«Kulliyoti Navoiy» nusxasi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etildi
Toshkentda O‘zbekiston va Turkiya madaniyat vazirlari ishtirokidagi tadbirlar doirasida Islom sivilizatsiyasi markaziga noyob asar nusxasi

«Kulliyoti Navoiy» nusxasi Islom sivilizatsiyasi markaziga topshirildi
24-sentyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan «O‘zbekiston–Turkiya madaniyat va san’at uchrashuvlari — Turk kino kunlari» doirasida O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Vazirlar markaz ekspozitsiyasi bilan tanishib, islom olami tarixi va madaniyatiga oid noyob eksponatlarni ko‘zdan kechirdi. Ularga markazda saqlanayotgan tarixiy-madaniy meros namunalari hamda ularning ilmiy va ma’rifiy ahamiyati haqida ma’lumot berildi.
Tashrif chog‘ida Mehmet Nuri Ersoy tomonidan Islom sivilizatsiyasi markaziga «Kulliyoti Navoiy» asarining faksimile nusxasi taqdim etildi.
«Kulliyoti Navoiy» — Alisher Navoiyning turli janrdagi asarlari jamlangan nodir qo‘lyozma to‘plami bo‘lib, uning tarkibida Alisher Navoiyning 26 ta asari jamlangan.
Asarning asl nusxasi Istanbul shahridagi Topqopi saroyi kutubxonasida saqlanadi. Taqdim etilgan faksimile nusxa markaz fondida saqlanadigan madaniy meros namunalari qatoriga qo‘shildi.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda ikki mamlakat madaniy muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

