Texnologiya

Ma’lumot almashish, moliyaviy savodxonlik, eskirgan yondashuvlardan voz kechish. Ekspertlar — MOda kibertahdidlardan himoyalanish haqida

Toshkentda o‘tgan FinTech forumda ekspertlar Markaziy Osiyo mamlakatlariga kiberxavfsizlik sohasida o‘zaro hamkorlik asosida doimiy ma’lumot almashish va moliyaviy savodxonlikni oshirishga ustuvor ahamiyat berishni, shuningdek, himoyada 'eskirgan yondashuvlardan' voz kechishni tavsiya qildi.

Ma’lumot almashish, moliyaviy savodxonlik, eskirgan yondashuvlardan voz kechish. Ekspertlar — MOda kibertahdidlardan himoyalanish haqida

Markaziy Osiyo davlatlari kiberxavfsizlikda o‘zaro hamkorlikka tayangan holda muntazam ma’lumot almashishga va fuqarolarning moliyaviy savodxonligini oshirishga ustuvor e’tibor qaratishi, shuningdek, himoya mexanizmlarini ishlab chiqishda “eskirgan yondashuvlardan” voz kechib, “bugungi kun voqeligidan kelib chiqib” ish yuritishi maqsadga muvofiq. 24−26-avgust kunlari Toshkentda o‘tgan Silk Road Finance & Technology Forum doirasidagi “SI tezligi darajasidagi ishonch: to‘lov tizimlari xavfsizligini ta’minlash va firibgarlikdan himoyalanish” panelida ekspertlar shu fikrlarni bildirdi.

KPMG Uzbekistan kiberxavfsizlik bo‘yicha rahbari Artyom Saidovning aytishicha, bugun Markaziy Osiyo raqamli transformatsiyaning eng faol bosqichida turibdi. Pul mablag‘larining mamlakat ichida va transchegaraviy harakati tezlashgani kiberjinoyatchilik va firibgarlikdan himoyalanish usullarini sezilarli darajada o‘zgartirdi. Hozir sun’iy intellekt firibgarlar va moliya institutlarining imkoniyatlarini birdek kengaytirmoqda.

Xususan, moliyaviy firibgarlar avtomatlashtirilgan razvedka va keng ko‘lamli murakkab ijtimoiy muhandislikdan foydalansa, moliya institutlari muhim infratuzilmani himoya qilish uchun skoring, xulq-atvor tahlili, risklarni bashorat qiluvchi modellashtirish va avtomatlashtirilgan javob choralariga tayanmoqda. Endilikda ishonch statik muvofiqlikka emas, faol va dinamik barqarorlikka asoslanadi.

O‘zbekiston Markaziy banki departament boshlig‘i Mirzabek Bobojonovga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda raqamli to‘lovlardan foydalanish hajmi tez sur’atlarda oshmoqda. Xususan, mamlakatda raqamli to‘lovlardan foydalanish darajasi 2021-yilda 39 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 72 foizga yetdi. MB vakili bu holatni yangi texnologiyalar va yangi loyihalarni sinab ko‘rishga tayyor yosh aholi bilan izohladi. Raqamli to‘lovlardan foydalanish oshgani sari xavfsizlik masalasi ham yanada dolzarb bo‘lib bormoqda. Shu bois xavfsizlik raqamlashtirish kengayishi bilan bir vaqtda kuchaytirib borilishi kerak.

“Sun’iy intellekt va raqamlashtirishning jadal rivojlanishi, afsuski, mamlakatimizda ayrim xatarlarni ham yuzaga keltirmoqda. Shu bois, xavfsizlik masalasi raqamlashtirish bilan birga kuchaytirilishi kerak deb hisoblayman. MB sifatida biz kiberxavfsizlikni ilg‘or tajribalar asosida, eng so‘nggi xalqaro standartlar va siyosatlar bilan tartibga solishga harakat qilyapmiz”, — deydi Bobojonov.

Regulyator vakilining ta’kidlashicha, nazorat qilishda muvofiqlikka asoslangan yondashuvdan risklarni boshqarishga asoslangan yondashuvga o‘tish — hozir MB amalga oshirayotgan eng muhim o‘zgarishdir. Kibertahdidlar tabiati kundan-kunga o‘zgarib borayotganini hisobga olib, MB bu borada kiberxavflarga tayanib ish ko‘rmoqda. Bobojonov MB yaqinda raqamlashtirish bo‘yicha loyihani yakunlab, uning doirasida bir nechta hujjatlar ishlab chiqqanini ma’lum qildi.

