Kris Braun tunggi klubdagi hujum sababli sakkiz oylik shartli qamoq jazosiga hukm qilindi
R&B yulduzi avvalroq musiqa prodyuseriga shisha idish bilan hujum qilganidan keyin tartibsizlik tug'dirishda aybini tan olgan edi.

Kris Braun tungi klubdagi hujumdan soʻng sakkiz oylik shartli qamoq jazosiga hukm qilindi
AQShlik xonanda Kris Braun London tungi klubida bir erkakning boshiga tekila shishasi bilan ikki marta urganidan soʻng qamoq jazosidan qutulib qoldi.
R&B yulduzi 2023 yil 19 fevral kuni ertalab Meyferdagi Tape xususiy klubida sodir etilgan hujum uchun 12 oylik shartli muddat bilan sakkiz oylik qamoq jazosini oldi.
Hujumda ishtirok etgan Braunning vokal boʻyicha murabbiyi, reper Omololu Akinlolu 12 oylik shartli muddat bilan toʻrt oylik qamoq jazosiga hukm qilindi. Jamoat tartibini buzish aybini tan olgan har ikkala erkakka, shuningdek, 1 500 funt sterling miqdorida sud xarajatlarini toʻlash yuklatildi.
Sudya Toni Baumgartner Braunning jabrlanuvchining boshiga ikki marta urish uchun shisha idishdan foydalangani «ochiqchasiga xavfli» boʻlganini va hujumning zoʻravonlik darajasi «shiddatli» kechganini aytdi.
Bu hukm Braun 12 oylik shartli muddat davomida boshqa huquqbuzarlik sodir etmasa, qamoqqa olinmasligini anglatadi.
Sudda eshitilishicha, Braunning musiqa prodyuseri Abraham «Eyb» Dioga qilgan hujumi tufayli jabrlanuvchi olgan jarohatlari sababli shifoxonada davolanishiga toʻgʻri kelgan.
Hukmni eʼlon qilar ekan, sudya Baumgartner shunday dedi: «Shisha idishdan bunday tarzda, ayniqsa boshga qaratib qayta-qayta foydalanish ochiqchasiga xavfli edi, bu oxir-oqibat yetkazilganidan koʻra ogʻirroq jarohat yetkazish xavfini tugʻdirgan edi».
Sudda videokuzatuv tasvirlari koʻrsatildi, unda Braun Dioni shisha bilan toʻrt marta urgani, jumladan ikki marta boshiga tekgizgani, soʻng yelkasiga urgani aks etgan.
Braunga hukm oʻqiyotganda sudya Baumgartner shunday dedi: «Bu oldindan rejalashtirilgan zoʻravonlik emas edi. Shunga qaramay, bu gavjum tungi klubda ikki kishi tomonidan sodir etilgan ogʻir zoʻravonlik edi».
Sudya Braunga shunday dedi: «Gavjum tungi klubdagi bunday zoʻravonlik jiddiydir, u nafaqat hujum qaratilgan shaxs uchun, balki atrofdagi boshqalar uchun ham ochiq-oshikor xavf tugʻdiradi».
U Braunning xatti-harakatlari «ayniqsa xavfli» boʻlganini va uni hujumdan «jismonan tortib olishga» majbur boʻlishaganini qoʻshimcha qildi.
Sudya Braunning mashhurligi, tijoriy muvaffaqiyati va professional maqomi «sizga alohida munosabatda boʻlish huquqini bermaydi - qonun hammaga teng amal qiladi», dedi.
Ammo sudya Baumgartner, shuningdek, Braunning aybini tan olgani, garov shartlariga rioya qilgani va ozodlikdan mahrum qilish jazosi Braunning farzandlariga koʻrsatadigan taʼsirini hisobga olganini aytdi va xonandaning «qayta huquqbuzarlik sodir etish xavfi past» ekanini bildirdi.
Braun va Akinlolu iyul oyida Sautvark qirollik sudida jamoat tartibini buzish aybiga iqror boʻlishgan edi.
Xonanda avvaliga oʻzi rad etgan va keyinchalik bekor qilingan jiddiyroq ayblovlar boʻyicha sud oldida javob berishi kerak edi.
Ushbu ayblovlar qasddan badanga ogʻir shikast yetkazishga urinish, tan jarohati yetkazish va hujum qurolini saqlashdan iborat edi.
Braun va Akinlolu aybga iqror boʻlganidan soʻng, Buyuk Britaniya qirollik prokuratura xizmati (CPS) bayonot berib, Braun raqs maydonchasida Dioga yaqinlashganini va Akinlolu Dioning boshiga musht tushirishidan oldin uning boshiga shisha idish bilan ikki marta urganini maʼlum qildi.
«Jabrlanuvchi klub orqali qochishga uringanida ham ular hujumni davom ettirishgan», deyiladi CPS bayonotida. «Jabrlanuvchi polda himoyasiz oʻtirgan paytida unga tepki berilgan».
