Lev XIV: Muzokaralarda jasorat koʻrsatish zarur
Rim papasi Lev XIV Yevropa mamlakatlarini xalqaro huquq normalariga rioya qilish, muloqot va koʻp tomonlama hamkorlikni qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi. U tinchlikka erishish uchun muzokaralarda jasorat koʻrsatish va ayrim pozitsiyalardan voz kechishga tayyor boʻlish zarurligini taʼkidladi.

Lev XIV: Muzokaralarda jasorat zarur
DW xabar berishicha, pontifik 28-sentabr kuni Fransiyaga qilgan to‘rt kunlik safarini yakunlar ekan, Mets shahrida dunyoda shafqatsizlik tobora kuchayib borayotganidan ogohlantirdi.
«Bugungi kunda odamlar o‘rtasidagi va davlatlararo munosabatlar tobora vahshiyona tus olmoqda», - dedi u «Yevropa ibtidosida - tinchlik va birlik yo‘lida» nomli uchrashuvda.
Lev XIVning fikricha, Yevropa o‘zi shakllantirib, saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan insonga hurmat tamoyili orqali siyosatdagi tobora chuqurlashayotgan tanazzulni to‘xtata oladi.
Mets shahri Yevropa integratsiyasi asoschilaridan biri Rober Shuman nomi bilan chambarchas bog‘liq.
Rim papasi Shuman Yevropani xalqaro huquqqa hurmat asosida qurilgan, qurolli to‘qnashuvlardan ko‘ra muloqotni afzal ko‘radigan qit’a sifatida tasavvur qilganini eslatdi.
epd agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Katolik cherkovi Shumanni muboraklar safiga kiritish - beatifikatsiya jarayonini olib bormoqda. Agentlik Rim papasining Yevropa haqidagi nutqini Fransiya safaridagi eng muhim siyosiy chiqish sifatida baholagan.
Lev XIV Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ishtirokidagi chiqishida yevropaliklarni tinchlik o‘rnatish yo‘lida harakat qilishga chaqirdi.
«Muzokaralarda jasorat ko‘rsatish va oliy ne’mat - tinchlik yo‘lida ayrim pozitsiyalardan voz kechishga tayyor bo‘lish zarur», - dedi pontifik.
AFP agentligi xabariga ko‘ra, u Ukrainadagi urushni bevosita tilga olmadi. Biroq «har kuni behisob tinch aholi vakillarining hayotiga zomin bo‘layotgan ma’nosiz qirgin»dan afsus bildirdi.
Tashrif davomida Lev XIV Parijda Emmanuel Makron bilan uchrashdi va YUNESKO qarorgohiga bordi. Shuningdek, Parij Bibi Maryam soborida ibodat qilib, «Stad de Frans» stadionida qariyb 80 ming nafar yosh bilan uchrashdi.
Keyinroq Rim papasi Parijdagi Kelishuv maydonida diniy marosim o‘tkazdi. Yelisey maydonlari bo‘ylab maxsus papamobilda harakatlangan pontifikni kutib olish uchun qariyb 800 ming kishi keldi.

