Ko‘rfazda blokada qoladi, AQSh narkokartellarni bombalamoqchi – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

**Ko‘rfazda blokada davom etadi, AQSh narkokartellarni bombalash niyatida – kun dayjesti**
Jahonda o‘tgan kun davomida ro‘y bergan eng muhim voqea va yangiliklar sharhi bilan tanishtiramiz.
**Japarov Tashiyev haqida gapirdi**
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 2027-yilda lavozimini tark etib, Qamchibek Tashiyevni o‘zining vorisi sifatida qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirganini ma’lum qildi. Biroq, Japarovning so‘zlariga ko‘ra, u keyinchalik ko‘p yillik siyosiy sherigi prezidentlikka tayyor emas degan xulosaga kelgan.
Jurnalist Ali Toktakunovga bergan intervyusida Japarov bekor qilingan vorislik rejasini oshkor qildi. "Qamchi prezident bo‘ladi, men esa iste’foga chiqaman. Menda shunday reja bor edi", dedi Japarov.
Prezident bu reja haqida Tashiyevga taxminan bir yil oldin aytgan va uni prezidentlikka tayyorgarlik ko‘rishga chaqirgan. Keyinchalik Japarov "Tashiyev bunga tayyor emas" degan xulosaga kelgan. U bunga Tashiyevning ayrim xodimlari va safdoshlarining xatti-harakatlarini, "75 kishining xati" va parlamentdagi bo‘linish belgilarini sabab qilib ko‘rsatdi.
Japarov Tashiyevni chaqirib, unga: "bunday qilib bo‘lmaydi, odamlarni ikkiga ajratish mumkin emas", deganini aytdi. Shuningdek, u Tashiyevni lavozimidan chetlatilishi haqida ogohlantirganini bildirdi.
U Tashiyevning xavfsizlik idoralaridagi faoliyati va ulkan hissasini ta’kidladi, biroq u dam olishi va qayerda xatoga yo‘l qo‘yganini o‘ylab ko‘rishi kerakligini aytdi.
Japarov, shuningdek, 2027-yilda yana bir muddatga nomzodini qo‘yish niyatida ekanini shaxsan tasdiqladi. Reuters xabariga ko‘ra, u: "Men yana bir muddatga o‘z nomzodimni qo‘yish niyatidaman va o‘z ishimni davom ettiraman", degan.
**AQSh Eronga bosimni oshirmoqchi**
AQSh rasmiylari Eronning dengiz qamalini cheksiz muddatga ushlab turishi mumkinligini va Tehronga nisbatan iqtisodiy bosimni kuchaytirishini ma’lum qildi.
"Qo‘shma Shtatlar Harbiy-dengiz kuchlari bunday qamalni cheksiz muddat ushlab turishi mumkin, chunki biz hozirgacha bo‘lgani kabi kemalarni almashtirib turamiz va buni davom ettiramiz", dedi AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset.
Moliya vaziri Skott Bessent esa Qo‘shma Shtatlar Eronga yanada ko‘proq moliyaviy zarar yetkazishni rejalashtirayotganini aytdi.
"Kelgusi haftada kutilayotgan yangi e’lonlarni kuzatib boring. Chunki biz bir mamlakatni iqtisodiy jihatdan yakkalash tarixida hali ko‘rilmagan choralarni qo‘llamoqchimiz", dedi u.
Ayni kunlarda Yaqin Sharqda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar barbod bo‘lgan, global neft ta’minoti qisqarmoqda va mintaqaviy ziddiyatlar kuchaymoqda.
Iyun oyidagi dastlabki kelishuv chippakka chiqqach, Eron bunga javoban Hurmuz bo‘g‘ozini nazorat qilish orqali Vashingtonga ta’sir o‘tkazishga urinmoqda.
Xususan, payshanba kuni kechqurun BAA davlat kompaniyasiga qarashli ikkita kemaga hujum qilingan. Birlashgan Arab Amirliklari hukumati buni Eron hujumi sifatida qoraladi.
AQSh prezidenti Donald Tramp esa o‘z xalqi tomonidan umuman qo‘llab-quvvatlanmayotgan urushni tugatish bo‘yicha bosim ostida qolgan. Tramp bir necha bor AQSh bo‘g‘oz ustidan "to‘liq nazoratga" ega ekanini ta’kidladi. Ammo Eron buni inkor etmoqda.
**Rossiya-Ukraina urushi**
Payshanba kuni ham Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi harbiy harakatlar davom etdi. Xususan, "Wildberries" kompaniyasi Boshqirdistondagi havo hujumi oqibatida o‘z ob’yektida yong‘in sodir bo‘lganini ma’lum qildi. Bu iyuldan beri marketpleys omborlaridagi kamida 18-yong‘indir.
