Maktab boshlanguniga qadar farzandlar bilan tomosha qilishga arziydigan 5 ta mazmunli multfilm

Maktab boshlanishiga oz qolganida farzandlar bilan birga ko‘rishga arziydigan 5 ta ma’noli multfilm
Yozgi ta’tilning so‘nggi kunlari yakunlanib bormoqda, bolalar esa yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Bu davrda ota-onalar uchun eng muhim masalalardan biri – farzandlariga foydali, tarbiyaviy va shu bilan birga qiziqarli mashg‘ulot topishdir. Kitob o‘qish, o‘yinlar o‘ynash bilan bir qatorda, ma’noli multfilmlar tomosha qilish ham bolaning dunyoqarashini boyitadi, tasavvurini kengaytiradi va ularni maktab hayotiga ruhan tayyorlaydi.
**“Vall-I” (2008)**
Ushbu animatsion filmda insoniyat Yerni tark etib, kosmosga uchib ketadi. Kichkina Vall-I esa sayyorani axlatdan tozalaydigan yagona robotga aylanadi. Biroq robot uni kelajakda qanday voqealar kutayotganini bilmaydi. Multfilm davomida Vall-I yangi do‘stlar bilan uchrashadi, kosmosga uchadi va hatto “Aksioma” layneri orqali Yerni tark etgan insonlarni ortga qaytaradi. Shuningdek, Vall-I Yerga insoniyat uchun ushbu sayyora yaroqliligini tekshirish uchun yuborilgan boshqa robot – Evani sevib qoladi.
**“Qalb” (2020)**
“Qalb” multfilmining bosh qahramoni – jazz ijrochisi sifatida yorqin karyeraga ega bo‘lishni maqsad qilgan musiqa o‘qituvchisi Jo Gardnerdir. Tasodifan unda ajoyib imkoniyat – eng taniqli saksofonchi bilan bir sahnada musiqa ijro etish paydo bo‘ladi. Afsuski, aynan o‘sha kuni kutilmagan hodisa ro‘y beradi – Jo vafot etadi. Qahramon yashashga bo‘lgan istagi bilan o‘limga qarshi kurashishga, ruhini o‘z tanasiga qaytarishga urinadi. Hayot uchun kurash tasvirlangan o‘lim haqidagi “Qalb” multfilmida yer yuzi va narigi dunyoni tasvirlashda ramziy ma’noga alohida e’tibor qaratilgan. Multfilm mualliflari bu orqali hayotdan ma’no o‘tkinchi “kasb”ni egallash emas, balki shunchaki yashamoqlikdir, demoqchi bo‘lgan.
**“Boshqotirma” (2015)**
Multfilm oilasi to‘satdan ona shahri Minnesotadan San-Fransiskoga ko‘chib o‘tganda qiyinchilikni boshdan kechirayotgan 11 yoshli Rayli haqidadir. Unda Raylining ongida ro‘y berayotgan voqealar va qahramonlar tilga kiradi. Rejissyor Pit Dokter ushbu loyihada insoniyatning hissiyotlar dunyosiga ko‘proq e’tibor qaratadi. Raylining ichida quvonch, qayg‘u, nafrat, g‘azab va qo‘rquv hislari o‘zaro so‘zlashadi va qahramon hayotini qisman boshqaradi.
**“Boshqotirma-2” (2024)**
Hayotda har birimiz duch keladigan his-tuyg‘ular haqidagi hikoyaning davomida ham xuddi o‘sha qahramonlar ekranda gavdalanadi, ammo endilikda oradan ikki yil o‘tgan va Rayli 13 yoshda bo‘ladi. Atigi bir kunda qizning shaxsiyatidagi asosiy his-tuyg‘ulari – quvonch, qayg‘u, g‘azab, qo‘rquv va jirkanishning kundalik tarzi o‘zgarib ketadi. Ertalab Rayli boshqa odam bo‘lib uyg‘onadi. Endi uning yuzida barcha o‘smirlarga xos bo‘lgan husnbuzarlar bilan birga norozilikning o‘ziga xos ifodasi bor. O‘smirlik Rayliga tashvish tufayli boshqa yana bir nechta his-tuyg‘ularni taqdim etadi.
**“Leo” (2023)**
Bosh qahramon – o‘rta maktab biologiya xonasining terrariumida yashovchi kichik kaltakesakdir. Leo ismli kaltakesak ko‘p yillar davomida ozod bo‘lishni va sahroda yashashni orzu qiladi. Biroq kunlarning birida uning bor-yo‘g‘i bir yil umri qolganini bilib oladi. Leo shunda zudlik bilan yillar orzu qilgan rejasini amalga oshirishga qaror qiladi. O‘quvchilarga biologiya xonasida yashovchi barcha jonzotlarni uyga olib ketishga ruxsat beriladi. Ayni paytda Leo tasodifan gapirish qobiliyatini bolalarga oshkor qiladi hamda ular bilan muloqot qilib, o‘quvchilarga atrofdagi dunyoni yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Shunday paytda bosh qahramon umrida birinchi marta o‘zini baxtli va kimgadir kerakli his qiladi.

