Latviya Rossiya va Belarusda ishlab chiqarilgan bir qator tovarlar importini chekladi

Latviya Rossiya va Belarusdan ayrim mahsulotlar importini chekladi.
1-sentyabrdan boshlab Latviyada Rossiya va Belarusda ishlab chiqarilgan ma’lum turdagi tovarlarni olib kirishga taqiq joriy etildi. Bu cheklovlar nafaqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri importga, balki uchinchi davlatlardan yuboriladigan jo‘natmalarga ham tegishli.
Taqiqlangan mahsulotlar ro‘yxatiga kitoblar, gazetalar va boshqa bosma nashrlar kiritilgan. Shuningdek, kiyim-kechak, poyabzal, bosh kiyimlar, o‘yinchoqlar, o‘yinlar va sport anjomlari ham taqiq ostiga tushdi.
Delfi nashrining xabar berishicha, Latviya tomonidan kiritilgan bu cheklovlar Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga taalluqli emas. Masalan, Rossiya yoki Belarusda ishlab chiqarilgan tovarlarni Litvadan Latviyaga olib kirishga ruxsat beriladi. Bundan tashqari, ushbu ikki davlat mahsulotlarini Latviya orqali Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga tranzit qilishga ham ruxsat berilgan.
Latviya Saeimasi (parlamenti) tegishli o‘zgartirishlarni iyul oyi oxirida qabul qilgan edi. Hukumatning ta’kidlashicha, bu taqiqdan maqsad mamlakat xavfsizligi manfaatlarini himoya qilishdir. Shuningdek, bu chora Rossiya va Belarusning eksportdan foyda olish imkoniyatini kamaytirish hamda Latviyaga Rossiya targ‘iboti materiallari oqimini cheklashga qaratilgan.
Avvalroq Latviya Rossiya bilan aloqalarni uzish uchun Yevropa Ittifoqidan 7 milliard yevro so‘ragani haqida xabar berilgan edi. Bu mablag‘ mamlakatning ortib borayotgan mudofaa xarajatlarini va Moskva bilan iqtisodiy aloqalarni to‘xtatish oqibatlarini qoplashga yo‘naltiriladi.

