Kriptooʻgʻrilar uyida erkakka hujum qilishdi va «daxshatli» talonchilik paytida uning homilador xotinining bolasini oʻldirish bilan tahdid qilishdi
Erkak yuz minglab funt sterling qiymatidagi kriptovalyutani oʻtkazib berguniga qadar bolgʻalar bilan kaltaklangan.

Kriptooʻgʻrilar uyida erkakka hujum qilib, «daxshatli» talonchilik paytida uning homilador xotinining bolasini oʻldirish bilan tahdid qilishdi
Niqobli shaxslar bir tadbirkorning uyiga bostirib kirib, unga bolgʻalar bilan hujum qilishdi va yuz minglab funt sterling qiymatidagi kriptovalyutani topshirmasa, uning homilador xotinini oʻldirish bilan tahdid qilishdi.
Bi-bi-si bilan suhbatda ismi sir qolishini istagan er-xotin ushbu hujumni «daxshatli» deb atashdi va hali tugʻilmagan goʻdaklarining hayoti uchun qoʻrqishganini aytishdi.
Erkak oʻzining kriptojamgʻarmalarini oʻtkazib berganidan soʻng, hujumchilar sheriklari boshqarib turgan mashinada voqea joyidan qochib ketishgan.
Crimestoppers xayriya tashkiloti uy xavfsizlik kamerasiga muhrlangan va politsiya tomonidan tergov qilinayotgan ushbu hujum haqidagi maʼlumot uchun 10 000 funt sterling mukofot taklif qilmoqda.
Ekspertlarning taʼkidlashicha, bu kriptovalyuta investorlarini nishonga oluvchi va «gayka kaliti bilan hujum» (wrench attack) deb ataluvchi zoʻravonlik bilan talonchilik qilishning tobora kuchayib borayotgan shaklidir.
Kriptotangalarning qiymati oshgani sayin, Buyuk Britaniya, Frantsiya va AQShda raqamli aktivlar bilan bogʻliq bunday zoʻravonlik talonchiliklari haqida xabarlar paydo boʻlmoqda.
Pullar oʻtkazib berilgandan soʻng, ularni qaytarib olish juda qiyin boʻlishi mumkin.
Bi-bi-si Jeyms deb ataydigan erkakning aytishicha, uch nafar bosqinchi uning Solixalldagi uyiga bostirib kirib, 45 daqiqa davom etgan hujumni amalga oshirgan.
«Eshik kuch bilan ochildi, men qoʻlqoplar va balaklava (niqob) kiygan odamlar kirib kelayotganini koʻrdim», dedi u.
Jeyms ularga qarshilik koʻrsatishga harakat qilgan, ammo ular uning yuzi, boshi va qovurgʻalariga bolgʻa bilan urishgan.
Uning yetti oylik homilador xotinini jinoyatchilardan biri divanga bosib turgan.
«U xotinimning yuziga yostiqni bosib oldi», dedi Jeyms. «U uni divanda tom maʼnoda boʻgʻib oʻldirmoqchi edi. Men xotinimning "Nafas ololmayapman" deb baqirganini eshitib turdim».
Er-xotin jinoyatchilar nima xohlayotganini to erkaklardan biri Jeymsga telefonini blokdan chiqarib, ularga berishni buyurmaguncha tushunishmagan.
Jeymsning aytishicha, hujumchilar unda kriptovalyuta borligini bilishgan, ammo unga qanday kirishni deyarli tushunishmagan.
Buning oʻrniga, ular videoqoʻngʻiroq orqali bogʻlangan boshqa bir shaxsning koʻrsatmalariga amal qilishgan.
«Мен FaceTime'dagi yigitning: "Uning telefonidagi hamma narsani menga koʻrsat. Unda qanday ilovalar borligini koʻrsat", deyayotganini eshitib turdim», dedi u.
Qoʻngʻiroq qilgan shaxs katta mablagʻga ega kriptohamyonni topgach, tahdidlar yanada jiddiylashgan.
«U shunday dedi: "Qara, agar hozir bu pulni bizga yubormasang, xotiningning qorniga pichoq urib, bolangni oʻldiramiz. Xotiningni oʻldiramiz"», dedi Jeyms.
Ismi sir qolishini istagan xotini oʻtgan yilning dekabr oyida sodir boʻlgan ushbu hujumni «daxshatli» deb taʼrifladi va Jeyms polda harakatsiz yotganida uni oʻldirilgan deb oʻylaganini aytdi.
«Bu dahshatli edi», dedi u.
Oʻttiz yoshlar atrofidagi ayol oʻsha paytda uchinchi farzandini kutayotgan edi va hujumdan kelib chiqqan stress tufayli bolasidan ayrilib qolishdan qoʻrqqanini aytdi. Bola omon qoldi va oʻz vaqtida sogʻlom tugʻildi.