Payshanba kuni tongda "Gazprom" neftni qayta ishlash zavodi joylashgan Salavat shahriga Ukraina dronlari hujum qilgan.
Orenburgda esa so‘nggi kunlarda ikkinchi marta neftni qayta ishlash zavodi joylashgan Orsk shahriga dronlar hujum qildi. Gubernator so‘zlariga ko‘ra, zavod ishi to‘xtatilgan, ta’mirlash uchun yarim yil kerak bo‘lishi mumkin.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa payshanbaga o‘tar kechasi Odessa viloyatidagi portlarga hujum qilgan.
Bundan tashqari, Odessa viloyatida Rossiya droni yo‘lovchi poyezdi lokomotiviga kelib urilgan. BBCʼning yozishicha, oqibatda mashinist va uning yordamchisi halok bo‘ldi. Poyezd yo‘lovchilarini evakuatsiya qilishga muvaffaq bo‘lingan, ulardan hech kim jabrlanmagan.
**AQSh-Kolumbiya munosabatlari**
AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset Kolumbiyadagi qurolli guruhlarga birgalikda zarba berish ehtimolini ilgari surdi.
Kolumbiya "terrorchilar va terror tarmoqlarini yo‘q qilish uchun qo‘shma harbiy operatsiyalarga" ruxsat bergan, dedi Hegset Panamada bo‘lib o‘tgan kartellarga qarshi koalitsiya yig‘ilishida.
Uning tasdiqlashicha, Milliy ozodlik armiyasi va Kolumbiya Inqilobiy qurolli kuchlari kabi qurolli guruhlarga qarshi qo‘shma zarbalar berish masalasi muhokama qilingan.
"Belgilangan terrorchilik tashkilotlari hamkor hukumatlar bilan birgalikda AQSh hukumatining qonuniy nishoniga aylanadi, jumladan, Kolumbiyada ham", dedi u. Hegset narkofurushlarni "Al-Qoida" yoki "IShID" terrorchilariga qiyosladi.
Tahlilchilarga ko‘ra, prezident Trampning Lotin Amerikasi bo‘yicha siyosati Panama kanalidan ham ancha kengayib ketdi. O‘tgan yil sentyabridan beri AQSh harbiylarining giyohvand moddalar tashilishi gumon qilingan qayiqlarga bergan zarbalari oqibatida 200 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Yanvar oyida esa AQSh boshchiligidagi maxsus kuchlar Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni ag‘darib, o‘g‘irlab keldi.
Kolumbiyaning yangi saylangan prezidenti Abelardo De La esa qasamyod qilish marosimidagi nutqida "noqonuniy ekinlar balosini uzil-kesil yo‘q qilishga" va’da berdi. Shuningdek, u Tramp tomonidan asos solingan "Amerika qalqoni" dasturiga qo‘shilish majburiyatini oldi.
**Ruminiyadagi yagona AES o‘chirilmoqda**
Ruminiya mamlakatda ishlayotgan yagona yadro reaktorini Dunay daryosidagi suv sathining tushib ketgani sababli o‘chirishni boshladi. "Chernavode" AES ushbu suvdan reaktorlarni sovitish uchun foydalangan.
Iyul oyi oxirida atom elektr stansiyasidagi birinchi reaktor to‘xtatilgandi. "Dunayda suv sathining sezilarli va barqaror pasayishi tufayli" ikkinchi reaktorni ham to‘xtatish zarur, demoqda rasmiylar.
Endilikda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj muqobil manbalar, xususan, shamol energetikasi hisobidan qoplanadi. Ruminiya butun avgust oyi davomida energetik favqulodda holat rejimini e’lon qildi va barchaga elektr energiyasi iste’molini kamaytirish iltimosi bilan chiqdi.
Ruminiya suv resurslarini boshqarish agentligiga ko‘ra, Dunayda suv sathining ko‘tarilishi 15-avgustdan boshlab kutilmoqda. Chunki daryoning yuqori oqimida yog‘ayotgan yomg‘irlar asta-sekin bu qismga yetib keladi. Ammo AES o‘z ishini qachon qayta tiklashi hozircha noma’lum.
Avvalroq Vengriya ham Dunay daryosida suv sathining pasayishi sababli "Paksh" AES ishi to‘xtatilishini e’lon qilgandi. 2026-yilda Markaziy Yevropadagi bir necha bor kuzatilgan anomal issiqlik va qurg‘oqchilik to‘lqinlari sababli Dunay daryosi juda sayozlashib qolgan.

