Kosmosga raketasiz: JP Aerospace yangi Hazel konseptini koʻrsatdi
AQShning JP Aerospace tashkiloti anʼanaviy raketa ishlatmasdan Yer orbitasiga chiqishni nazarda tutuvchi Hazel apparatining yangi kompyuter tasvirlarini taqdim etdi.

Kosmosga raketasiz: JP Aerospace yangi Hazel konseptini namoyish etdi
Tashkilot rahbari Jon Pauell eʼlon qilgan tasvirlarda qora rangli, qanotsimon korpusga ega Hazel apparati SuperTandem deb atalgan ulkan balandlik dirijablidan ajralib chiqayotgani aks etgan.
Pauellning izohiga koʻra, bu kadrlar Hazel haqida tayyorlanayotgan videodan olingan kompyuter animatsiyasidir. Yaʼni, ular real parvoz tasvirlari emas.
Yangi vizualizatsiya JP Aerospace bir necha oʻn yildan beri ishlab kelayotgan Airship to Orbit konseptiga yana eʼtiborni qaratdi.
Ushbu gʻoyaning asosiy maqsadi — havodan yengil apparatlar, yaʼni ulkan aerostat va dirijabllar yordamida odamlar hamda yuklarni bosqichma-bosqich orbitaga olib chiqish.
JP Aerospace oʻzini «Amerikaning boshqa kosmik dasturi» deb ataydi. Tashkilot 40 yildan ortiq vaqtdan beri notijorat asosida faoliyat yuritib keladi va asosan koʻngillilar mehnatiga tayanadi. Shu davr mobaynida unga Jon Pauell rahbarlik qilib kelgan.
Airship to Orbit dasturi anʼanaviy raketa uchirilishidan keskin farq qiladigan ssenariyni taklif etadi.
Birinchi bosqichda stratosfera dirijabli yoʻlovchilar va yuklarni atmosferaning yuqori qatlamlarida joylashishi rejalashtirilgan Dark Sky Station - «Qorongʻi osmon stansiyasi»ga olib chiqishi kerak.
Shundan soʻng yanada katta orbital dirijabl ishga tushadi.
Loyihaga koʻra, mazkur apparat elektr dvigatellari yordamida juda sekin va bosqichma-bosqich tezlashib, oxir-oqibat orbital tezlikka chiqishi kerak.
Bunday sayohat bir necha kun davom etishi mumkin.
Bu esa odatiy raketa uchirilishiga mutlaqo boshqacha yondashuv. Anʼanaviy raketalar atmosferadan bir necha daqiqa ichida oʻtib, juda katta tezlikka chiqadi va buning uchun ulkan miqdorda energiya sarflaydi.
JP Aerospace gʻoyasi esa yoʻlovchi yoki yukni bir zumda emas, balki bosqichma-bosqich balandlikka koʻtarish va keyin asta-sekin orbital tezlikka yetkazishni nazarda tutadi.
JP Aerospace aerostatlar asosidagi yirik apparatlar yuqori balandliklarga koʻtarila olishini amalda namoyish qilgan.

