Dunyo

Manfaatlar chorrahasida

YEI va Xitoy oʻrtasidagi ixtilof Markaziy Osiyoga qanday zarba berishi mumkin

**Manfaatlar chorrahasida**

Ittifoq Xitoyga yangi savdo cheklovlari bilan tahdid qilmoqda. Oktyabr oyi boshida Yevropa Ittifoqi oʻz bozorini Xitoy tovarlarining bir qismi uchun yopadimi yoki tomonlar kelishib olishga muvaffaq boʻladimi, degan savolga oydinlik kiritilishi kerak. Markaziy Osiyo davlatlari uchun ikkinchi variant maʼqulroq, birinchisi esa ikkita oqibatga olib kelishi mumkin: tranzit daromadlarining kamayishi va mahalliy ishlab chiqaruvchilarga zarar yetkazgan holda mintaqaviy bozorlarning arzon Xitoy mahsulotlari bilan toʻyinishi.

Pekinning bayonotlariga qaramay, Yevropa va Amerika bozorlari XXR uchun hamon ustuvor boʻlib qolmoqda. Shu bois, Bryusselning Xitoy tovarlarining YEI bozoriga kirishini qiyinlashtirish tahdidlaridan soʻng, XXR Tijorat vazirligi rasmiy vakili Xuan Lin Yevropa bosim oʻtkazishdan voz kechishi va teng huquqli muloqot olib borishi kerakligini aytgani ajablanarli emas.

U shunday dedi: «Xitoy shuni taʼkidlamoqchimi, barcha darajadagi Xitoy-Yevropa maslahatlashuvlari Xitoy va YEIning bir-biri uchun barqaror va muvozanatli asosiy savdo sheriklari sifatidagi mavqeini qoʻllab-quvvatlashi, shu bilan birga ikkala tomonning xavotirlarini teng huquqlilik asosida hal qilishi kerak».

Uning soʻzlariga koʻra, hech bir tomon bir tomonlama talablarni ilgari surmasligi yoki shartlarni dikta qilmasligi kerak, bozorni yopish tahdidlaridan bosim va savdolashish vositasi sifatida foydalanishni-ku gapirmasa ham boʻladi.

Shu bilan birga, Eurostat maʼlumotlari savdo disbalansining yanada ortib borayotganini koʻrsatmoqda. 2026 yilning birinchi yarmida YEIning Xitoy bilan tovarlar savdosidagi defitsiti 196 milliard yevroga yaqinlashdi. 2025 yilda u taxminan 360 milliard yevroni tashkil etgan edi.

Yevrokomissiya Xitoyning YEIga eksporti oʻsishiga uchta asosiy omil yordam bermoqda deb hisoblaydi: yuanning past kursi, davlat subsidiyalari va XXRdagi ishlab chiqarish quvvatlarining haddan tashqari koʻpligi.

Yevropa Ittifoqida eksportni qoʻllab-quvvatlashning bunga qiyoslash mumkin boʻlgan vositalar toʻplami yoʻq. Shu bois Bryussel Xitoy tovarlarining Yevropanikidan past narxlarda oqib kelishi ayrim tarmoqlarning deindustriallashuviga olib kelishidan xavtirda. Agar Bryussel va Pekin savdo disbalansini kamaytirish boʻyicha kelisha olmasa, YEI Xitoy mahsulotlariga qarshi qoʻshimcha cheklovlar joriy qilishi mumkin.

Yevropaning savdo boʻyicha komissari Marosh Shefchovich YEI va Xitoy muzokaralari oktyabr oyigacha aniq natijalar berishi kerakligini aytdi. Aks holda, Pekin yanada qattiqroq choralarga duch kelishi mumkin. Uning soʻzlariga koʻra, agar muloqot natija bermasa, YEI himoya savdo vositalariga murojaat qilishi mumkin.

Birinchi navbatda gap dempingga qarshi, subsidiyalarga qarshi va boshqa himoya choralari haqida ketishi mumkin. Nazariy jihatdan, YEI ixtiyorida iqtisodiy majburlashga qarshi vosita ham bor boʻlib, u norasmiy ravishda «savdo bazukasi» deb ataladi.

Biroq, bu mexanizm oddiy savdo nizolari uchun emas, balki uchinchi davlat iqtisodiy bosim yordamida Yevropa Ittifoqi yoki uning aʼzo davlatlarini siyosiy qarorni oʻzgartirishga majbur qilmoqchi boʻlgan holatlar uchun moʻljallangan. Katta defitsit, davlat subsidiyalari yoki past eksport narxlarining oʻzi uni qoʻllash uchun yetarli asos boʻla olmaydi.

Bundan tashqari, Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen ushbu vositani bir tomonlama ishga sola olmaydi. Qaror Yevrokomissiya va YEI Kengashi ishtirokida belgilangan tartibda qabul qilinadi.

