«Kuryerlar odam emasmi?» - restorandagi mojaro va 5 sutkalik qamoq
Toshkentdagi Brasserie Park restorani xodimi piyodalar yoʻlagidan oʻtgan kuryerga doʻq qilib, haqoratlagani uchun 5 sutkaga maʼmuriy qamoqqa olindi. Mojarodan keyin hokimlik tekshiruv oʻtkazib, restoranning yoʻlakdagi yozgi maydonchasini olib tashladi. Kun.uz voqea tafsilotlarini oʻrgandi.

«Kuryerlar odam emasmi?» - restorandagi mojaro va 5 sutkalik qamoq
17-oktabr kuni Toshkentdagi Brasserie Park restorani xodimining kuryerga nisbatan qoʻpol muomalasi jamoatchilik muhokamasiga sabab boʻldi. Kuryer shu yerda piyodalar yoʻlagidan oʻtgan edi. Mazkur yoʻlak esa restoran tomonidan noqonuniy ravishda egallab olingan.
«Xohlasang bitta shapaloq ham qoʻyib yuboraman. Xohlaysanmi? Telefon bilan qoʻrqitaman deb oʻylayapsanmi? Farosatni ishlat, miyani ishlatsang boʻladi-ku, bu yerda odamlar ovqatlanib oʻtirishibdi. Sen esa skuterda kelyapsan. Senga gʻalati boʻlmaydimi? Savolimga javob ber, men tilimga javob beraman soʻkkanimga.
Tushib kelish kerak, qanaqa qilib restoranning oʻrtasidan oʻtib kelasan-u, koʻrmaysan! Koʻr boʻlish kerak bu uchun! Ha, psixman! Yana savoling bormi? Boʻldi, yaxshilikcha ket, men seni «spokoyno» qoʻyib yuborayotganimda, hozir butunligingcha ketayotganingda. … yeysan! Tushundingmi?» — degan xodim kuryerga qarata.
Atrofdagilar voqeani tasvirga olayotgan kuryerni jim ketishga chaqirishgan. Videoni ijtimoiy tarmoqqa tarqatish «terpilalik» ekanini aytishgan.
Piyodalar yoʻlagidan foydalanish talablarining buzilishi va holat yuzasidan Brasserie maʼmuriyati izoh berishni istamadi. Voqea ishtirokchisi bo‘lgan kuryer Munir Yakubov esa guvohlar ham uning tarafini olmaganini aytdi:
«Restorandan buyurtmani olib yarim yoʻlga yetganimda meni toʻxtatishdi. U yerdan oʻtish mumkin ekan, ketayotgandim, bir kishi soʻkib ketdi. Agar xushmuomalalik bilan tushuntirganda indamasdan ketgan boʻlardim.
Keyin biror yonimni oladigan odam kelarmikin desam, kuryerlar odam emas ekan-da. Yonimizda turgan odamlar ham uning yonini olishdi. Meni soʻkayotgan odamga hech kim «bu yosh bola, unaqa soʻkib tashlama. Seniyam bolang bor», demadi. Odamlardan xafa boʻlib ketdim. Hech kim yonimni olmadi.
Biz odamlar yuradigan joydan yurishga majburmiz. Chunki yoʻlga chiqish uchun prava kerak. Biz elektr velosipedda yuramiz 25 tezlikda. Odamlar kuryerlarni odamday his qilishmayapti», — deydi u.
Bu voqeadan keyin Toshkent shahar hokimligi tekshiruv oʻtkazdi. Unda hududdan foydalanish talablari, jumladan piyodalarning erkin harakatlanishini taʼminlash qoidalari buzilgani aniqlangan. Shundan soʻng restoranning yozgi maydonchasi olib tashlanib, yoʻlak qonunchilik talablariga muvofiqlashtirilgan.
Aytish kerakki, yoʻlak piyodalar uchun yerosti oʻtish yoʻliga ulanib ketgan.

