Texnologiya

Kuzatuv kameralari «koʻrmaydigan» koʻylak yaratildi

Germaniyalik dizayner Simon Vekkert sunʼiy intellekt asosida ishlaydigan videokuzatuv tizimlarini chalgʻitishga moʻljallangan maxsus koʻylak yaratdi. «Raqamli kamuflyaj» deb nomlangan kiyimdagi rang va geometrik naqshlar kompyuter koʻrishi algoritmlarining inson qomatini aniqlashini qiyinlashtirishi mumkin.

Sunʼiy intellektga asoslangan videokuzatuv tizimlari uchun "koʻrinmas" koʻylak yaratildi. Ushbu loyiha Berlinning Kotbusser-Tor maydonida 2026 yil avgust oyida sunʼiy intellektga asoslangan videokuzatuv tizimidan foydalanish boʻyicha pilot loyiha boshlanganidan soʻng ishlab chiqilgan.

Koʻylakning asosiy maqsadi insonni oddiy kamera uchun koʻrinmas qilish emas, balki kamera tasvirini tahlil qiladigan sunʼiy intellekt algoritmini chalgʻitishdan iborat. Dizaynerning tushuntirishicha, kompyuter koʻrishi tizimi insonni odam kabi "tushunmaydi". Algoritm millionlab tasvirlar asosida insonga xos statistik vizual belgilarni aniqlashni oʻrganadi.

Tasvirni qayta ishlashning dastlabki bosqichlarida neyrotarmoq konturlar, kontrast va teksturadagi oʻzgarishlarni tahlil qiladi. Keyingi bosqichlarda esa inson qomatiga xos belgilar — bosh va yelka silueti, qoʻl-oyoqlarning tanaga nisbatan proportsiyasi hamda tana konturining yaxlitligini aniqlashga harakat qiladi. Vekkert aynan shu xususiyatdan foydalangan.

"Raqamli kamuflyaj"da yorqin ranglar va bir-birini kesib oʻtuvchi geometrik shakllar qoʻllangan. Ular kompyuter koʻrishi tizimi uchun oʻziga xos "vizual shovqin" hosil qilib, tasvirdagi alohida qismlarni insonning yaxlit silueti sifatida birlashtirishni qiyinlashtirishga moʻljallangan.

"Gap ham rangda, ham naqshda. Ammo ularning hech biri alohida holda ishlamaydi — muhimi ularning oʻzaro bogʻliqligi. U inson koʻziga emas, mashinaning tasvirni qabul qilishiga moslashtirilgan", — deya tushuntirgan dizayner.

Yorqin rang oʻtishlari neyrotarmoqning tasvirni dastlabki tahlil qiluvchi qatlamlariga taʼsir qilsa, ustma-ust tushadigan shakllar inson tanasi konturining yaxlitligini buzishga moʻljallangan. Natijada algoritm kamera qarshisida aynan inson turganini aniqlashda qiynalishi mumkin. Odam koʻzi uchun esa bu oddiy boʻlmagan, yorqin va abstrakt tekstil naqshi boʻlib koʻrinadi.

Qizigʻi, Vekkert koʻylak naqshini ishlab chiqishda neyrotarmoqning oʻzidan foydalangan. Dizayner "raqobatli tsikl" usulini qoʻllagan: avval naqshning yangi variantini yaratgan, keyin uni obʼyektlarni aniqlash tizimida sinab koʻrgan. Tizim insonni qanchalik ishonchli aniqlayotgani baholanib, natijaga qarab naqsh yana oʻzgartirilgan. Bu jarayon algoritmning insonni aniqlashga boʻlgan ishonch darajasi imkon qadar pasaygunga qadar takrorlangan.

Vekkertning taʼkidlashicha, mashinali koʻrish tizimlarining zaif nuqtalari inson uchun har doim ham koʻzga tashlanmaydi. Shu sababli faqat inson koʻrishiga tayanib algoritm xatolaridan foydalanuvchi naqsh yaratish juda qiyin. Shu bilan birga, "raqamli kamuflyaj" insonni barcha videokuzatuv tizimlari uchun mutlaqo "koʻrinmas" qilib qoʻymaydi. Loyiha muayyan kompyuter koʻrishi algoritmlarining insonni aniqlash qobiliyatini pasaytirishga qaratilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.