“Shulardan biri — bank sektori uchun kiberxavfsizlik strategiyasi. Ikkinchisi — tijorat banklari va to‘lov tashkilotlarining yetuklik darajasiga asoslangan risklarni baholash metodologiyasi. Asosiy e’tiborni kibertahdidlar va firibgarlikka uchrashi xavfi yuqori bo‘lgan muassasalarga qaratishni rejalashtiryapmiz. Chunki barcha tashkilotlarni qamrab ololmaymiz, har birini borib tekshirishning imkoni yo‘q. Shuning uchun risk darajasi (yuqori, o‘rta yoki past) va tashkilotning yetuklik darajasi diqqat markazimizda bo‘ladi”, — deya tushuntirdi u.

Bobojonovning so‘zlariga ko‘ra, MB yangi kiberxavfsizlik tizimini ishlab chiqqan va uni kelgusi yildan ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Uning aytishicha, yangi tizim butunlay boshqacha nazorat talablarini o‘z ichiga oladi.

“Biz har bir tashkilotning yetuklik va risk darajasini nazorat qilamiz, asosiy e’tiborni shularga qaratamiz. Unda yetuklikning to‘rtta darajasi bo‘ladi. Masalan, tizimli ahamiyatga ega banklar eng qat’iy qoidalarga amal qilishi kerak bo‘ladi. Mijozlari unchalik ko‘p bo‘lmagan, raqamlashtirish darajasi past banklar esa biz belgilagan eng minimal talablarni bajaradi”, — dedi u.

Mirzabek Bobojonovning aytishicha, sohada “tahdidlar landshafti ham o‘zgarib bormoqda”. Endilikda nafaqat bank infratuzilmasiga hujumlar, balki ijtimoiy muhandislik, fishing hujumlari va akkauntlarni egallab olish holatlari ham tobora ko‘paymoqda.

Joriy yil boshidan beri tijorat banklari va to‘lov tashkilotlari tomonidan 18 millionga yaqin shubhali tranzaksiya to‘xtatib qolingan. Bobojonovning ta’kidlashicha, bu moliya tashkilotlariga nisbatan sun’iy intellektga asoslangan firibgarlikka qarshi kurashish tizimiga ega bo‘lish talabi qo‘yilgani bilan bog‘liq.

“Shunga qaramay, fuqarolarning moliyaviy savodxonligi pastligi sabab bu firibgarlarga qarshi 100 foizlik himoyani ta’minlaydi degani emas. Shu sababli, har bir kishi yanada ehtiyotkor bo‘lishi kerak, chunki tahdidlar, hujumchilar yoki firibgarlar qo‘llaydigan usullar kundan-kunga o‘zgarib bormoqda. Shuning uchun biz yangi hujumlar yoki firibgarlik holatlariga doim tayyor turishimiz kerak”, — deya qayd etdi u.

Visa kompaniyasining Konsalting va tahlil bo‘yicha katta direktori Nikolay Bernshteyn firibgarliklarning oldini olishda risklarni to‘g‘ri boshqarish va inson omili markaziy o‘rin tutishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kiberhujumlar zanjiridagi eng zaif bo‘g‘in — inson. Firibgarlar odamlar ishonchidan foydalanadi. Qolaversa, raqamli to‘lovlar hajmi oshgani sayin kiberxavflar maydoni va risklar ham kengayib boradi.

“Asosiy muammo ham aynan shunda. Ya’ni, gap ishonchda emas, balki biz — barcha xizmat ko‘rsatuvchilar, emitentlar, tarmoqlar va boshqalar — o‘z zimmamizga olishimiz kerak bo‘lgan risklarda. Va biz bu risklarni to‘g‘ri boshqarishimiz lozim, — dedi Bernshteyn. — Bugungi kunda ekotizim duch kelayotgan asosiy muammo va qiyinchiliklar to‘lov tizimlari yoki ekotizimning o‘ziga bog‘liq emas. Bu ko‘proq eng zaif bo‘g‘inga, ya’ni shu yerda o‘tirgan biz — insonlarga bog‘liq. Bundan kelib chiqadigan asosiy xulosa shuki, biz mijozlarimizning moliyaviy savodxonligi va xabardorligini oshirishga jiddiy e’tibor qaratishimiz kerak”.

