Malavi muxolifati prezidentning xorijda uzoq vaqt qolib ketgani yuzasidan tushuntirish talab qilmoqda
Bu prezident Piter Mutarikaning janubiy Afrikaga shu yildagi beshinchi tashrifidir.

Malavi muxolifati prezidentning xorijda uzoq vaqt qolib ketayotgani yuzasidan tushuntirish talab qilmoqda
Bu Prezident Piter Mutarikaning JARga joriy yildagi beshinchi tashrifidir
Malavi muxolifati, mamlakat yonilgʻi tanqisligi, elektr uzilishlari va iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelayotgan bir paytda, Prezident Piter Mutarikaning Janubiy Afrika Respublikasida uzoq vaqt qolib ketayotgani yuzasidan tushuntirish talab qildi.
86 yoshli Mutarika 6 oktyabr kuni Malavini tark etgan boʻlib, rasmiylar buni shaxsiy tashrif deb atagan edi. Bu uning joriy yildagi beshinchi safari boʻlib, ularning har biri haqida faqat cheklangan tafsilotlar oshkor qilingan.
"Malavi hal qiluvchi paytni boshdan kechirmoqda va qatʼiy harakatlar zarur", dedi muxolifatdagi Malavi Kongressi partiyasi (MKP).
Axborot vaziri Shadrik Namalomba Mutarikaning yoʻqligi rahbariyatda boʻshliqni keltirib chiqardi degan daʼvolarni rad etdi.
Mutarika oʻtgan yilning oktyabr oyida oʻsha paytdagi prezident Lazarus Chakverani magʻlub etgach, oʻz lavozimiga qaytgan edi.
U ilgari 2014 yildan 2020 yilgacha Malavini boshqargan.
Uning navbatdagi yoʻqligi va Janubiy Afrikaga tez-tez amalga oshirayotgan safarlari jamoatchilik eʼtiborini tobora koʻproq tortmoqda.
Payshanba kuni MKP kampaniyasi direktori Mozes Kunkuyu poytaxt Lilongveda jurnalistlarga muxolifat prezidentning shaxsiy sabablarga koʻra sayohat qilish huquqiga qarshi chiqmayotganini, ammo Vitse-prezident Jeyn Ansaning mamlakatdagi ortib borayotgan muammolar boʻyicha xalqqa murojaat qilishini xohlashini aytdi.
Uning taʼkidlashicha, Malavi xalqi mamlakatni kim boshqarayotganini bilishga haqli.
"Muammo prezidentning safarda ekanida emas", dedi u. "Muammo shundaki, odamlar qiynalmoqda va kimdir vaziyatni nazorat qilayotganiga ishonch hosil qilishni xohlaydi."
U hukumatni davom etayotgan yonilgʻi tanqisligi, muntazam elektr uzilishlari, davlat shifoxonalarida zarur dori-darmonlar yetishmovchiligi va xorijiy valyuta olishdagi muammolarni qanday hal qilishni rejalashtirayotganiga aniqlik kiritishga chaqirdi.
Axborot vaziri mahalliy ommaviy axborot vositalariga "davlat prezidenti har doim, hamma joyda nazoratni qoʻlda tutadi" deb javob berdi va prezident hali ham hukumat ishlarini toʻliq nazorat qilayotganini taʼkidladi.
Safar sababi haqida soʻralganda, vazir: "Shaxsiy safar bu — shaxsiy safar", dedi.
U muxolifatni avvalgi boshqaruv davrida yuzaga kelgani aytilgan muammolardan foydalanishga urinishda aybladi.
"Shu sababli ham malaviliklar ularga emas, bizga ovoz berib, hukumatga keltirishdi. Ulardan, oʻzlari tomonidan achinchli tarzda yaratilgan va hal etilmagan muammolarni hal qilayotganimizda, jim turishlarini soʻragan boʻlardim", deya qoʻshimcha qildi u.
Payshanba kuni Mutarika savdo vaziriga Zimbabveda boʻlib oʻtadigan Sharqiy va Janubiy Afrika umumiy bozori (Comesa) sammitida Malavi delegatsiyasiga boshchilik qilishni topshirdi.
Oy boshida rasmiylar Mutarikaning Janubiy Afrikadan Hindistonga tibbiy yordam olish uchun ketgani haqidagi ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarni rad etgan edi.
Hukumat bosh kotibi Jastin Saidi prezident hali ham Janubiy Afrikada ekanini aytdi va jamoatchilikni tasdiqlanmagan daʼvolarni tarqatmaslikka chaqirdi.
Mutarika ilgari oʻz sogʻligʻi haqidagi taxminlarni rad etib, bunday daʼvolarni "esipastlik va kulgili" deb atagan hamda oʻzini yaxshi his qilayotganini aytgan edi.
Malavi jiddiy xorijiy valyuta tanqisligiga duch kelmoqda, bu esa yonilgʻi importini izdan chiqardi va transport xarajatlarini oshirib yubordi.
Zapravkalarda uzun navbatlar paydo boʻlgan, ishonchsiz elektr taʼminoti va dori-darmon tanqisligi esa aholining noroziligini yanada chuqurlashtirgan.

