Mahalliy

“Kurashchi bo‘lish shart emas”. Surxondaryo hokimi bilan tortishgan maktab direktori Umida Tursunova bilan suhbat

2023-yil Surxondaryo hokimi Ulug‘bek Qosimov bilan tortishib, 15 sutka qamalgan, mahalladoshi tomonidan kaltaklangan Sariosiyo tumanidagi 28-maktab direktori Umida Tursunova Gazeta’ga intervyu berdi. U mojaro qanday boshlangani, hokimga nega qarshi chiqqani, bugun nimalar bilan bandligi haqida so‘zlab berdi.

“Kurashchi bo‘lish shart emas”. Surxondaryo hokimi bilan tortishgan maktab direktori Umida Tursunova bilan suhbat

2023-yil 26-iyul kuni Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov bilan shu tumandagi 28-maktab direktori Umida Tursunova o‘rtasida tortishuv yuz bergan edi. Shundan so‘ng direktor 15 sutkaga qamaldi. O‘sha paytda maktabgacha va maktab ta’limi vaziri bo‘lgan Hilola Umarova vaziyatni o‘z nazoratiga olganini aytib, maktab direktori zudlik bilan ma’muriy qamoqdan ozod etilganini ma’lum qilgandi. Keyin maktabdagi ishiga qaytgan Umida Tursunova mahalladoshi tomonidan o‘limigacha kaltaklangan.

Bu mojarolar ta’lim tizimi haqida gap ketganda hanuz tilga olinadi. Viloyat hokimiga qarshi chiqqan o‘qituvchining bugungi taqdiri ko‘pchilikni qiziqtirardi. Gazeta muxbiri Sariosiyodagi 28-maktabda bo‘lib, uning direktori Umida Tursunova bilan suhbatlashdi.

Umida Tursunova 1982-yilda Sariosiyo tumani Do‘stlik mahallasida tug‘ilgan. Hozir o‘zi rahbarlik qilayotgan 28-maktabda 11 yil tahsil olgan. Oliy ta’limni tugatgach, 2008-yildan shu maktabda ona tili va adabiyot fanlaridan dars bera boshlagan.

Gazeta Umida Tursunovaning hikoyasini o‘z talqinida taqdim etadi.

O‘qishni bitirib kelib, endi turmushga chiqib, hayot yo‘llarini ko‘rsam ham bo‘ladi, deb o‘ylardim. Ba’zi muammolarga aralashib qolaverganimdan keyin direktor bo‘lishim kerak, men tartibga keltiraman, deb o‘ylaganman. 2018-yilda vazirlikka borganimda, menga bir imkoniyat beringlar, bir boshqarib ko‘ray, deganman. Avval o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari qilib qo‘yishgan ekan. Ikki yarim oydan keyin direktor buyrug‘im chiqqan.

Umida Tursunova.

Direktorlik ishini boshlaganimda, yangi o‘qituvchilarni ishga olish uchun “diplomiga yozilgan mutaxassisligiga qarab dars berasiz” deb menga uqtirishgandi. O‘ylaymanki, o‘zlari bilmagan holda menga puxta va toza ishlashni o‘rgatib qo‘yishgan ekan. Agar indamay qo‘yishganida men ham diplomga mos kelmaydigan darslarni berib yuborardim.

Direktor bo‘lganimdan boshlab tuman Maktab va matabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Ahmad Boboyevning tarafdorlari — o‘qituvchilarimiz menga qarshi chiqa boshlashdi. Bo‘lmasa ularning 28–30 soatlab darslari bor edi. Mudirimizning ko‘nglidagidek direktor bo‘lolmadimmi yoki u kishi yaxshi ko‘radigan insonlarning joyini talab qilib olganimgami, shunaqa qarshilikka uchradim. Keyin meni ishdan bo‘shatishdi.

Fuqarolik sudiga murojaat qildim. Bir oy ichida ko‘rib chiqib, ishga tiklab qo‘yishdi. Direktor ishga tiklandi, deb boshqarma boshlig‘i olib kelib qo‘yishi kerak ekan, lekin ko‘nmagan. Boshqarma boshlig‘i tomonidan sudga yana apellyatsiya kiritishyapti, men yana sudga kiryapman. Yana o‘z kuchida qoldirishyapti.

Maktabga kelsam, “rayono” mudirimiz o‘zining xodimlaridan birini direktor qilib qo‘yibdi. Ishga tiklangan, buyrug‘i boshqarmadan chiqqan odam — men turib, o‘rnimga ishlab oyligini olib yuravergan. O‘qituvchilar ham hayron — kimga bo‘ysunish kerak? U odam xonamning kalitini bermaydi, pechatni olib qo‘ygan. Shu adolatsizliklarni eslasam, kuyib ketaman hozir ham.