“Ipak Yo‘li Bank” Bosh ijrochi direktori Umid Hakimov Ichki ishlar vazirligining rasmiy statistikasiga tayanib, so‘nggi besh yil ichida kiberjinoyatlar soni 4800 tadan 62 000 dan ziyodgacha oshganini ma’lum qildi. Shu davrda jismoniy shaxslar va kompaniyalarning tan olingan umumiy yo‘qotishlari 3,8 trln so‘mdan oshgan. Umid Hakimov buni “juda katta raqam” deb atab, ushbu summaning taxminan yarmi 2025-yilga to‘g‘ri kelganini aytdi.

Umid Hakimov shu o‘rinda ikki jihatga e’tibor qaratdi.

“Birinchidan, moliyaviy savodxonlik, ya’ni odamlarni o‘qitish, xabardorligini oshirish kerak. Chunki [raqamli to‘lovlardan] foydalanish darajasi 39 foizdan 72 foizga oshgani shuni anglatadiki, [raqamli] to‘lov tizimidan birinchi marta foydalanayotgan yangi foydalanuvchilar soni juda ko‘p. Demak, ular xavfsizlik, ma’lumotlarni himoya qilish va hokazolar bo‘yicha boshlang‘ich bilimlarga ega emas”, — deya tushuntirdi u.

Ikkinchi jihat, Hakimovga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyotining eng katta qismini tashkil etuvchi kichik va o‘rta biznesning kibertahdidlar oldida zaifligidir.

“Ko‘pincha kichik va o‘rta biznes kompaniyalarining shtatida axborot texnologiyalari yoki kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar bo‘lmaydi. Bu esa butun mas’uliyatni nomutanosib ravishda tijorat banklari zimmasiga yuklaydi. Banklar kichik va o‘rta biznes mijozlari tomonidan kelayotgan ma’lumotlarni himoya qilish va ularning xatolarini tuzatish uchun o‘z kiberxavfsizlik tizimlarida tegishli choralarni joriy etish orqali bu masalaga e’tibor qaratmoqda”, — dedi Umid Hakimov.

Markaziy Osiyo davlatlari uchun qimmatga tushishi mumkin bo‘lgan xatolarga to‘xtalar ekan, Visa kompaniyasi vakili Nikolay Bernshteyn firibgarlarga kiberhujumlarning yangi usullarini o‘ylab topish va yaratish uchun daqiqalar yetarli ekanini, ularga qarshi himoya mexanizmlarini ishlab chiqish esa hali ham “eskirgan yondashuvlar” asosidagi tashkiliy va byurokratik jarayonlar sabab vaqt olayotganini qayd etdi.

“Hozirgi kunda ijtimoiy muhandislik juda osonlashib ketgan. Foydalanuvchilarni fishing orqali aldash uchun soxta elektron xatlar yaratishga bir necha daqiqa kifoya qiladi. Yakuniy foydalanuvchilar va mijozlarga hujum qilish uchun ma’lum bir zararli dasturlarni yaratishga ham daqiqalar, soniyalar yetarli, shunday emasmi? Yoki dipfeyklar — hozir ularni yaratish va nusxalash ham juda oson. Bu unchalik katta mahorat talab qilmaydi”, — deya ta’kidladi Bernshteyn.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy muhandislik orqali kiberhujumlar usullarini biroz vaqt sarflab, sun’iy intellektning o‘zidan foydalanib o‘rganish mumkin. Savollar to‘g‘ri berilsa, mavjud modellarning o‘zi ta’lim maqsadlarida buni qanday yaratishni tushuntirib beradi. Ayni paytda, himoya tomoni, Bernshteynning qayd etishicha, bugungi kun voqeligiga qarab emas, eskirgan yondashuv asosida ish ko‘rishda davom etmoqda.

