Koʻkdala hokimi hujumga uchradi
Unga tumanda savdo faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkor bolta bilan jarohat yetkazgani aytilmoqda. Manbaga koʻra, hokimlik tashabbusi bilan tadbirkor savdo qiladigan doʻkon buzilishi kerak boʻlgan.

Koʻkdala tumani hokimi hujumga uchradi
Qashqadaryo viloyatining Koʻkdala tumani hokimi Xurram Joʻrayevga tadbirkor bolta bilan tashlangan.
Manbaga koʻra, hodisa kecha, 14-oktabr kuni paxta qabul qilish maskanida yuz bergan. Tadbirkor hokimning kelishini kutib turgan. Xurram Joʻrayev yetib kelgach, uning ortidan bolta bilan zarba bergan.
Maʼlum qilinishicha, hokim bilan tadbirkor oʻrtasidagi kelishmovchilik tadbirkorga tegishli doʻkonni buzish masalasidan boshlangan. Hokimlik doʻkonni buzdirish yuzasidan sudga daʼvo arizasi kiritgan. Biroq sud tadbirkor foydasiga qaror chiqargan. Keyinchalik nizoli ish boshqa tuman sudiga oʻtkazilgan va hokimlikning daʼvosi qanoatlantirilgan.
Shundan keyin hokimlik tadbirkorga bir hafta muddat berib, doʻkonni buzib tashlashni talab qilgan.
Manbaning qoʻshimcha qilishicha, hozir Xurram Joʻrayev shifoxonada qolmoqda. Uning ahvoli qoniqarli ekani aytilmoqda.
IIV matbuot xizmati voqea sodir boʻlganini tasdiqlab, prokuratura tomonidan oʻrganish olib borilayotganini maʼlum qildi. Viloyat hokimligi matbuot xizmati rahbari Ahror Sodiqov esa “aniq tafsilotlardan xabardor emas”ligini bildirdi.
Eslatib oʻtamiz, Xurram Abdurazikovich Joʻrayev 2022-yil 19-apreldan buyon Koʻkdala tumani hokimi lavozimida ishlab kelmoqda.

