Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi tibbiyot muassasasi rahbari xotinini perinatal markaz boshligʻi etib tayinlaganidan keyin tekshiruv boshladi
Tashkent Times — Oʻzbekistonning barcha soʻnggi yangiliklarini yorituvchi ingliz tilidagi onlayn-gazetadir

Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi tibbiyot birlashmasi rahbari xotinini perinatal markaziga rahbar etib tayinlaganidan soʻng surishtiruv boshladi
Toshkent tumani tibbiyot birlashmasi rahbari Husan Asadov oʻzi imzolagan buyruqqa asosan xotini Gulnora Asadovani Tumanlararo perinatal markazi rahbari lavozimiga tayinladi.
Hujjatda Asadova 12 oktyabrdan ishga olingani koʻrsatilgan. Huquqiy asos sifatida Mehnat kodeksining 122 va 127-moddalari hamda uning mehnat shartnomasi keltirilgan.
Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati ushbu tayinlov boʻyicha rasmiy surishtiruv boshlanganini maʼlum qildi.
Toshkent viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi ham ushbu masalani oʻz nazoratiga olganini bildirdi.
Tegishli organlar tomonidan mazkur holat oʻrganilmoqda. Mehnat kodeksining 121-moddasiga koʻra, oʻzaro yaqin qarindoshlarning bevosita boʻysunuvi yoki nazorati ostida birga xizmat qilishi taqiqlanadi. Kadrlar boʻyicha qarorlarning qonuniy va shaffof boʻlishini taʼminlash hamda manfaatlar toʻqnashuvining oldini olishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻrganish yakunlangach, qonunda belgilangan tartibda choralar koʻriladi, deyiladi boshqarma bayonotida.
Toshkent viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasining Komplayens nazorati xizmati ushbu tayinlovni nima uchun payqamagani hozircha nomaʼlumligicha qolmoqda.
Tumanlararo perinatal markazi rahbari lavozimiga boshqa daʼvogarlar ham hujjat topshirgan edi. Ulardan biri Daryo’ga ariza bergan uch nafar shifokorga bosim oʻtkazilganini aytdi.
«Men ARGOS platformasi orqali perinatal markaz rahbarligiga oʻz nomzodimni qoʻygan edim. shundan soʻng menga qoʻngʻiroq qilib, nomzodimni qaytarib olishimni aytishdi. Men rad etdim. Keyinchalik platforma talablari oʻzgartirilib, daʼvogarlar ilmiy tadqiqot olib borgan yoki ilmiy darajaga ega boʻlishi kerakligi haqida shart qoʻshildi. Oqibatda nomzodlarimiz tanlovdan avtomatik ravishda chiqib ketdi», dedi nomzod.

