Latviya Rossiya bilan aloqalarni uzish uchun Yevroittifoqdan 7 mlrd yevro so‘radi

Latviya Bosh vaziri Andris Kulbergs Yevroittifoqdan Rossiya bilan aloqalarni uzish va mudofaa xarajatlarini qoplash uchun 7 milliard yevro miqdorida qo‘shimcha mablag‘ ajratishni so‘radi. Bu mablag‘ Yevroittifoqning kelgusi yetti yillik byudjetidan ajratilishi kutilmoqda. Bu haqda “RBK” Politico nashriga tayanib xabar berdi.
Ushbu summa Latviyaning yetti yillik mudofaa byudjetining qariyb yarmini tashkil etadi, chunki mamlakat bu davrda mudofaaga 15,12 milliard yevro sarflashni rejalashtirgan. Kulbergsning ta’kidlashicha, Latviya G‘arb mamlakatlari xavfsizligini ta’minlamoqda.
“Biz byudjet defitsitini oshirib, butun Yevropa mudofaasi uchun to‘lov qilyapmiz”, dedi bosh vazir.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ajratilgan mablag‘ning katta qismi Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Shvetsiya va Niderlandiyadan qurol sotib olish orqali Yevropaning o‘ziga qaytadi. “Progressivlar” partiyasidan bosh vazirlikka nomzod Andris Shuvayevs esa Riganing Moskvaga nisbatan siyosati vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishini bildirdi.
“Men Latviyaning Rossiyaga nisbatan tashqi siyosati vaqt o‘tishi bilan yumshashiga 100 foiz aminman”, dedi Shuvayevs.
Uning fikricha, ba’zi rossiyalik tadbirkorlarning sanksiyalardan ozod qilinishi buning belgisi bo‘lib, ayrim vazirlar Rossiya haqida do‘stona ohangda gapira boshlaydi.
Iyun oyida Latviya bosh vaziri Rossiya bilan savdo aloqalarini to‘xtatish niyatida ekanini ma’lum qilgan edi. U bu aloqalarni keraksiz qaramlik deb baholagan. Shuningdek, u savdo aloqalarini uzish Yevroittifoq bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi kerakligini ta’kidladi, chunki Latviya YI yagona savdo hududiga kiradi.
Kulbergsning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat farmatsevtika sanoati boshqa bozorga tezda moslasha olmaydi. Hukumat bu masalani farmatsevtika kompaniyalari rahbarlari bilan muhokama qilmoqchi. Bosh vazir farmatsevtika ishlab chiqarish quvvatlari Latviya mudofaasi uchun muhim bo‘lishi mumkinligini aytdi.
“Bu imkoniyatlarni saqlab qolish kerak”, deb ta’kidladi u.
Kulbergs Latviya hukumati rahbarligiga 28-may kuni kelgan edi. U parlamentdagi nutqida xavfsizlik, iqtisodiyot va davlat boshqaruvini hukumatning ustuvor yo‘nalishlari deb atagan. Bosh vazir Latviya endi qarzdor bo‘lib yashay olmasligini va davlat mablag‘laridan oqilona foydalanish kerakligini bildirgan.
Avvalroq Latviyada rus tilini OAVdan butunlay olib tashlash talab qilingani haqida xabar berilgandi. Mamlakat madaniyat vaziri Nauris Puntulisga ko‘ra, hozirgi harbiy-siyosiy vaziyatda uning mavjud bo‘lishi uchun hech qanday asos yo‘q.

