Makron insoniyatni SI borasida «dahshatli xato»ga yoʻl qoʻymaslikka chaqirdi
Emmanuel Makron insoniyat sunʼiy intellekt bilan bogʻliq dahshatli xatoga qanday qilib yoʻl qoʻymasligi mumkinligini soʻzlab berdi.

Makron insoniyatni SI bo‘yicha «dahshatli xato»dan ogohlantirdi
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bepul platformalar hamda generativ sun’iy intellektning (SI) kinematografiyaga tahdidi haqida gapirar ekan, agar SI ijodkorlar o‘rnini egallashga da’vo qilsa, bu juda katta xato bo‘lishini aytdi.
U janubiy koreyalik hamkasbi Li Chje Myon bilan birga «Lyumer sammiti»ning ochilishida nutq so‘zladi.
«Agar hisoblash qudrati ijodiy qudratga aylanishi mumkin deb o‘ylasak, dahshatli xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lamiz. U ijod deb ataladigan narsaga taqlid qilishi mumkin. Ammo u hech qachon inson ijodining mutlaq o‘ziga xosligini almashtira olmaydi. Unda faqat uning ko‘rinishi bor, xolos», – dedi Makron.
Fransiya prezidentining aytishicha, sun’iy intellekt «bizga xos bo‘lgan hissiyotni ma’lum ma’noda taqlid qiladi, xolos». U «ushbu sun’iy intellektni ijodkorlik xizmatiga qo‘yish» vazifasini zamonamizning yana bir chaqirig‘i deb atadi va SI texnologiyalari ustidan «nazoratni qaytarishga» chaqirdi, biroq aniq choralarni taklif etmadi.
«Biz sun’iy intellekt yanada mas’uliyatli va inson manfaatlariga ko‘proq urg‘u bergan holda rivojlanadigan davrni boshlashimiz kerak», – dedi o‘z navbatida Li Chje Myon.
Fevral oyida Makron videoo‘yinlar va sun’iy intellekt sabab yoshlarning ruhiy salomatligiga oid xavflarni o‘rganishni taklif qilgan va cheklovlar bo‘lishi mumkinligini ham istisno qilmagan edi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, chat-botlar inson xulq-atvori va hamdardligiga taqlid qiladi, «do‘stlardek muloqot qiladi» va bu «salbiy oqibatlarga olib kelishi» hamda yoshlarning «yakkalanib qolishini» kuchaytirishi mumkin.
Shuningdek, Fransiya yetakchisi sun’iy intellekt yordamida yaratilgan kontentni «SI tomonidan yaratilgan» degan majburiy belgi bilan tamg‘alashni taklif qilgan. «Buni amalga oshirishga imkon beradigan Yevropa meyoriy hujjatlari bizda bor. Men Yevrokomissiyadan bu talabni qat’iy so‘rayman va undan chekinmayman», – degan edi u o‘shanda.