Jeyms oʻz jamgʻarmalarini — yuz minglab funt sterling qiymatidagi kriptovalyutani — videoqoʻngʻiroqdagi odamning raqamli hamyoniga oʻtkazib berganidan keyin erkaklar uyni tark etishgan.
Ular shuningdek, bir nechta qimmatbaho Rolex soatlarini ham oʻgʻirlab ketishgan.
Jeymsning aytishicha, ular ketishdan oldin videoqoʻngʻiroqdagi odamning sheriklariga: «Har biring 10 mingdan olishing mumkin, qolganini esa men olaman», deganini eshitgan.
Anʼanaviy bank hisobvaragʻidagi pullardan farqli oʻlaroq, kriptovalyuta koʻpincha egasi tomonidan raqamli hamyonlar yoki jismoniy qurilmalar orqali toʻgʻridan-toʻgʻri nazorat qilinadi.
Jinoyatchilar uchun bu tezkorlik, anonimlik va qaytarib boʻlmaslik xususiyatlari kripto egalarini jozibador nishonga aylantirishi mumkin.
Kriptovalyuta oʻgʻriligining aksariyat qismi onlayn tarzda xakerlik va firibgarlik orqali sodir boʻlsa-da, Chainalysis kriptotergovchilarining taʼkidlashicha, soʻnggi yillarda «gayka kaliti bilan hujumlar» keskin oshgan.
Ularning tadqiqotlariga koʻra, shu yilning iyun oyigacha zoʻravonlik bilan sodir etilgan talonchiliklarda 30 million dollar (22,6 million funt sterling) oʻgʻirlangan, bu esa 2026 yilni kriptohujumlar tarixidagi eng yomon yilga aylantirishi mumkin. Shuningdek, bu yil uylarga bostirib kirish holatlari ham koʻpaymoqda.
AQSh, Braziliya va Tailand eng xavfli hududlar hisoblanadi, ammo Frantsiyada hujumlar soni eng yuqori koʻrsatkichga yetgan. Bunga soliq idorasidagi maʼlumotlarning sizib chiqishi sabab boʻlgan, bu esa boy kripto egalarini aniqlash imkonini bergan.
«Anʼanaviy boyliklarni himoya qiluvchi jismoniy xavfsizlik choralari, masalan, bank seyflari va zirhli mashinalar, kriptoda avtomatik ravishda ishlamaydi. Koʻpincha egalar oʻz aktivlarini nisbatan past xavfsizlik tizimlarida, masalan, shaxsiy nazoratdagi hamyonlarda saqlashadi, ularga hech qanday institutsional nazoratchisiz toʻsiqsiz kirish mumkin», deyiladi tadqiqotchilar hisobotida.
Jeyms 2020 yilda kriptotangalarga havaskor investor sifatida kirib kelganini va 2023 yilda toʻliq vaqt davomida savdo qilish uchun ishini tashlashga yetarli mablagʻ ishlab topganini aytdi.
Endi u hamma narsasini yoʻqotdi va anʼanaviy ishiga qaytishga umid qilmoqda.
Politsiya hujumchilarning shaxsini hali aniqlamagan.
Crimestoppers tergovda oldinga siljishga yordam beradigan maʼlumot uchun 10 000 funt sterling mukofot taklif qilmoqda.
Xayriya tashkilotidan Alan Edvards odamlarda uchta hujumchi, tashqarida yuzi yopilmagan holda mashinada kutib turgan haydovchi yoki telefondagi odam haqida maʼlumot boʻlishi mumkinligidan umid qilmoqda.
«Bu jinoyatchilar shubhasiz jiddiy va qandaydir uyushgan jinoiy guruhning aʼzolaridir», dedi u.
«Odamlar bizga maʼlumot berishdan qoʻrqishlari mumkin, ammo biz politsiyadan mustaqilmiz va odamlarning shaxsini toʻliq sir saqlaymiz».
Uch nafar hujumchining yoshi 18-25 atrofida ekanligi taxmin qilinmoqda, ulardan biri chap qoshining ostida chandigʻi boʻlgan qora tanli erkak boʻlgan.
Jeyms oʻgʻirlangan mablagʻlarni qaytarib olishga umidi kamligini, lekin buning oʻrniga aybdorlarning javobgarlikka tortilishini xohlashini aytdi.
U shuningdek, uning boshidan kechirganlari boshqalar uchun ogohlantirish boʻlishini istaydi.
«Ular xotinim va bolamga tahdid qilishdi», dedi u. «Odamlar bu xavflar haqiqiy ekanligini tushunishlari kerak».