“Dunyo miqyosidagi asosiy muammo shundaki, ko‘plab banklar, kompaniyalar va hatto nazorat qiluvchi organlar ham himoyani bugungi kun voqeligiga qarab emas, eskirgan yondashuv asosida qurmoqda. Albatta, nazorat qiluvchi organlarga yangiliklarni joriy qilish uchun vaqt kerak, chunki qoidalarni o‘rnatish uchun bitta tugmani bosish kifoya emas. Bu ma’lum bir tasdiqlash zanjiridan o‘tishi va hokazolar talab etadi. Lekin biz tezroq javob qaytara olishimiz, ya’ni emitentlar, banklar bunga faqat tartibga soluvchi talab sifatida qaramasdan, kiberxavfsizlikka to‘g‘ri sarmoya kiritishi uchun yuqori rahbariyatning qo‘llab-quvvatlashi zarur”, — deya tushuntirdi mutaxassis.

Uning so‘zlariga ko‘ra, firibgarlikni sun’iy intellekt yordamida osonlik bilan bartaraf etish mumkin.

“Inson katta hajmdagi ma’lumotlarni nazorat qilishi jismonan imkonsiz bo‘lgan holatlar bor, sun’iy intellekt esa buni millisoniyalar ichida bajaradi. Masalan, biz — Visa — milliardlab to‘lovlarni qayta ishlaymiz. Va o‘z ko‘nikmalarimizga, sun’iy intellekt borasidagi bilimlarimizga tayanib, bu qonuniy to‘lovmi yoki yo‘qmi, xavfsiz to‘lovmi yoki yo‘qmi, degan qarorni real vaqt rejimida qabul qilishimiz kerak. Javob berishimiz uchun esa atigi millisoniyalar bor”, — dedi Bernshteyn.

Shunga qaramay, mutaxassis “sun’iy intellekt hamma dardga davo emasligini” eslatdi. Unga sarmoya kiritish, o‘rganish, keyin uni tashkilotning ichki jarayonlariga moslashtirish uchun vaqt talab etiladi. Umuman, kibertahdidlarga qarshi kurashda aholining moliyaviy savodxonligini oshirish va moliya tashkilotlarining samarali himoya mexanizmlarini ishlab chiqishi birdek muhim.

“Asaka Bank” Axborot xavfsizligi departamenti direktori Zohir Mirzayev ham bugungi kunda kiberhujumlarga tezkor javob qaytarish muhimligini tasdiqladi.

“Hujumlarni aniqlash uchun ilgari 6 soatdan 12 soatgacha vaqt talab etilardi. Afsuski, hozirga kelib bu vaqt keskin qisqardi va qisqarishda davom etmoqda. Bugun agar siz hujumni bir yarim yoki yarim soat ichida aniqlay olmasangiz, tajovuzkor tizimingizni buzib kirishi mumkin… Bugungi kunda shunchaki buzib kirishni aniqlash emas, balki o‘sha zaifliklarni o‘z vaqtida xavfsiz tarzda aniqlash va bartaraf etish muhim”, — deya ta’kidladi u.

Shu sababli, Mirzayevning aytishicha, hozirda sun’iy intellekt axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida katta yordamchiga aylangan. Sun’iy intellekt resurs va vaqt borasidagi to‘siqlarni sezilarli darajada kamaytirish, shu bilan birga ilovani testdan o‘tkazish, zaifliklarni topish va bularning barchasini o‘z vaqtida bartaraf etishga katta yordam beradi.

Muhokamalar yakunida Markaziy Osiyo moliya sektori kelgusi bir yilda to‘lovlarga nisbatan ishonchni saqlab qolish uchun qaysi yo‘nalishni rivojlantirishi kerak — qobiliyat, texnologiya, boshqaruv yoki hamkorlik, degan savol qo‘yildi. Mutaxassislar bir ovozdan o‘zaro hamkorlik ustuvor ahamiyatga ega ekanini ta’kidlashdi.

“Agar bittasini tanlash kerak bo‘lsa, men hamkorlikni tanlagan bo‘lardim. Chunki firibgarlik va kiberjinoyat holatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida ulashish moliyaviy tashkilotlarga juda katta yordam beradi. Hech bir bank, tartibga soluvchi organ yoki boshqa provayder real vaqt rejimida sodir bo‘layotgan hujumlar yoki firibgarliklarga yolg‘iz o‘zi qarshi tura olmaydi. Shu sababli, hozirgi kunda tajriba va ma’lumot almashish juda muhim”, — dedi MB vakili Mirzabek Bobojonov.

