Lindsi Klensining sobiq eri bolalarining oʻldirilishi uchun uni nima sababdan kechirganini tushuntirdi
Uch nafar yosh bolasini boʻgʻib oʻldirgan amerikalik onaning turmush oʻrtogʻi CBS News telekanaliga bergan intervyusida oʻz qaygʻusi haqida gapirdi.

Lindsi Klensining sobiq eri bolalarining oʻldirilishi uchun uni nega kechirganini tushuntirdi
Uch nafar farzandini oʻldirishda ayblanayotgan AQShlik onaning sobiq eri Patrik Klensi, agar xotinini bolalarning oʻlimi uchun kechirmaganida, bu tuygʻu uni "umrbod ich-ichidan kemirib bitirgan" boʻlishini aytdi.
CBS telekanaliga bergan intervyusida u, shuningdek, sobiq rafiqasi Lindsi Klensi bolalarni boʻgʻib oʻldirgan kundan oldingi oylarda ruhiy kasallik bilan kurashayotgan paytda qoʻlidan kelgan barcha ishlarni qilganini taʼkidladi.
Lindsi ularni oʻldirganini inkor etmagan, biroq uning advokatlari u ogʻir ruhiy kasallikdan aziyat chekkani sababli qonuniy javobgarlikka tortilmasligi kerakligini daʼvo qilishgan.
Shu oy boshida hakamlar hayʼati uning qotillikda aybdorligi boʻyicha bir ovozdan qarorga kela olmaganidan keyin sudya ish boʻyicha sud jarayonini haqiqiy emas deb eʼlon qildi.
Prokurorlarning taʼkidlashicha, 2023 yil 24 yanvarda Klensi Massachusets shtatining Daksberi shahridagi uyida barcha farzandlarini — 5 yoshli Kora, 3 yoshli Douson va sakkiz oylik Kallanni qasddan boʻgʻib oʻldirgan.
Hozirda 36 yoshda boʻlgan Klensi ikkinchi qavat derazasidan sakrab tushganidan keyin falaj boʻlib qolgan. U sud majlislarida nogironlar aravachasida qatnashdi.
Lindsi Klensining himoya guruhi unda tugʻruqdan keyingi psixoz boʻlganini aytdi
Patrik Klensi sud jarayonida sobiq rafiqasining tugʻruqdan keyin ruhiy salomatligi yomonlashgani haqida koʻrsatma berdi.
Klensining himoya guruhi unda tugʻruqdan keyingi psixoz — tugʻruqdan keyingi ayollarda maniya, depressiya yoki ikkalasining kombinatsiyasi kuzatilishi mumkin boʻlgan kam uchraydigan holat boʻlganini bildirdi.
"Men tugʻruqdan keyingi kasallikni qanday boshqarishni bilmasdim. Menimcha, ruhiy kasallik fojiali tarzda aldamchi boʻlish xususiyatiga ega", dedi u BBC'ning AQShdagi hamkori boʻlgan CBS telekanaliga.
Keyinchalik Patrik Klensini uni kechirishga undagan narsa aynan rafiqasining ruhiy salomatligi boʻlgan.
"Men 'Qotil ona', 'Goʻdaklar qotili', 'Maxluq' kabi sarlavhalarni koʻrdim. Va ularning hech biri haqiqatga toʻgʻri kelmasdi", dedi u intervyuda.
"Bunga uning ruhiy kasalligi sabab boʻlgan deb ishonaman. Shuning uchun men oʻsha soʻzlarni aytdim. Va menimcha, kechirimlilik haqida gap ketganda, agar men bunga erishmaganimda, bu meni umrbod ich-ichidan kemirib bitirgan boʻlardi".
Qotilliklargacha boʻlgan davrda biror jihatdan muvaffaqiyatsizlikka uchraganini his qilganmi-yoʻqmi degan savolga u shunday javob berdi: "Menimcha, oʻsha paytda qoʻlimda bori bilan qoʻlimdan kelgan eng yaxshi ishni qildim. Va men bu natija bilan yashayapman. Men har kuni shu bilan yashayman".
Fojiadan keyingi haftalarda qaygʻu bilan yashash kurashga aylandi va u oʻz joniga qasd qilish fikrlari boʻlganini tan oldi.
"Men 35 yoshimni koʻrishgacha yashayman deb oʻylamagandim. Va bu men uchun mutlaqo normal edi", dedi u.
Yetti haftalik sud jarayonida Patrik internetda shiddatli nafrat va jinoyatni yashirishda ayblovlar nishoniga aylandi.
Qotilliklarda qandaydir tarzda u aybdor ekanligi haqida daʼvolar paydo boʻldi. Diqqat markaziga tushib qolgan Patrikni tabloidlar sayohat qilayotganda va yangi rafiqasi Reychel Denis bilan suratga olishdi.
36 yoshli erkakning aytishicha, bunday taxminlar "bolalarimning xotirasiga juda katta zarar yetkazadi. Bu yerda haqiqatan ham muhim boʻlgan narsadan — perinatal ruhiy salomatlikdan chalgʻitadigan katta omildir".
Bu shaxsan u uchun ham "alamli" boʻlgan.
"Va bu jamoatchilik orasida boʻlishni qiyinlashtiradi va ehtimol, oʻsha odamlarning baʼzilari yolgʻon ustiga yolgʻonlarni koʻrgandan keyin, bunga ishona boshlashadi va biz shunday vaziyatda qolamiz", dedi u.
Bunday kuchli diqqat-eʼtibor uni nomaʼlumlik izlab Daksberidan Nyu-York shahriga koʻchib oʻtishga majbur qildi.
Hozirda u Denis bilan oila qurmoqda va kelajakdagi farzandlariga ularning aka-opalari haqida gapirib berishni intiqlik bilan kutmoqda.
"Menimcha, har bir ota-ona qoʻshilishi mumkin, bolalaringiz bilan turlicha munosabatlaringiz boʻladi, lekin ularning barchasi sizning bolalaringizdir. Va men ularga akalari va opasi haqida gapirib berishni intiqlik bilan kutyapman".
Sud jarayonining haqiqiy emas deb topilishi ishni hal qilinmagan holda qoldirmoqda.
Prokurorlar qayta sudlashni talab qilish-qilmasliklarini maʼlum qilishmadi.
Navbatdagi sud majlisi 29 sentyabrga Massachusets shtatidagi Plimut oliy sudida belgilangan.

