Dunyo

Kuchli El-Nino: dunyoni rekord issiqlik kutyaptimi?

Kuchayib borayotgan El-Nino hodisasi 2026–2027-yillarda yangi harorat rekordlari, ayrim hududlarda kuchli yogʻingarchilik, boshqalarida esa qurgʻoqchilikka olib kelishi mumkin. Iqlimshunos Deniyel Sueyn bu galgi hodisaning koʻlami avval kuzatilganlardan jiddiy farq qilishini aytmoqda.

Kuchli El-Nino: dunyoni rekord darajadagi issiqlik kutyaptimi?

Rekord darajadagi yongʻinlar, toshqinlar, qurgʻoqchilik, jazirama va boʻronlarni tadqiq qiluvchi Deniyel Sueyn Inside Climate News nashriga bergan intervyusida hozirgi El-Nino borasidagi xavotirlarini bildirdi.

Materialda tilga olingan tadqiqotga koʻra, bu safargi El-Nino ming yil ichidagi eng kuchlisi boʻlishi mumkin.

Tropik okeanlar quyosh issiqligining katta qismini yutadi. Oqimlar esa uning bir qismini suvning chuqur qatlamlariga olib kiradi.

Sueyn bu jarayonni quvvat yigʻadigan batareyaga qiyoslagan. Uning izohiga koʻra, okeanda toʻplangan issiqlikning bir qismi El-Nino davrida atmosferaga chiqib, butun dunyo boʻylab tarqaladi. Bunday hodisa odatda har ikki–yetti yilda bir marta yuz beradi.

Olimning aytishicha, muammo faqat bitta El-Nino bilan cheklanmaydi: Tinch okeanida tobora koʻproq issiqlik jamlanmoqda. Shu bois keyingi hodisa global haroratning yana oshishiga turtki berishi mumkin.

Sueynning tushuntirishicha, avvallari olimlar Tinch okeanining tropik qismidagi ma’lum hududda suv harorati oʻrtacha koʻrsatkichdan qanchaga yuqori ekanini oʻlchashgan. Ammo okeanlarning umumiy isishi sabab taqqoslash uchun olinadigan oʻrtacha harorat ham oʻzgarib bormoqda.

Buni hisobga olish uchun AQSH Milliy okean va atmosfera tadqiqotlari boshqarmasi — NOAA nisbiy okeanik Nino indeksi — RONI koʻrsatkichidan foydalanmoqda.

U tropik Tinch okeanining sharqiy qismi boshqa tropik okean hududlariga nisbatan qanchalik koʻproq isiganini baholashga yordam beradi. Haroratlar oʻrtasidagi farq atmosferadagi kuchli havo oqimlari va boʻronlar yoʻnalishining oʻzgarishini tushunishda muhim ahamiyatga ega.

Bu, masalan, Kaliforniyada qishda qancha yogʻingarchilik boʻlishi yoki Indoneziyada qurgʻoqchilik yuz berishi ehtimolini baholashda qoʻl keladi.

Materialda qayd etilishicha, 24-avgust holatiga RONI koʻrsatkichi 1997–1998-yillardagi darajaga tenglashgan va avgust oxiri uchun kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori qiymatga chiqqan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.