Layfstayl

Limuzindan zirhli avtomobilgacha: Rim papalari foydalangan mashinalar — foto

Vatikan muzeyida Rim papalari foydalangan sakkizta tarixiy avtomobil namoyish etilmoqda. Ular orasida 1930-yilgi hashamatli limuzindan tortib, o‘q o‘tmas oynalar bilan jihozlangan zamonaviy mashinalargacha bor.

Limuzindan zirhli avtomobilgacha: Rim papalari foydalangan mashinalar — foto

Rim papasi safarlari chog‘ida minglab dindorlar bilan uchrashadi. Odamlar uni yaxshiroq ko‘rishi uchun avval usti ochiq, keyin esa o‘q o‘tmas shaffof oynali avtomobillar yaratilgan. Bunday mashinalar “papamobil” deb ataladi.

Vatikan muzeyida “Papamobillarning 100 yillik tarixi” nomli ko‘rgazma ochildi. Unda 1930–2012-yillar oralig‘ida Rim papalari foydalangan sakkizta tarixiy avtomobil namoyish etilmoqda. Ko‘rgazmada qariyb bir asr davomida ushbu mashinalarning tuzilishi va xavfsizlik tizimi qanday o‘zgarganini ko‘rish mumkin.

Eng qadimgi avtomobil — 1930-yilda Papa Piy XI ga sovg‘a qilingan Nürburg 460 limuzini. Uning salonida malina rangidagi ipak mato bilan qoplangan hashamatli kreslo bo‘lgan. Tashqi ko‘rinishidan esa u oddiy vakillik avtomobiliga o‘xshagan.

Keyingi yillarda papalar odamlar bilan yaqinroq muloqot qilishi uchun ularning avtomobillari takomillashtirilgan. Masalan, 1960-yilda Ioann XXIII uchun orqa yon oynalari yechiladigan mashina tayyorlangan. 1965-yilda esa Pavel VI uchun tomi balandroq, usti ochiladigan avtomobil ishlab chiqilgan. Unda papa tik turib, dindorlarga qo‘l silkitib salom berishi mumkin bo‘lgan.

Papamobillar tarixidagi eng katta o‘zgarish 1981-yil 13-mayda yuz bergan. O‘sha kuni Avliyo Pyotr maydonida Ioann Pavel II ga suiqasd uyushtirilgan. Papa hech qanday himoya vositasi bo‘lmagan usti ochiq avtomobilda ketayotganida o‘q yeb, yaralangan.

Shundan so‘ng papamobillarning xavfsizlik tizimi qayta ko‘rib chiqilgan. 1982-yildan boshlab mashinalarga o‘q o‘tmas oynalar o‘rnatila boshlagan. Shaffof himoya qoplamasiga qarab ularni hazil tariqasida “konserva” yoki “akvarium” deb atashgan.

Ko‘rgazmada namoyish etilayotgan 2002-yilgi ML 430 va 2012-yilgi ML 500 modellari yanada qalin zirhli oynalar bilan jihozlangan. 2024-yilda esa Vatikan tarixida ilk bor G 580 modeli asosida yaratilgan to‘liq elektr papamobil paydo bo‘lgan.

Vatikan muzeylari direktori Barbara Yattaning aytishicha, ko‘rgazmadagi barcha avtomobillar Mercedes-Benz kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Kompaniya o‘nlab yillardan beri Katolik cherkovi rahbarlari uchun maxsus mashinalar tayyorlab kelmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.