“Liverpul” klub tarixidagi eng qimmat transferni amalga oshirishga yaqin turibdi — Romano

“Liverpul” klubi o‘z tarixidagi eng qimmat transferni amalga oshirish arafasida turibdi, deya xabar bermoqda taniqli insayder Fabrisio Romano. Angliya klubi Fransiya terma jamoasi va “Pari Sen-Jermen” futbolchisi Bredli Barkolyani sotib olishga yaqin. Muzokaralarda har ikki klub rahbarlari ishtirok etmoqda va transfer yaqin 24 soat ichida rasman e’lon qilinishi kutilmoqda.
Dastlab “PSJ” 23 yoshli futbolchi uchun 170 million yevro talab qilgan edi, biroq keyinchalik bu summani 146 million yevrogacha tushirdi. Agar “Liverpul” ushbu narxga rozi bo‘lsa, Barkolya klub tarixidagi eng qimmat xaridga aylanadi. Hozirgi rekordchi shvetsiyalik hujumchi Aleksandr Isak bo‘lib, u o‘tgan mavsum boshida “Nyukasl”dan 145 million yevroga sotib olingan edi.
Barkolya 2023-yilda “Lion”dan “PSJ”ga 45 million yevro evaziga o‘tgan. Parij klubi safida u jami 152 ta o‘yinda maydonga tushib, 39 ta gol urgan va 37 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
Shuningdek, Barkolya yozda bo‘lib o‘tgan JCH-2026 musobaqasida Fransiya milliy jamoasi tarkibida ishtirok etgan. Turnir davomida u 8 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol va bitta golli uzatmani qayd etgan. Transfermarkt portaliga ko‘ra, 23 yoshli futbolchining hozirgi bozor qiymati 90 million yevroga baholanmoqda.

