“Madaniy merosni millat bilan emas, qadriyat bilan o‘lchaylik”. Madaniy meros agentligi Alisher Qodirovning eʼtirozlariga yana javob qaytardi

“Madaniy merosni millat bilan emas, qadriyat bilan o‘lchaylik”. Madaniy meros agentligi Alisher Qodirovning eʼtirozlariga yana javob berdi
Madaniy meros agentligi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi, deputat Alisher Qodirovning madaniy meros obyektlarining holati haqidagi eʼtirozlariga yana munosabat bildirdi.
Agentlikning maʼlum qilishicha, Qodirov Sarmishsoydan tashqari tilga olgan obyektlar va ko‘targan masalalar bo‘yicha avval partiya yoki fraksiya nomidan rasmiy deputatlik so‘rovi kelib tushmagan.
Sarmishsoy bo‘yicha esa 2025-yilda Alisher Qodirov boshchiligidagi ishchi guruh o‘rganish o‘tkazgani aytildi. Shu o‘rganish natijalariga ko‘ra, deputat K.Tojiyev agentlik direktoriga deputatlik so‘rovi kiritgan va unga belgilangan tartibda rasmiy javob berilgan.
Mizdahqon, Shohi Zinda, Buxorodagi Qurʼon qo‘lyozmasi va Mingtepa bo‘yicha ham ilgari rasmiy deputatlik so‘rovi bo‘lmagani bildirildi. Shunga qaramay, agentlik bu masalalar yuzasidan jamoatchilikka maʼlumot berganini qayd etdi.
### Sarmishsoyga 4,2 mlrd so‘m budjet mablag‘i yo‘naltirilgan
Agentlikka ko‘ra, Sarmishsoyda madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, tashrif buyuruvchilar uchun sharoit yaratish va turistik infratuzilmani rivojlantirish uchun davlat budjetidan 4,2 mlrd so‘m ajratilgan.
Bu mablag‘lar hisobiga ikkita kirish darvozasi, axborot markazlari, petrogliflarga olib boruvchi 2,5 kilometrlik piyoda yo‘lagi, beshta soyabon, avtoturargoh, quyosh energiyasida ishlovchi tungi yoritish tizimi, videokuzatuv kameralari va boshqa infratuzilma obyektlari barpo etilgan.
Bundan tashqari, agentlik jamg‘armasidan yana 1,2 mlrd so‘m ajratilgan. Ushbu mablag‘ evaziga tashrif buyuruvchilar markazi va dara boshlanish qismida nazorat punkti tashkil etilmoqda.
Shu asosda agentlik “Sarmishsoyga milliardlab mablag‘ sarflandi, ammo agentlik hech qanday ish qilmadi” degan xulosa amalga oshirilgan ishlar va ajratilgan mablag‘lar bilan tasdiqlanmasligini bildirdi.
### Mizdahqon va Shohi Zinda bo‘yicha izoh
Mizdahqon majmuasida 2017-yilda davlat byudjetidan 800 mln so‘m ajratilib, Mazlumxon Suluv, Madaminxon, Qirq cho‘pon va Shomun Nabiy maqbaralarida taʼmirlash-restavratsiya ishlari bajarilgan. 2024-yilda Mazlumxon Suluv maqbarasiga yana 290 mln so‘m yo‘naltirilgan. Rajab Xalifa masjid-maqbarasida konservatsiya va arxeologik tadqiqotlar o‘tkazish uchun 80 ming dollarlik grant jalb qilingan.
Shohi Zinda majmuasining kirish peshtoqi 2022—2023-yillarda Polsha mutaxassislari ishtirokida o‘rganilgan. Agentlikka ko‘ra, peshtoqning vertikal o‘qqa nisbatan og‘ishi avvaldan mavjud bo‘lib, qayta o‘lchovlarda yangi sezilarli deformatsiya aniqlanmagan.
Xususan, dastlabki o‘lchovlarda chap tomonda 46 santimetr, o‘ng tomonda 31 santimetr og‘ish qayd etilgan. Qiyosiy o‘lchovlarda esa chap tomondagi og‘ish 4 millimetrga, o‘ng tomondagi og‘ish taxminan 8 millimetrga kamaygan.
### Buxorodagi Qurʼon qo‘lyozmasi qayerda saqlanmoqda?
Agentlik Alisher Qodirov tilga olgan Qurʼon qo‘lyozmasi “Buxoro” davlat muzey-qo‘riqxonasining Ark qo‘rg‘oni birinchi qavatidagi fond saqlash xonasida saqlanayotganini maʼlum qildi.
Qo‘lyozmaning holatini barqarorlashtirish, uni konservatsiya qilish va zarur restavratsiya ishlarini tashkil etish uchun xalqaro mutaxassislarni jalb etish rejalashtirilgan. Jumladan, mutaxassis Aksel Delonini jalb qilish bo‘yicha tashkiliy ishlar olib borilmoqda. U 2023-yilda O‘zbekiston—Fransiya hamkorligi doirasida Katta Langar Qurʼonining ayrim sahifalarini restavratsiya qilish ishlarida ham qatnashgan.