Ehtimoliy javob choralari bojlarni oshirish, tovarlar va xizmatlar savdosidagi cheklovlar, shuningdek, uchinchi davlatlar kompaniyalarining Yevropa davlat xaridlari, investitsiyalari va intellektual mulkiga kirishini cheklashni oʻz ichiga oladi. Bryussel amaliyotda hali «savdo bazukasi»dan foydalanmagan. Shu yilning boshida Yevroparlamentning ayrim deputatlari uni AQShga qarshi qoʻllashni taklif qilishgan edi, biroq ish muhokamalardan nariga oʻtmadi.

Amerika biznesi Yevropa va Xitoy oʻrtasidagi savdo qarama-qarshiligidan foyda koʻrishi mumkin. Biroq, Xitoy tovarlaridan voz kechish yuzaga kelgan taqchillikni zudlik bilan Yevropaning oʻz mahsulotlari yoki faqat AQShdan yetkazib berish hisobiga toʻldirishini anglatmaydi. Yevropa Ittifoqi Yaponiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari ishlab chiqaruvchilaridan xaridlarni koʻpaytirishi mumkin.

Hozircha esa, birinchi qarashda paradoksal vaziyat yuzaga kelmoqda. Bir tomondan, Yevropa biznesi Bryusseldan uni Xitoy raqobatidan himoya qilishni soʻramoqda. Ikkinchi tomondan, xuddi shu kompaniyalar Pekin bunga javoban ularning Xitoy bozorida ishlashini cheklashi yoki butunlay taqiqlashidan xavtirda.

Pekin tomonidan ham muayyan signallar kelmoqda. Shu bois xulosa ayon: na Xitoy, na Yevropa Ittifoqi munosabatlarning toʻliq uzilishidan manfaatdor emas, buning ikkita sababi bor — Yevropa sanoati Xitoy yetkazib beruvchilari va XXR bozori bilan chambarchas bogʻliq, Xitoy ishlab chiqaruvchilari esa hamon Yevropa talabiga juda bogʻliq.

Ammo, agar eng yomon stsenariyni tasavvur qiladigan boʻlsak, unda Markaziy Osiyoni nima kutmoqda?

Shu yilning iyun oyida Urumchida boʻlib oʻtgan «Xitoy – Yevrosiyo» koʻrgazmasida Qozogʻiston Bosh vazirining oʻrinbosari – milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumangarin Xitoy Davlat kengashi Bosh vazirining oʻrinbosari Din Syuesyan bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida Xitoydan Yevropaga quruqlikdagi tranzitning qariyb 85 foizi Qozogʻiston orqali oʻtishi taʼkidlandi. Bu yerda gap Yevropa bozoriga Xitoy eksportining hammasi haqida emas, balki aynan quruqlikdagi yuklar haqida bormoqda.

Yuk oqimining kamayishi Qozogʻistonning tranzit daromadlari sezilarli darajada yoʻqotilishiga olib kelishi mumkin. Bu birinchi iqtisodiy xavfdir.

Ikkinchi xavf shundaki, savdo toʻsiqlari zanjirli reaktsiya orqali Markaziy Osiyo davlatlari eksport qiladigan metallar, uglevodorodlar va qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga boʻlgan talab va narxlarning pasayishiga olib kelishi mumkin. Biroq, bunday stsenariy muqarrar emas: hamma narsa cheklovlar koʻlamiga va Xitoy iqtisodiyotining reaktsiyasiga bogʻliq boʻladi.

YEI va XXR oʻrtasidagi savdo ixtilofi kuchayishining uchinchi xavfi — yuk oqimlarining beqarorligidir.

Toʻrtinchisi — agar Xitoy tovarlarni boshqa bozorlar va yoʻnalishlarga yoʻnaltirishni boshlasa, muqobil transport yoʻlaklarining ehtimoliy haddan tashqari yuklanishi. Eksportning umumiy qisqarishida esa, aksincha, yoʻllarning bir qismining yuklanishi kamayishi mumkin.

Beshinchi iqtisodiy xavf shundaki, Xitoy Yevropa yoʻnalishidagi yoʻqotishlarni qoplashga intilib, mahsulotlarning bir qismini Markaziy Osiyo bozorlariga yoʻnaltirishi mumkin. Bunday holda mahalliy tadbirkorlarning manfaatlari haqiqatan ham zarar koʻrishi mumkin: ular yanada arzon Xitoy tovarlari bilan raqobatlashishlariga toʻgʻri keladi.

Siyosiy xavf ham mavjud. Bryussel va Pekin oʻrtasidagi qarama-qarshilikning kuchayishi Markaziy Osiyo davlatlariga ham Yevropa Ittifoqi, ham Xitoy tomonidan bosimni oshirishi mumkin.

Yana bir bor takrorlaymiz: ish bunday stsenariygacha yetib bormasligi ham mumkin. Biroq, bunday xavf-xatarlarni hisobga olish va ularga hech boʻlmaganda minimal darajada tayyor boʻlish zarur. Pirovardida, bu koʻplab noxush kutilmagan hodisalarning oldini olish imkonini beradi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.