Litva Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolarining ishga joylashish arizalarini qabul qilishni to‘xtatdi

Litva Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolarining ishga joylashish bo‘yicha arizalarini qabul qilishni to‘xtatdi
Litva Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari ishga joylashish hamda mamlakatga kirish uchun hujjat topshiradigan tashqi xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi.
Gasperening aytishicha, so‘nggi yillarda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan Litvaga kelayotgan ishchilar soni ancha oshgan. Rasmiylar ishga joylashish bo‘yicha murojaatlar haddan tashqari ko‘paygani sababli yangi arizalarni vaqtincha qabul qilmay qo‘ygan. Departament rahbari bu choralar mintaqadagi aynan qaysi davlatlarga tegishli ekanini oshkor etmadi.
“Ish beruvchilar va ishga joylashmoqchi bo‘lgan xorijliklar kutilmalarini hisobga olib, tashqi markazlar faoliyati to‘xtatildi va arizalar endi qabul qilinmaydi”, deya Gasperening so‘zlarini BNS keltirgan.
Bu qaror mehnat migratsiyasi ustidan nazorat kuchaytirilayotgan bir vaqtda qabul qilindi. 2026-yil sentyabr oyi boshida Litvada uchinchi davlatlardan keladigan ishchilar uchun bir yilga belgilangan 24 706 kishilik kvota to‘lib bo‘lgan. Kvota tugagach, vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi faqat qonunda ko‘zda tutilgan hollarda, jumladan, ish haqi bo‘yicha belgilangan talablar bajarilganda beriladi.
Migratsiya departamenti ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil 1-sentyabr holatiga Litvada qariyb 227 ming nafar xorijlik amaldagi yashash ruxsatnomasiga ega bo‘lgan. Ularning qariyb 80 ming nafari Ukraina, 48 ming nafari Belarus, taxminan 13 ming nafardan Rossiya va O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan. Shuningdek, mamlakatda 9 mingdan ortiq Hindiston va 7 mingdan ziyod Tojikiston fuqarosi yashagan.
Litva hukumati avval ham mintaqadan hujjat qabul qilishni cheklagan edi. 2025-yil 22-oktyabrdan Dushanbedagi tashqi xizmat ko‘rsatish markazi faoliyati to‘xtatilgan. Litva Migratsiya departamenti bu o‘zgarishni ish beruvchilarning ehtiyojlarini qayta ko‘rib chiqish va vakolatli davlat organlarining xulosalari bilan izohlagan.
Dushanbedagi markaz ikki yil ishlagan davrda qariyb 6,5 ming kishi, asosan haydovchilar va quruvchilar, Litvada vaqtincha yashash uchun hujjat rasmiylashtirgan. Ular mahalliy qonunlarni vaqti-vaqti bilan buzgani, viza muddatini uzaytirgani yoki mamlakatga noqonuniy kirishga uringani uchun rasmiylar tomonidan tanqid qilingan.

