Kundalik ratsionga qovoqni kiritish uchun o‘n sabab

Kundalik ratsionga qovoqni qo‘shish uchun o‘n sabab
Qovoq foydali xususiyatlari bilan parhezni boshlagan va salomatligiga befarq bo‘lmagan insonlar uchun zarur mahsulotlar qatoriga kiradi. Uni muntazam iste’mol qilish organizmda qanday o‘zgarishlar yuz berishiga olib keladi? Quyida shu haqda so‘z boradi.
100 gramm qovoqda 22-24 kilokaloriya bo‘ladi. Unda yog‘ yo‘q, bor-yo‘g‘i 1 gramm oqsil va 4-4,5 gramm uglevod mavjud.
Qovoqdan tayyorlangan taomlarni ortiqcha vazndan aziyat chekayotgan, qandli diabeti bor hamda vazn tashlamoqchi bo‘lgan kishilar taomnomasiga kiritish tavsiya etiladi.
Qovoq kamdan-kam hollarda allergiya chaqiradi, u nafaqat kattalar, balki bolalar uchun ham eng foydali mahsulotlardan biridir. Barra qovoq yoki undan tayyorlangan sharbat A vitamini va karotinga boy bo‘ladi. Bu moddalar yuqori antioksidantlik xususiyatiga ega bo‘lib, fermentlar sintezida ishtirok etadi. Shuningdek, oqsil va kollagenlar ishlab chiqarilishini ham me’yorlashtiradi.
U ko‘z nuri ravshanligida muhim rol o‘ynaydigan rodopsin ishlab chiqarilishiga ham ta’sir qiladi. Qovoq tarkibidagi E va C vitaminlari A vitamini va beta-karotinning so‘rilishini sezilarli darajada yaxshilaydi. Qovoqda, shuningdek, B, H, K va PP guruhi vitaminlari ham bor.
Uni sovuq havoda immunitetni mustahkamlash uchun iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Qovoq sharbati polivitaminlar singari foydali hisoblanib, gripp va shamollashning yengil kechishiga yordam beradi. Qovoq tarkibida odam organizmidagi gormonlarga o‘xshash moddalar ham mavjud. Uni reproduktiv salomatlikni yaxshilash uchun ham iste’mol qilish kerak.
Qovoqda kaliy va magniy bor bo‘lib, ular yurak faoliyati va asab tizimini yaxshilaydi. Qovoqning vitamin va minerallarga boyligi teri, soch va tirnoqlarning ko‘rinishi hamda mustahkamligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Uni iste’mol qilish qarish jarayonini sekinlashtiradi va tashqi ko‘rinishni yaxshilaydi.
Bundan tashqari, qovoqda temir va mis moddasi ko‘p bo‘ladi. Bu moddalar qon aylanishini yaxshilaydi, anemiyaning oldini oladi, a’zolar va hujayralarning qon bilan ta’minlanishini yaxshilaydi. Oqsil va uglevodning organizmga singishi ham mazkur moddalarning mavjudligi bilan bog‘liq.
Qovoq kremniy tuzining asosiy manbayi hisoblanadi. Ushbu mineral kollagen sintezi uchun muhimdir.
Pechda dimlangan, bug‘da pishirilgan qovoq hazm jarayonida muammosi bo‘lgan, jigar va buyraklarda yallig‘lanish jarayonlari bor kishilar uchun ayni muddao. Qovoqning nafaqat o‘zi, balki urug‘i ham foydali. U kishiga quvvat beradi, gijja kasalliklarining oldini oladi.

