Dunyo

Lavrovning yaqinlari urushdan so‘ng BAA pasportlarini olgani aniqlandi

Lavrovning yaqinlari urushdan keyin BAA pasportlarini olgani ma’lum bo‘ldi

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan so‘ng tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga yaqin bo‘lgan shaxslar BAA pasportlariga ega bo‘lgan.

Bu gap Lavrov bilan yaqin aloqada bo‘lgan Svetlana Polyakova va uning qizi haqida ketmoqda. Polyakova 2022-yil 28-dekabrda “davlat oldidagi xizmatlari uchun” BAA fuqaroligini olgan. Uning qizi Polina Kovalyova esa undan biroz oldinroq ishga joylashgani munosabati bilan BAA pasportiga ega bo‘lgan.

Polyakovaning Lavrov bilan yaqin munosabatlari borligi 2021-yilda oshkor qilingandi. “Vajniye istorii” ma’lumotlariga ko‘ra, u Rossiya Tashqi ishlar vazirligida ishlagan va vazirga xorijiy safarlarida hamrohlik qilgan. Bir nechta kishining telefonida u rasmiy ravishda bu familiyani olmagan bo‘lsa-da, Svetlana Lavrova sifatida saqlangan.

Jurnalistlar Polyakova umumiy qiymati 700 million rubldan ortiq ko‘chmas mulkka egalik qilishini ham aniqlagan. FBK surishtiruvida, shuningdek, Polyakova va uning oilasi rossiyalik milliarder Oleg Deripaskaning xususiy samolyotlari hamda xorijdagi ko‘chmas mulklaridan foydalanib kelgani qayd etiladi.

Polina Kovalyova urush boshlanguniga qadar Buyuk Britaniyada yashagan. U Londondagi Imperial kollejining biznes maktabida tahsil olgan va Britaniyaning bir nechta kompaniyalariga egalik qilgan. 2016-yilda, 21 yoshida Kovalyova nufuzli Kensington rayonidagi xonadonni 4,4 million funt sterlingga sotib olgan. Urush boshlanishi va sanksiyalar joriy etilgach, u Angliyadan ketgan va Dohadagi Qatar Investment kompaniyasiga ishga kirgan.

BAA fuqaroligini olish juda murakkab jarayon hisoblanadi. Xorijliklar uchun odatiy fuqarolikka qabul qilish tartibi mamlakatda 30 yil uzluksiz yashashni, arab tilini bilishni va ijobiy obro‘ga ega bo‘lishni talab qiladi. 2021-yildan boshlab investorlar, olimlar, shifokorlar, ixtirochilar va san’at arboblari uchun “alohida xizmatlari uchun” fuqarolik olish imkoniyati berilgan. Biroq nomzod arizani mustaqil topshira olmaydi, uni federal hokimiyat idoralari yoki amirliklar hukmdorlarining devonlari tavsiya etishi shart.

Ma’lumot uchun, AQSH may oyida Lavrovning o‘rinbosari Aleksandr Alimovga BMT Xavfsizlik kengashining ochiq munozaralarida qatnashish uchun viza bermagandi. O‘shanda Moskva AQSHning bu qarorini BMTning markaziy muassasalari to‘g‘risidagi bitim majburiyatlarini buzish deb baholagandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.