“Liverpul” yozning eng shov-shuvli transferini amalga oshirishga yaqin turibdi — Skira

“Liverpul” yozgi transfer bozorining eng diqqatga sazovor kelishuvlaridan birini amalga oshirish arafasida turibdi, deya xabar beradi Skira.
Angliyaning “Liverpul” futbol klubi yozning eng shov-shuvli transferlaridan birini yakunlashga yaqin. Mersisaydliklar “PSJ” hujumchisi Bredli Barkolyaga jiddiy qiziqish bildirmoqda va uning transferi uchun 125 million yevro sarflashga tayyor. Bu haqda taniqli insayder Nikolo Skira ma’lum qildi.
Manbaning ta’kidlashicha, “Liverpul” rahbariyati Barkolyani jamoani tark etgan Muhammad Salohga munosib o‘rinbosar sifatida ko‘rmoqda. Hozirda tomonlar kelishuvga erishishga juda yaqin.
Parijliklar fransiyalik vingerni 2023-yilning yozida “Lion”dan 50 million yevro evaziga sotib olgan edi. O‘tgan vaqt mobaynida Barkolya “PSJ” safida jami 152 ta o‘yinda maydonga tushib, 39 ta gol va 37 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Biroq, Bredli jamoaning asosiy tarkib futbolchisi bo‘la olmadi. Bosh murabbiy Luis Enrike muhim o‘yinlarda ko‘pincha Usmon Dembele, Xvicha Kvaratsxeliya va Dezire Due kabi hujum uchligiga ishonch bildirdi.
Buning ustiga, yozgi transferlar oynasidan so‘ng vaziyat yanada murakkablashishi tayin. Sababi “PSJ” o‘z hujum chizig‘ini Magnes Akliush, Ferran Torres va Mika Godts kabi futbolchilar bilan kuchaytirdi. Kuchli raqobat uning asosiy tarkibdagi o‘rni so‘roq ostida qolmoqda. Mersisaydliklar esa aynan shu vaziyatdan unumli foydalanib qolishni ko‘zlagan.
Ma’lum bo‘lishicha, “Liverpul” Barkolyaga olti yillik shartnoma taklif qiladi. Agar mazkur transfer muvaffaqiyatli yakunlansa, fransiyalik vinger ingliz klubi tarixidagi eng qimmat xaridlardan biriga aylanadi.

