Londonda Uber va Wayve ilk robotaksilarni ishga tushirdi

Londonda Uber va Wayve ilk robotaksilarni ishga tushirdi
Uber va Britaniyaning sun’iy intellekt kompaniyasi Wayve 3-sentyabr kuni Londonda avtonom avtomobillarda yo‘lovchi tashish xizmatini yo‘lga qo‘ydi. Shu bilan London Uber robotaksilari faoliyat yuritayotgan Yevropadagi ikkinchi shaharga aylandi. Birinchi shahar Zagreb edi.
Xizmatning boshlang‘ich bosqichida avtomobilni kuzatib borish uchun uning ichida litsenziyaga ega operator bo‘ladi. To‘liq haydovchisiz rejimga o‘tish esa keyinroq amalga oshirilishi rejalashtirilgan. UberX, Uber Comfort yoki Uber Electric xizmatini buyurtma qilgan yo‘lovchilarga qo‘shimcha to‘lovsiz Wayve texnologiyasi bilan jihozlangan Ford Mustang Mach-E avtomobili berilishi mumkin.
Dastlab xizmatda 20 tadan kam avtomobil qatnashadi. Biroq Londonda to‘liq haydovchisiz xizmatni yo‘lga qo‘yish uchun tartibga solish bilan bog‘liq bir qator masalalar, jumladan, Transport for London tomonidan ruxsat berish jarayonidagi kechikishlar hal etilishi kerak.
Wayve ma’lumotiga ko‘ra, kompaniyaning sun’iy intellekt asosidagi AI Driver tizimi inson haydovchisiga o‘xshab tajriba orqali o‘rganadi. Bu unga yangi yo‘llar, transport vositalari, ob-havo sharoitlari va turli shaharlarga moslashish imkonini beradi.
Uber 2024-yilda Wayve bilan hamkorlikni boshlagan va kompaniyaga sarmoya kiritgan. Tomonlar kelajakda Wayve texnologiyasi asosida ishlaydigan avtomobillarni bir nechta bozorlarda ishga tushirishni rejalashtirgan.