Braunning vokal boʻyicha murabbiyi, reper Omololu Akinlolu ham ilgari jamoat tartibini buzish aybiga iqror boʻlgan edi
Dushanba kuni sudga hujum sodir boʻlgan kechada Tape tungi klubi ichidan olingan uchta videokuzatuv tasviri koʻrsatildi.
Hujum 20 soniyadan ortiq davom etmagan, ammo tasvirlarda Braun jabrlanuvchiga tekila shishasi bilan toʻrt marta, jumladan ikki marta boshiga urganini koʻrish mumkin edi.
Prokuror Heydi Stounkliff KC qurolni «ogʻir toʻrtburchak shakldagi tekila shishasi» deb taʼrifladi va Braun soat 03:00 atrofida Dioga yaqinlashganini aytdi.
Tasvirlar oʻsha vaqtda tungi klub juda kichik va gavjum boʻlganini koʻrsatdi.
Himoya taraf Kris Braunni «toʻrt farzandning jonkuyar va mehribon otasi», «ijobiy va oilasi davrasida boʻladigan» shaxs deb taʼrifladi.
Xonanda 2013 yildagi oxirgi sudlanganidan beri «yaxshi va qonunga boʻysunadigan hayot» kechirgani aytildi.
Tape tungi klubidagi voqealar himoya taraf tomonidan «qisqa va juda pushaymon boʻlingan hodisa» deb taʼriflandi.
Braunning himoyachi advokati sudda u hujum paytida klubda boʻlgan hammadan kechirim soʻrashini aytdi.
«Bu xunuk va yoqimsiz hodisa», dedi Salli Bennett-Djenkins KC.
«Biroq, bu juda qisqa muddatli, 17 soniyadan sal koʻproq, lekin 20 soniyadan oshmagan hodisadir.
«Bu, shubhasiz, hozir boʻlganlarga aziyat yetkazgan boʻlishi mumkin va buning uchun janob Braun... hozirgacha boʻlganlarning hammasidan chin dildan kechirim soʻraydi».
Sudda Akinlolu voqeaga qoʻshilib, Dioga musht tushirgan paytda Braun «hujumga uchragan» deb «haqiqatan ham ishongani» eshitildi.
Braun Akinlolu uchun «aka-ukadek» boʻlganini aytdi uning advokati Lori-Enn Pauer KC sudda.
U qoʻshimcha qildi: «U haqiqatan ham uni hujumga uchragan deb oʻylagan va aralashgan, va shundan soʻng uning dastlabki aralashuvi u aybini tan olgan voqealarga juda tez aylanib ketganini tan oladi».
Dio hujumdan soʻng Londonning Sent-Meri shifoxonasiga olib ketilgan. Honim Stounkliff KC unga «ogʻriq qoldiruvchi vositalar berilgani va bosh jarohati hamda tizzaning yuzaki jarohati tashxisi bilan» shifoxonadan javob berilganini aytdi.
Mart oyi boshida olingan MRT skaneri «chap tizzaning ichki tomonidagi boylamning ogʻir darajadagi jarohati»ni koʻrsatdi, deb eshitildi sudda.
Braunni himoya qilar ekan, honim Bennett-Djenkins KC «nisbatan past darajadagi kuch» ishlatilganini aytdi va jarohatlarning qanchalik jiddiyligini munozaraga sabab qildi.
Himoya taraf hujum hech qanday suyak sinishiga yoki terining yorilishiga olib kelmaganini va ogʻir jarohatlar yoʻqligini taʼkidladi.
Jabrlanuvchi Dio «ayblovni qoʻllab-quvvatlamagan» va hodisadan bir oz vaqt oʻtgach oʻz qoʻllab-quvvatlashini «qaytarib olgan», deb eshitildi sudda.
Sudya oʻz hukm soʻzlarini tugatgach, Braun va Akinlolu oʻrinlaridan turishdi, bir-birlariga qarashdi va oynavand aybdorlar oʻrindigʻini tark etishdan oldin qoʻl berib koʻrishdi.
Kris Braun binoni tark etayotganda sud binosi tashqarisida baland hayqiriqlar eshitildi, u dastxat yozib berish uchun toʻxtagandek tuyuldi.
Hukm chiqarilgandan soʻng, Braun Instagram story’sida mashinasi ichidan olingan videoni joylashtirdi, unda u derazadan tashqariga qarab turgani, soʻng kameraga oʻgirilib, bosh barmogʻini koʻrsatgani aks etgan.
37 ёшли Браун Turn Up The Music, Ayo, Freaky Friday, Run It, Forever, Yeah 3x ва Don’t Wake Me Up каби хит қўшиқлари билан R&B olamidagi eng yirik yulduzlardan biri hisoblanadi.

