiladi.
“O‘shanda oynaga qarab, sahnaga chiqishimni va odamlar go‘zalligimga qoyil qolishlarini tasavvur qilgandim”, deb eslaydi aktrisa tabassum bilan.
Bir necha yil o‘tgach, reklama agentlari yosh Pritiga e’tibor qaratishadi va shundan so‘ng u shou-biznesning jo‘shqin olamiga kirib keladi. Suratga olish, shartnomalar tuzish, reklamalarda qatnashish va kliplarda ko‘rinish berish qizga kino olamiga yo‘l ochadi.
Juda band bo‘lgani sababli u hatto maktabni tashlashga majbur bo‘ladi, o‘qishini yakunlay olmaydi. 1999-yilda Priti uchta filmda debyut qiladi. Bular: bosh rolni Pavan Kalyan ijro etgan telugu tilidagi “Kichik birodar”, Kunchasko Boban ishtirokidagi “Kamalak” malayalam romantik trilleri va Prashanth qatnashgan tamil tilidagi “Salom” romantik dramasi.
Shu tariqa, “Sevishganlar” melodramasi orqali Bollivudda ilk bor ko‘ringanida, Priti Jangiani kinoga endigina kirib kelganlardan emas edi. “Sevishganlar” tanqidchilar e’tirofiga sazovor bo‘ladi va kassada ham yuqori daromad keltiradi.
Muvaffaqiyat to‘lqinida Priiti “Sevgi bebaho” va “Kutilmagan burilish” komediyalarida, shuningdek, “Chiziq bo‘ylab” va “Bo‘ri” jangovar filmlarida ishtirok etadi. Ulardan keyin “Nazorat chizig‘i” va “Mag‘rurlik” dramalarida rol o‘ynaydi, biroq Priti kino sanoatida boshqalardan ajralib turishga erisha olmaydi.
U bir nechta tildagi filmlarda suratga tushishga muvaffaq bo‘ladi, hatto Pokiston kinosida ham qatnashadi, ammo rollari oddiy bo‘lib, aktrisani boshqalardan farqlab turmasdi. Buni o‘zi ham anglagach, Bollivudni tark etadi.
“Men xohlagan karyeramga erisha olmadim. Menga taklif qilingan rollardan norozi edim. Faqat bosh rollarni orzu qilganman demayman, lekin ular filmda hech bo‘lmaganda sujetga ta’sir ko‘rsatuvchi ma’noga ega bo‘lishi kerak edi. Bu men uchun muhim edi. Bollivud menga bunday narsani taklif qilmadi. Shuning uchun o‘zimning yoki muxlislarimning hafsalasini pir qilgandan ko‘ra ketganim ma’qul, deb o‘yladim”, deb tan oladi Priti.
“Menga ko‘plab teleko‘rsatuvlar, hatto realiti-shoulardan taklif tushgandi, lekin o‘zim xohlamadim. Maqsadim faqat pul topish bo‘lganida, rozi bo‘lardim. Ammo aktyorlik o‘zga narsa. Televideniyeni yomonlamoqchi emasman, biroq bu uzoq muddatli majburiyat. Rafiqa va ikki farzandning onasi sifatida buni uddalolmasdim”, deya qo‘shimcha qiladi u.
2000-yillar o‘rtalarida Priti rejissor Firoz Nadiadvalaning ukasi Mushtaq Xon bilan unashtiriladi. Biroq juftlik noma’lum sabablarga ko‘ra unashtiruvni bekor qiladi.
2006-yilda “Sevgi bilan” filmining suratga olish maydonchasida Priti aktyor Parvin Dabas bilan tanishadi. Ular 2008-yil 23-martda turmush qurishadi va uch yildan so‘ng o‘g‘illi bo‘lishadi. 2016-yilda Priti Dev ismli yana bir o‘g‘lini dunyoga keltiradi.
Keyinchalik Priti va Parvin o‘zlarining prodyuserlik kompaniyasini tashkil etishadi, eri kompaniya prodyuseri bo‘ladi. Shuncha yildan so‘ng Priti Bollivudga 23-iyun kuni SonyLI da premyerasi bo‘lgan “Kafas” dramasi bilan ekranlarga qaytdi. Bu Britaniyaning 2019-yilgi “Iflos pullar” mini-serialining hindcha varianti. Filmda bosh rollarni Sharman Joshi va Mona Singx ijro etgan.