### Mingtepadagi yerlar masalasiga ham munosabat bildirildi
Agentlik Mingtepa atrofidagi ayrim yerlar 2006-yilda, obyekt 2019-yilda milliy ro‘yxatga kiritilishidan oldin bog‘ va uzumzorlar tashkil etish uchun ajratilganini bildirdi.
Jumladan, 1,12 gektar yer bir fuqaroga 50 yil muddatga ijaraga berilgan, yana 26 gektar yer 21 nafar fuqaroga ajratilgan.
2020-yilda Marhamat tumani hokimligidan bog‘ va uzumzorlardan foydalanuvchilarga muqobil yer ajratish masalasida amaliy yordam ko‘rsatish so‘ralgan. Yodgorlik hududida qishloq xo‘jaligi ishlarini olib borgan 22 nafar fuqaroga ogohlantirish berilgan. Hozirda yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash holatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘rganilmoqda.
Shuningdek, Mingtepani muhofaza qilish va muzeylashtirish uchun 2024 va 2025 yillarda 1,2 mlrd so‘mdan, jami 2,4 mlrd so‘m davlat mablag‘i yo‘naltirilgan.
### Bobur ko‘chasidagi uyga budjetdan mablag‘ sarflanmagan
Agentlik Qodirov avvalroq “qaysidir rus rassomining uyi” deb atagan Toshkent shahri Bobur ko‘chasi, 7-uydagi bino masalasiga ham yana to‘xtaldi.
Maʼlum qilinishicha, 1935-yilda qurilgan bino Toshkentda faoliyat yuritgan taniqli meʼmor Aleksey Shchusev nomi bilan bog‘liq. Turli yillarda ushbu binoda O‘zbekiston ilm-fani va madaniyati rivojiga hissa qo‘shgan olim va professorlar yashagan.
2020-yilda agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi obyektni Milliy ro‘yxatga kiritishni maʼqullagan. 2021-yilda esa obyektni Milliy ro‘yxatdan chiqarish masalasi ko‘rib chiqilib, rad etilgan.
Agentlik mazkur obyektga respublika byudjetidan hozirga qadar mablag‘ sarflanmaganini taʼkidladi.
Shuningdek, agentlik obyektning saqlanishini taʼminlash masalasida Bosh prokuraturaga rasmiy murojaat qilgan. Unda Toshkent shahar hokimining 2018-yil 30 oktyabrdagi 1550-son qaroriga huquqiy baho berish hamda obyektning buzilishi yoki shikastlanishining oldini olish choralarini ko‘rish so‘ralgan.
“Madaniy merosni millat bilan emas, qadriyat bilan o‘lchaylik”, — deyiladi agentlik munosabatida.
Agentlik 2026-yilning birinchi yarmida restavratsiya, taʼmirlash, rekonstruksiya va arxeologik tadqiqotlarga 79,4 mlrd so‘m yo‘naltirilganini ham maʼlum qildi. Shundan 77,6 mlrd so‘m yoki 97,7 foizi o‘zlashtirilgan.
60 ta madaniy meros obyektini restavratsiya va taʼmirlash bo‘yicha shartnomalar tuzilgan, 28 ta obyekt bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda, 39 ta obyekt bo‘yicha ijobiy ekspertiza xulosalari olingan.
“Faktlar buzib ko‘rsatilganda, agentlik hujjatlar bilan javob berishga haqli”, — deyiladi munosabatda.
Agentlik parlament va jamoatchilik oldida hisobot berishga tayyorligini ham bildirgan. Agar parlamentda hisobot so‘ralsa, belgilangan tartibda barcha maʼlumotlar, hujjatlar va amalga oshirilgan ishlar taqdim etilishi aytilgan.
Avvalroq Alisher Qodirov Toshkent shahri Bobur ko‘chasi, 7-uyda joylashgan madaniy meros obyektini saqlab qolish masalasini tanqid qilib, Sarmishsoy, Shohi Zinda, Mizdahqon, Mingtepa va Buxorodagi qadimiy Qurʼon qo‘lyozmasi holati bo‘yicha ham savollar ko‘targan edi.
Madaniy meros agentligi bunga javoban madaniy meros obyektining qiymati uning kimga yoki qaysi millat vakiliga bog‘liqligi bilan emas, tarixiy va madaniy ahamiyati bilan belgilanilishini bildirgan.
Shundan so‘ng Qodirov agentlikning munosabatiga javob qaytarib, ko‘tarilgan masalalar yuzasidan parlament so‘rovi yoki eshituvi vakolatidan foydalanishga harakat qilishini aytgan edi.