Aslida, men Ulug‘bek Qosimov bilan ilgariroq ko‘rishishim kerak ekan. Hokim bo‘lib kelgan vaqtida men sudma-sud yurgandim. Sariosiyodagi 12-maktabda sayyor qabul o‘tkazishini advokatim aytib, borib vaziyatingni tushuntir, degandi. Men bunga u qadar e’tibor qilmagan ekanman. Agar o‘shanda uchrashganimda, balki bunaqa voqealar bo‘lmasmidi.

2023-yil 26-iyulda Sariosiyodagi 12-maktabda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik bo‘yicha viloyat hokimi boshchiligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda men ham qatnashdim. O‘sha yerda turgan mutasaddilar Ulug‘bek Qosimovga men haqimda noto‘g‘ri ma’lumot berishdi.

O‘shanda faqat haq-huquqimni talab qilganman. Siz ham shularning gapiga ishondingizmi, degan ma’noda Ulug‘bek Qosimov bilan tortishganman. Keyin buncha xo‘rliklardan ko‘ra o‘lib ketganim yaxshi degan xayol kelgan, xo‘rligim kelib, otib tashlang yaxshisi deganman. To‘ydim deganman-da.

Bobom rahmatli ham shu maktabda ishlaganlar. Menga sen ona tili o‘qituvchisi bo‘lasan derdilar. Yana aytardilarki, “qonunlar ishlaydi, davlat bor” deb. Bu gap odamning miyasiga singib qolsa, yuragida o‘ziga o‘zi dalda berar ekan-da. Nihoyat buning oqibati Ulug‘bek Qosimovgacha yetib bordi.

Keyin IIBga, u yerdan sudga olib borishdi. Yig‘ilishda o‘tirgan hamkasblarimni ham olib kelishgan ekan, guvohlik berish uchun. Sudda hokimiyatda ishlaydigan Ikrom Jumayev ismli odam menga qarshi ayblov beryapti. “Bu kishiga nima daxlim bor, men hokim bilan gaplashdim-ku” desam ham, e’tiborga olinmadi. Sudya ham majbur ekanini his qilib turdim o‘shanda. Menga 15 sutka qamoq jazosi berildi.

Hokim bilan tortishganim videosini ham o‘zlari tasvirga olgan ekan. Bunaqalarning oxiri mana shunday bo‘ladi, degandek. Lekin bu video aksincha menga ko‘proq foyda keltirdi. Xalq himoya qilgan ekan o‘shanda. Blogerlar, Kobul Dusov, Rasul Kusherboyev, Hilola Umarovalardan juda minnatdorman. Men ichkarida edim, keyin bu narsalardan xabardor bo‘lyapman.

Keyin qamoqdan chiqarishdi, yana ish boshlashim kerak, maktabga boryapman. Lekin shuncha ishdan keyin ham meni kaltaklash darajasiga borishadi deb sira o‘ylamagan edim. Dars taqsimoti kuni tarix o‘qituvchisiga 21 soat dars berilgandi. Tarix o‘qituvchilari tarbiya darslarini ham o‘tishadi, lekin unga haq to‘lanmaydi. Shu 21 soatning 16 soati tarix edi. Shu sababdan o‘sha o‘qituvchining erini maktabga chaqirtirishgan.

Shunchalik qattiq kaltak yeganmanki, u yerda nima bo‘lganini eslolmayman ham. Qon to‘kilgan, boshqa muallimlarga ham musht tushirgan. Keyin ko‘chadan ikki yigit kelib, meni qutqarib qolgan ekan.

Umida Tursunova va Ulug‘bek Qosimov.

Aytadigan gapim balki kimgadir yoqmas, lekin men hech qaysi ayolga bunchalik kurashib, kurashchi bo‘lib, sog‘ligini yo‘qotishni maslahat bermasdim. O‘zlariga qulay bo‘lgan joyda, yo‘l beradigan odamlar ichida ishlashlari tarafdoriman.

O‘sha xotiralarimni hozir ham eslasam, xafa bo‘lib ketaman. Avvalroq shu ishdan voz kechib ketishim kerak ekan-da. Baribir yolg‘iz o‘zim hech narsa qilolmas ekanman.

Mana, hozir ham 28-maktabning direktori bo‘lib ishlab kelyapman. 1200 ga yaqin o‘quvchilarimiz bor, 76 nafar o‘qituvchilarimiz. Baholi qudrat hamma sharoitlarni qildik. To‘garaklarimiz ishlayapti. Bu yil yetti nafar o‘quvchimiz davlat oliy o‘quv yurtlariga, yana shuncha o‘quvchimiz xususiy oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirishdi. O‘qishga kirishdi ham. Yana medtexnikumga o‘qishga kirgan o‘quvchilarimiz bor.

1-oktabr kuni munosabati bilan barcha o‘qituvchilarni, murabbiylarni tabriklayman. Qo‘llab-quvvatlaganlarga ham minnatdorlik bildiraman, katta rahmat. Butun dunyo o‘qituvchilarining oldida O‘zbekistonimiz o‘qituvchilari eng baxtli o‘qituvchilar bo‘lib, ishlayverishsin, yashayverishsin. Doimo sog‘-salomat bo‘lishsin!

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.