Mamlakatlar tashqi bozorga eng koʻp qanday mahsulot chiqaradi?
Dunyo mamlakatlarining asosiy eksport mahsulotlari aks ettirilgan yangi xarita eʼlon qilindi. Unda har bir davlat jahon bozoriga eng koʻp qaysi turdagi tovarlarni yetkazib berishi koʻrsatilgan.

Mamlakatlar tashqi bozorga eng koʻp qaysi mahsulotlarni chiqaradi?
Xarita Jahon savdo tashkilotining 2024-yil uchun eʼlon qilingan soʻnggi mavjud maʼlumotlari asosida tayyorlangan.
Statistikaga faqat tovarlar eksporti kiritilgan, xizmatlar eksporti esa hisobga olinmagan.
Maʼlumotlar shuni koʻrsatadiki, mamlakatlarning eksport tarkibi ularning tabiiy resurslari, geografik imkoniyatlari va iqtisodiyot rivojlanish darajasiga qarab keskin farqlanadi.
Xususan, tabiiy resurslarga boy koʻplab davlatlarda neft va gaz asosiy eksport mahsuloti boʻlib qolmoqda. Kanada, Nigeriya va Saudiya Arabistoni jahon neft bozorining yirik ishtirokchilari sanaladi. Jazoir, Rossiya va Qatar eksportida esa ulkan tabiiy gaz zaxiralari muhim oʻrin egallaydi.
Baʼzi mamlakatlarning tashqi savdosi boshqa turdagi qazilma boyliklarga tayanadi. Masalan, Chili va Peru tarixan misning yirik ishlab chiqaruvchilari hisoblanadi. Soʻnggi yillarda bu mamlakatlardagi katta litiy zaxiralari ham jahon bozori uchun strategik ahamiyat kasb etmoqda. Litiyga talabning oshishi, ayniqsa, zamonaviy akkumulyatorlar va elektr transport vositalari sanoatining rivojlanishi bilan bogʻliq.
Avstraliya iqtisodiyotida temir rudasi muhim eksport resurslaridan biri hisoblanadi. Kongo Demokratik Respublikasi esa kobalt va koltan kabi qimmatli foydali qazilmalarning yirik zaxiralari bilan ajralib turadi.
Qishloq xoʻjaligi uchun qulay sharoitga ega mamlakatlarda esa eksportning asosiy qismini oziq-ovqat va agrar mahsulotlar tashkil etadi. Argentina, Braziliya, Misr, Ispaniya va Ukraina shunday davlatlar qatoriga kiradi. Ularda unumdor yerlar va rivojlangan qishloq xoʻjaligi tashqi savdoning muhim manbalaridan biriga aylangan.
Shu bilan birga, vaqt oʻtishi bilan tabiiy resurslarga boy davlatlarning bir qismi faqat xomashyo qazib olish va sotishga asoslangan iqtisodiyotdan bosqichma-bosqich uzoqlashmoqda. Sanoatlashuv va texnologik taraqqiyot mamlakatlarga yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport qilish imkonini bermoqda.
Natijada ayrim iqtisodiyotlarda neft, gaz yoki mineral xomashyo oʻrnini mashinalar, sanoat uskunalari, elektronika va boshqa tayyor mahsulotlar egallab bormoqda. Bu esa mamlakatning eksportdan oladigan daromadini oshirish va iqtisodiyotni xomashyo narxlariga bogʻliqlikdan qisman xalos qilish imkonini beradi.

