“Manchester Siti” rekord summa evaziga 18 yoshli futbolchini xarid qildi

“Manchester Siti” 18 yoshli futbolchini rekord narxga sotib oldi
Marokashlik yarim himoyachi Ayub Buaddi “Manchester Siti” futbolchisiga aylandi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Siti” 18 yoshli yarim himoyachining transferi uchun 95 million yevro (qo‘shimcha ravishda 5 million yevro bonus) — jami 100 million yevro to‘lagan. Futbolchi klub bilan 2031-yilgacha mo‘ljallangan 5 yillik shartnoma imzoladi.
“ ‘Manchester Siti’ — men uchun dunyodagi eng zo‘r klub. Bu yerda bo‘lish va o‘zimni ‘Siti’ futbolchisi deb atash — ulkan orzu. Eng yaxshi o‘yinchi bo‘lish va cho‘qqiga chiqish uchun butun hayotim davomida qattiq mehnat qildim. Bugungi yutug‘im esa mana shu mehnatlarimning samarasidir”, dedi Buaddi klub matbuot xizmatiga bergan intervyusida.
Buaddining transferi 18 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar orasida mutlaq rekord o‘rnatdi. Bungacha eng yaxshi natija “Manchester Yunayted”ga tegishli edi. “Qizil iblislar” 2024/25-yilgi mavsum boshida Leni Yoro uchun “Lill”ga 62 million yevro to‘lagan. Uchinchi o‘rinni Endrik, to‘rtinchi o‘rinni esa “Chelsi” futbolchisi Estevao egallab turibdi. Shuningdek, Madridning “Real” klubi ham 18 yoshli Franko Mastantuono, Vinisius Junior va Rodrigo uchun 45 million yevrodan to‘lagan holda mazkur ro‘yxatdan joy olgan.
O‘tgan mavsumda Buaddi barcha turnirlarda 42 ta o‘yinda maydonga tushib, bitta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Uning “Lill” bilan amaldagi shartnomasi 2029-yil yoziga qadar mo‘ljallangandi. Transfermarkt portaliga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 80 million yevroni tashkil qiladi.

