Mahalliy

Ma’muriy sudlarda dastlabki eshituv instituti joriy etildi

Shuningdek, ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga ishonchning huquqiy himoyasi prinsipi kiritildi

Ma’muriy sudlarda dastlabki eshituv instituti joriy etildi. Bu haqda 14-avgustda qabul qilingan O‘RQ–1165-sonli Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar ma’lum qiladi.

Ushbu qonunga ko‘ra, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga ishonchning huquqiy himoyasi prinsipi kiritildi va ma’muriy sudlarda dastlabki eshituv instituti joriy etildi.

Dastlabki eshituv ma’muriy organlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ularning mansabdor shaxslarining qonunchilikka zid hamda shaxslarning huquq va manfaatlarini buzuvchi qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi ishni sud muhokamasiga tayyorlash jarayonida o‘tkaziladi.

Sudya dastlabki eshituvni ariza sudga kelib tushgan kundan boshlab 20 kundan kechiktirmay o‘tkazadi. Unda sudya quyidagilarni amalga oshiradi:

* arizachining talablari va javobgarning e’tirozlarini aniqlashtiradi;

* arizadagi kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘radi;

* arizachiga zarur dalillarni, javobgarga esa o‘z fikrini yozma ravishda taqdim etish bo‘yicha tushuntirishlar beradi;

* arizadagi talablar va ishdagi dalillarga dastlabki huquqiy baho beradi.

Dastlabki eshituv natijasiga ko‘ra arizani ko‘rmasdan qoldirish, kelishuv bitimini tasdiqlash yoki ish bo‘yicha sud muhokamasini tayinlash to‘g‘risida ajrim chiqariladi.

Shuningdek, ma’muriy organ mansabdor shaxsi yoki uning vakilining sud majlisida ishtiroki majburiy hisoblanadi. Uzrli sababsiz sudga kelmagan taqdirda, muhokama keyinga qoldirilishi va sud mansabdor shaxsga nisbatan sud jarimasi qo‘llashi mumkin. Biroq, ularning ishtiroki ishni har tomonlama, to‘liq va to‘g‘ri hal qilishga to‘sqinlik qilmasa, ish davlat organi mansabdor shaxsi yoki uning vakili ishtirokisiz ham ko‘rib chiqilishi mumkin.

Qonun bilan iqtisodiy sudlarning ma’muriy boshqaruv tizimini soddalashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar ham kiritildi. Ma’muriy sudlarga esa ma’muriy ishlarni muhokama qilish chog‘ida aniqlangan ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha, jumladan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 180 va 181-moddalarida nazarda tutilgan ishlarini ko‘rib chiqish vakolati berildi.

Bundan tashqari, "Davlat boji to‘g‘risida"gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, ayrim holatlarda davlat bojini to‘liq yoki qisman qaytarish uchun asoslar belgilandi. Ular qatoriga dastlabki eshituv natijasiga ko‘ra arizaning ko‘rmasdan qoldirilishi ham kiritildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.