Koʻllar soni boʻyicha dunyo davlatlari reytingi tuzildi
Dunyodagi koʻllar soni boʻyicha Kanada mutlaq yetakchi boʻlib, mamlakat hududida qariyb 1,4 million koʻl joylashgan. Bu koʻrsatkich reytingdagi boshqa davlatlar natijasidan bir necha barobar yuqori.

Koʻllar soni boʻyicha dunyo davlatlari reytingi eʼlon qilindi
HydroLAKES maʼlumotlari asosida tuzilgan reytingda maydoni kamida 0,1 kvadrat kilometr boʻlgan tabiiy koʻllar inobatga olingan.
Suv omborlari hamda oqimi inson tomonidan boshqariladigan koʻllar statistikaga kiritilmagan. Chegaradosh koʻllar esa ulardan suv oqib chiqadigan davlat hisobiga yozilgan.
Reytingda Kanadadan keyin Rossiya joy olgan — mamlakatda 201 240 ta koʻl bor. Uchinchi oʻrinni 102 519 ta koʻl bilan AQSH egallagan. Xitoyda esa 23 751 ta koʻl qayd etilgan va u toʻrtinchi pogʻonada.
Kanada, Rossiya va AQSHning oʻzi ushbu maʼlumotlar bazasiga kiritilgan 1,42 milliondan ortiq koʻlning 83 foizdan koʻprogʻiga toʻgʻri keladi.
Biroq koʻllar soni ular egallagan umumiy maydon haqida toʻliq tasavvur bermaydi. Masalan, Kanada koʻllarining umumiy maydoni taxminan 812,7 ming kvadrat kilometrni tashkil etsa, Rossiyada bu koʻrsatkich qariyb 622,6 ming kvadrat kilometrga teng.
Statistikada koʻl deb hisoblanadigan suv havzasining minimal maydoni ham natijaga sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Masalan, Finlyandiyada maydoni kamida 0,0005 kvadrat kilometr boʻlgan qariyb 168 mingta koʻl mavjud. Ammo HydroLAKES reytingidagi 0,1 kvadrat kilometrlik mezon qoʻllanganda, ularning soni 7 898 tagacha tushadi.
Kanada va Rossiyada koʻllarning shu qadar koʻpligi, avvalo, ularning shimoliy geografik joylashuvi va qadimgi muzlik davrlari bilan bogʻliq. Minglab yillar davomida ulkan muz qatlamlari shimoliy hududlar relyefini qayta-qayta oʻzgartirgan. Muzliklar chekingach, ular hosil qilgan pastlik va chuqurliklarda suv toʻplanib, minglab koʻllar shakllangan.
Rossiyada dunyodagi eng noyob chuchuk suv havzalaridan biri — Baykal koʻli ham joylashgan. U dunyodagi eng chuqur koʻl hisoblanadi. Manbaga koʻra, Baykal suvlarida sayyoradagi muzlamagan chuchuk suv zaxiralarining qariyb 20 foizi mujassam.
Shu tariqa, bugungi kunda koʻllar eng koʻp jamlangan hududlar xaritasi koʻp jihatdan qadimgi muzliklar harakatlangan hududlar bilan mos keladi. Bir vaqtlar ulkan muz qatlamlari qoplab turgan yerlarda hozir oʻn minglab, ayrim mamlakatlarda esa yuz minglab va milliondan ortiq koʻllar mavjud.

