Layfstayl

Kuz nafasi yaqin: salqin kunlarda tomosha qilish uchun iliqlik baxsh etuvchi filmlar

Kuzning salqin kunlarida tomosha qilish uchun iliq va yoqimli filmlar ro‘yxati

Bu ro‘yxatda yangi va trenddagi filmlarni topmasligingiz mumkin, ammo har bir film sizni qayta-qayta tomosha qilishga undaydi va kuzning salqin kunlarida o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlaydi.

**“Garri Salli bilan uchrashganda” (1989)**

Garri va Salli Nyu-Yorkda tasodifan tanishib qolishadi, so‘ngra taqdir ularning yo‘llarini ajratadi. Bir necha yil o‘tgach, ular samolyotda yana uchrashishadi. Yana bir necha yil o‘tib, ular do‘konda tasodifan to‘qnash kelishadi. Bu safar qahramonlar ancha o‘zgargan edi: Garri turmush qurib, ajrashishga ulgurgan, Salli esa baxtsiz sevgidan azob chekardi. Shu kundan boshlab ular yana do‘st bo‘lishga qaror qilishadi. Vaqt o‘tishi bilan qahramonlar orasidagi bog‘liqlik shunchaki do‘stlik emas, balki kuchliroq rishta ekanligini tushunib yetishadi.

**“Farahli noyabr” (2001)**

Nelson Moss ismli tadbirkor, karyerasi uchun shaxsiy hayotini qurbon qiladigan reklama agenti bo‘lib ishlaydi. Bir kuni u shu paytgacha uchratgan hech qaysi ayolga o‘xshamaydigan Sara bilan tanishib qoladi. Ularning tasodifiy tanishuvi bir nechta uchrashuvlar bilan davom etadi. Quvnoq Sara Nelsonning hayotini tubdan o‘zgartiradi va unga hayotdan qanday zavqlanish kerakligini ko‘rsatadi. Biroq, ajoyib sevgi haqidagi bu hikoya fojiali yakunlanadi.

**“Kuzgi marafon” (1979)**

Bu mashhur film ustida qancha avlodlar ulg‘aygan bo‘lsa-da, u hamon o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Voqea oddiy: ikkilanuvchi Buzikin xotini bilan ma’shuqasi orasida sarson, ikkalasini ham xafa qilib qo‘yishdan va yo‘qotishdan qo‘rqadi. Oleg Basilashvilining qahramoni biron-bir qaror qabul qilishga ojiz bo‘lgani bois, imkon qadar o‘zining mas’uliyat doirasidan tashqarida ro‘y berishi lozim bo‘lgan taqdiriy burilishdan umid qiladi. Nazarida, falak uning iltijolarini eshitgandek: tengsiz Natalya Gundareva ijrosidagi rafiqasi o‘z ixtiyori bilan ketib qoladi. To‘g‘ri, keyinchalik u qaytib keladi, ammo hammasi yana yangidan boshlanadi.

**“Nyu-Yorkdagi kuz” (2000)**

Uill Keyn doim ayollar e’tiborida bo‘lishga o‘rganib qolgan erkak. U muvaffaqiyatli, kelishgan va boy, ammo uning barcha munosabatlari ajralish bilan tugaydi. Quvnoq Sharlotta bilan uchrashganda esa hammasi o‘zgaradi. Avvaliga Uill uni tentakroq deb o‘ylab, ayol bilan beparvo munosabatda bo‘ladi. Ko‘p o‘tmay, qahramon Sharlottaning og‘ir kasal ekanini, uning bir yilgina umri qolganini bilib qoladi.

**“Kuzgi sonata” (1978)**

“Kuzgi sonata” — shved rejissyori Ingmar Bergmanning badiiy filmi. Uning qahramoni Sharlotta mashhur pianinochi. U baxtli bo‘lishi uchun hamma narsaga ega: tengsiz iste’dod, shon-shuhrat, go‘zallik va ikki farzand. Biroq Xudo Sharlottaga ilohiy ohanglarni dunyoga keltirish qobiliyatini bergan bo‘lsa-da, uni o‘z qizlariga bo‘lgan mehr bilan siylamagan. Ko‘p yillardan so‘ng birinchi marta jahon yulduzi chekka qishloqqa farzandini ko‘rgani keladi va falaj bo‘lib qolgan kenja qizining tirik ekanini hamda ona mehriga talpinayotganini ko‘rib dahshatga tushadi. Film Sharlottaning jo‘nab ketishi bilan yakunlanadi: u go‘yo yo‘qdan bor bo‘lgandek, sevimli bo‘lmagan farzandlarini tark etib, yana g‘oyib bo‘ladi va yo‘qlik qa’riga singib ketadi...

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.