Malayziya klubi ketma-ket g‘alabalar soni bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatdi

Malayziyaning "Johor" futbol klubi mamlakat chempionatlarida ketma-ket g'alabalar soni bo'yicha yangi jahon rekordini o'rnatdi.
Jamoa Malayziya Superligasining 1-turida "Kuching Siti"ni 3:0 hisobida mag'lub etib, o'zining ketma-ket 109-g'alabasini qo'lga kiritdi. Bu natija bilan "Johor" Kot-d'Ivuarning "ASEC Mimozas" klubiga tegishli bo'lgan va 1994-yilda yakunlangan 108 o'yinlik g'alabali seriyasini ortda qoldirdi.
"Johor" Malayziya chempionatidagi umumiy g'alabalar soni bo'yicha ham mutlaq rekordchi hisoblanadi. Klub turnirda 12 marta g'olib chiqqan va ketma-ket 12 mavsum davomida chempionlikni qo'lga kiritgan.
Ma'lumot uchun, klubning to'liq nomi "Johor Darul Ta'zim" bo'lib, u Malayziyaning Johor Bahru shahrida tashkil etilgan. Jamoa 2013-yilda hozirgi nomini olgan va Johor valiahd shahzodasi Tunku Ismoil Idrisga tegishli.
"JDT" 2014-yilda xorvatiyalik murabbiy Boyan Xodak boshqaruvida ilk bor Malayziya chempionligini qo'lga kiritgan. 2015-yilda argentinalik mutaxassis Mario Gomes qo'l ostida jamoa Malayziya Superligasi va OFK Kubogida g'olib chiqdi. Shu tariqa "Johor" OFK Kubogini yutib, qit'a miqyosidagi sovrinni qo'lga kiritgan ilk Malayziya klubiga aylandi.
2014-yildan 2026-yilgacha bo'lgan davrda jamoa 12 mavsum ketma-ket Malayziya chempioni bo'ldi. Bungacha mamlakatda hech bir jamoa 1982-yilda liga tizimi joriy etilganidan buyon chempionlikni ikki martadan ortiq ketma-ket qo'lga kirita olmagan edi.
"Johor Darul Ta'zim" uy uchrashuvlarini 40 ming tomoshabinga mo'ljallangan "Sulton Ibrohim" stadionida o'tkazadi.

