KXDR harbiylari Rossiyaga yuborish uchun saralanmoqda - Zelenskiy
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy razvedka maʼlumotlariga tayanib, Shimoliy Koreya Rossiyaga yana qariyb 10 ming nafar harbiy xizmatchini yuborishga tayyorlanayotganini bildirdi. Uning aytishicha, hozir Rossiya hududida 8 mingdan ortiq shimoliy koreyalik harbiy bor.

KXDR harbiylari Rossiyaga jo‘natish uchun saralanmoqda — Zelenskiy
DW xabariga ko‘ra, Zelenskiy bu haqda 28-sentabr, dushanba kuni kechki murojaatida aytgan. U Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi hisobotidagi «yangi maʼlumotlar»ga tayangan.
Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, hozirda KXDR harbiylari tayyorgarlikdan o‘tkazish va keyin Rossiyaga yuborish uchun tanlab olinmoqda.
Zelenskiy, shuningdek, Rossiya rasmiylari Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun xorijliklarni yollash hajmini oshirishni rejalashtirayotganini ham bildirgan.
«Rossiya o‘z armiyasiga odamlarni jalb qilayotgan mamlakatlar hukumatlari bunga qarshi chora ko‘rishi muhim. Biz har bir hukumatni xabardor qilamiz», - degan u.
Janubiy Koreya razvedkasi hisob-kitobiga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyani urushda qo‘llab-quvvatlash uchun jami 15 mingga yaqin harbiy xizmatchi yuborgan. Taxmin qilinishicha, Pxenyan buning evaziga Moskvadan pul, harbiy texnologiyalar va xavfsizlik kafolatlarini olmoqda.
Zelenskiy avgust oyida KXDR Rossiya hududiga 30 mingdan 50 ming nafargacha harbiy joylashtirish niyatida ekanini aytgan edi.
Zelenskiyning yangi bayonoti Ukraina va Janubiy Koreya o‘rtasida bir necha kun avval yuzaga kelgan kelishmovchilik fonida yangradi.
Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon Zelenskiyni maxfiylik haqidagi kelishuvni buzganlikda ayblab, Ukraina rasmiylarini keskin tanqid qilgan. Bunga Zelenskiyning Kursk viloyatidagi janglarda Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan asir olingan ikki nafar shimoliy koreyalik askarning Seulga topshirilgani haqida ochiq aytib bergani sabab bo‘lgan.
Zelenskiy ofisi esa ikki davlat o‘rtasida bu maʼlumotni oshkor qilmaslik bo‘yicha kelishuv bo‘lmaganini maʼlum qilgan. Seul bu javobni yolg‘on deb atagan.
Yonhap agentligi xabariga ko‘ra, 28-sentabr kuni Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi Ukraina elchisi vazifasini bajaruvchini chaqirtirgan. Vazir o‘rinbosari ukrainalik diplomatga ushbu masala bo‘yicha Seulning qatʼiy pozitsiyasini yetkazgan.

