Kritik minerallar, katta maqsadlar va yangi avlod: TMK raisi yoshlar bilan ochiq muloqot qildi
O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) tasarrufidagi nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish zavodida kombinat boshqaruv raisi Farhod Abdullayevning yosh xodimlar bilan 'Rahbar va yoshlar' ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Kritik minerallar, katta maqsadlar va yangi avlod: TMK raisi yoshlar bilan ochiq muloqot qildi
Texnologik metallar sanoatida yangi bosqich boshlanmoqda. Endilikda ustunlikka faqat boy resurslar yoki zamonaviy uskunalar bilan emas, balki ilmni texnologiyaga, g‘oyani esa ishlab chiqarish natijasiga aylantira oladigan mutaxassislar orqali erishiladi. O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) kelajak uchun ana shunday kadrlarni bugundan tayyorlashni maqsad qilgan.
TMK tasarrufidagi nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish zavodida boshqaruv raisi Farhod Abdullayev hamda kombinat tizimida faoliyat yuritayotgan yoshlar ishtirokida “Rahbar va yoshlar” ochiq muloqoti tashkil etildi.
“Bugun bu yerga sizlarga ma’ruza o‘qish uchun emas, sizlarni eshitish, fikr va takliflaringizni bilish va TMKning kelajagi haqida birgalikda suhbatlashish uchun keldim. Chunki har qanday tashkilotning ertangi kuni, avvalo, uning yoshlariga — sizlarga bog‘liq”, — dedi Farhod Abdullayev.
Hozirgi kunda zavodda 352 nafar yosh mehnat qilmoqda, bu jamoaning qariyb 21 foizini tashkil etadi. Farhod Abdullayev ushbu ko‘rsatkich ortida kombinatning kelajak salohiyati mujassam ekaniga e’tibor qaratdi.
“Men uchun 352 nafar yosh oddiy raqam emas. Bu — 352 ta taqdir, 352 ta orzu, 352 ta g‘oya va 352 ta imkoniyatdir”, — dedi Farhod Abdullayev.
Uning aytishicha, bugun muhandis, texnolog va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan yoshlar ertaga TMKning rivojlanish yo‘nalishlarini belgilaydigan yangi avlod rahbarlariga aylanishi kerak.
Shu sababli kombinatda yoshlarga faqat muayyan vazifalarni bajaruvchi xodim sifatida emas, balki yangi sanoatni shakllantiradigan kuch sifatida qaralmoqda.
Texnologiyalar tez sur’atlarda yangilanayotgan sharoitda bir marta olingan bilim bilan uzoq yillar ishlash yetarli bo‘lmay qolmoqda. Zamonaviy sanoat mutaxassisdan doimiy o‘rganishni, raqamli vositalarni o‘zlashtirishni, xorijiy tillarni bilishni va mustaqil qaror qabul qilishni talab etmoqda.
Boshqaruv raisi bugungi mehnat bozorida bilimning hajmi emas, uning qanday natijaga aylantirilishi muhimligini ta’kidladi.
TMK oldiga qo‘yilgan vazifalar yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish bilangina cheklanmaydi. Ilmiy-tadqiqot ishlarini sanoat bilan bog‘lash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish ham ustuvor yo‘nalishlar sirasiga kiradi.
Bunday maqsadlarga erishish uchun tayyor ko‘rsatmalarni bajaradigan xodimlar emas, balki muammoga yangicha yondashadigan, yechim taklif qiladigan va tashabbusni o‘z zimmasiga oladigan mutaxassislar zarur.
Uchrashuvda yoshlarning vazifasi faqat ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etish bilan cheklanmasligi ta’kidlandi. Ulardan yangi g‘oyalarni ilgari surish, zamonaviy texnologiyalarni egallash, ilmiy izlanish olib borish va kelajakda boshqaruv mas’uliyatini qabul qilishga tayyor bo‘lish kutilmoqda.
O‘z navbatida, rahbariyat yoshlarning tashabbuslarini eshitish, istiqbolli takliflarni qo‘llab-quvvatlash va ularning amaliyotga tatbiq etilishi uchun sharoit yaratishga tayyorligini bildirdi.
TMKdagi ushbu muloqotning asosiy xulosasi ham shundan iborat: texnologik metallar sanoatining kelajagi faqat yer ostidagi resurslarga bog‘liq emas. Uni ilm, texnologiya va ishlab chiqarishni yagona natijaga birlashtira oladigan yangi avlod mutaxassislari belgilaydi.