Visa vakili Nikolay Bernshteyn kiberxavfsizlik sohasida tajriba almashish shart ekanini ta’kidladi. Uning firibgarlarni misol keltirib, ular o‘z ekotizimlarini, o‘z tizimlarida nima ish berishi, nima ish bermasligini, umuman tajribalarini o‘zaro bo‘lishishini aytdi.

“Kiberxavfsizlikda biz ham shunday qilishimiz kerak. Bu „kerak“ emas, balki „shart“. Aks holda, muvaffaqiyatga erisha olmaymiz. Shunday holatlar borki, ko‘plab banklar, emitentlar yoki hatto nazorat qiluvchi organlar ham ma’lumot ulashishni xohlamaydi. Buni tushunaman. Lekin, ayni paytda, tasavvur qiling, men X bankining axborot xavfsizligi bo‘yicha boshlig‘iman va Y bankiga hujum bo‘layotganini bilaman. Demak, men tayyor turaman. U yerda nima bo‘layotganidan xabardor bo‘laman”, — deya tushuntirdi u.

Bernshteyn Skandinaviya mamlakatlari misolida orttirgan tajribasiga tayanib aytishicha, bir bank hujumga uchrasa, bir necha soat yoki bir necha kun ichida boshqa bir bankka ham hujum qilinadi. Bunda birinchi hujum boshqa banklarni ehtimoliy hujumga tayyor turishga undaydi.

“Shunday ekan, ma’lumot almashish jamiyat uchun, ayniqsa, yopiq doiralarda juda muhim. Hatto ba’zan ma’lumotni oshkor qilmaslik to‘g‘risidagi qat’iy kelishuv asosida bo‘lsa ham. Ya’ni, agar men ma’lumot ulashsam, bu, hatto nazorat qiluvchi organ tomonidan ham, menga qarshi ishlatilmaydi degani. Shu bilan birga, agar men himoyalanish uchun qanday yo‘l tutganimni boshqalar bilan bo‘lishsam, boshqa banklar ham o‘z manfaatlari yo‘lida xuddi shunday yo‘l tutishi mumkin”, — dedi mutaxassis.

“Asaka Bank” vakili Zohir Mirzayev ma’lumot va tajriba almashishning ahamiyati haqidagi fikrlarni qo‘llab-quvvatlab, bu jarayon allaqachon boshlanganini, kelgusida esa yanada takomillashib, banklar o‘rtasidagi barcha axborot almashinuvi avtomatik tarzda yo‘lga qo‘yilishiga ishonch bildirdi.

Shu bilan birga, banklar faoliyatida shaffoflik va foydalanuvchilar orasidagi kibergigiyena ham muhim ekanini qayd etdi.

“Banklar o‘z mijozlari uchun shaffof bo‘lishi, kibergigiyena haqida ko‘proq ma’lumot berib borishi lozim. Buni maktablardan, institutlardan boshlash kerak. Odamlar o‘z ilovalaridan qanday to‘g‘ri foydalanishni, shaxsiy ma’lumotlari biror joyga chiqib ketmasligi uchun ularni qanday tasarruf etishni va har xil begona dasturlarni o‘rnatmaslik kerakligini tushunishlari zarur”, — dedi Zohir Mirzayev. — “90 foiz himoya — bu dasturiy ilovadan to‘g‘ri foydalanish, qolgan 10 foizini esa bank ta’minlaydi. Shu bois, eng asosiysi — o‘z mijozlari uchun ochiqlik va shaffoflikdir”.

Muhokamalarga yakun yasar ekan, Artyom Saidov hamkasblarining mulohazalarini tasdiqlab, ma’lumot almashish hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

“Barqarorlikka asoslanmagan tezlik bu — tizimli zaiflik demak. Ma’lumot almashish ustuvor ahamiyatga ega. Ishonch — raqamli iqtisodiyotning „valyutasi“ va sun’iy intellekt davrida bu ishonchni mustahkamlash Markaziy Osiyo moliya sohasining kelajagini belgilab beradi”, — deya xulosa qildi u.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.