Koreyadagi «O‘zbekiston madaniyati kunlari»da qator o‘zbek san’atkorlari chiqish qildi (foto)
16–17 sentyabr kunlari Seul shahridagi Sejong Art Center majmuasida madaniyat kunlarining tantanali ochilish marosimi va

Koreyada o‘tayotgan «O‘zbekiston madaniyati kunlari»da bir qator o‘zbek san’atkorlari sahnaga chiqdi (foto)
Joriy yilning 14–21 sentyabr kunlari Koreya Respublikasining Kochxon, Boryon, Seul, Chondju, Andon va Sunchxon shaharlarida «O‘zbekiston madaniyati kunlari» tashkil etilmoqda.
Madaniyat kunlari doirasida kecha Janubiy Koreya poytaxti Seuldagi Sejong Art Center majmuasining Grand Theater konsert zalida «O‘zbekiston madaniyati kunlari»ning tantanali ochilish marosimi hamda konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekistonning boy milliy musiqa va san’at merosi keng namoyish etildi. Madaniy dasturda O‘zbekiston xalq artistlari Ozodbek Nazarbekov, Zulayxo Boyxonova, Kamoliddin O‘rinboyev, Ilyos Arabov va Aygul Nodirova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ozoda Nursaidova, shuningdek, taniqli xonandalar Hulkar Abdullayeva va Ulug‘bek Yo‘lchiyev ishtirok etdi. Shuningdek, konsert dasturidan O‘zbekiston davlat simfonik orkestri, «Navbahor» raqs ansambli, maqom va opera san’ati xonandalarining chiqishlari ham o‘rin oldi. Tomoshabinlarga o‘zbek simfonik musiqasi, milliy raqs, maqom va opera san’ati hamda zamonaviy estrada namunalari taqdim etildi.
Madaniyat kunlari dasturi keng ko‘lamli bo‘lib, Koreya Respublikasining turli shaharlarida simfonik konsertlar, ko‘rgazmalar, uchrashuvlar va boshqa madaniy tadbirlarni qamrab olgan.
Jumladan, 14 sentyabr kuni Kochxon shahridagi Gochang Cultural Center majmuasida, 15 sentyabr kuni Boryon shahridagi Boryeong Culture and Arts Center majmuasida «O‘zbek madaniyati fasllari» simfonik konsert dasturlari namoyish etildi. 16–17 sentyabr kunlari Seuldagi Sejong Art Center majmuasida madaniyat kunlarining tantanali ochilish marosimi va konsert dasturi o‘tkazildi. Shuningdek, «O‘zbek madaniyati fasllari» foto va milliy liboslar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Dasturga ko‘ra, 18 sentyabr kuni Chondju shahridagi Korean Traditional Music Center, 19 sentyabr kuni Andon shahridagi Andong Art Center majmualarida «O‘zbek madaniyati fasllari» simfonik konsert dasturlari o‘tkaziladi. 21 sentyabr kuni esa Sunchxon shahridagi Suncheon Cultural Center majmuasida «O‘zbekiston madaniyati kunlari»ning tantanali yopilish marosimi va konsert dasturi bo‘lib o‘tadi.
Madaniyat kunlari doirasida O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligidagi delegatsiya tomonidan Koreya Respublikasida madaniyat va san’at, ta’lim hamda xalqaro gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator uchrashuvlar ham o‘tkazildi.
Xususan, Seulda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Koreya Respublikasi madaniyat, sport va turizm vaziri Chxve Xvi Yon o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida ikki mamlakat o‘rtasida madaniyat va san’at sohasidagi aloqalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi Seuldagi Sungshin Women’s University universitetida bo‘lib, ta’lim va madaniyat sohalarida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Uchrashuv yakunida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti hamda Sungshin Women’s University o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat ikki ta’lim muassasasi o‘rtasida madaniyat va san’at sohasida ta’lim hamda tajriba almashinuvini rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida akademik aloqalarni kengaytirish, shuningdek, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Koreya Respublikasida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan uchrashib, ular bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
O‘zbekiston delegatsiyasining Koreya Respublikasidagi uchrashuvlari doirasida Koreya Respublikasi jamg‘armasi prezidenti Gvido Song bilan ham muloqot tashkil etildi. Unda ikki mamlakat o‘rtasida madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Madaniyat kunlari doirasida Koreya Respublikasida «San’at va Buyuk Ipak yo‘li — do‘stlik yo‘llarini bog‘lovchi rishtalar» ko‘rgazmasi ham ochildi. Ko‘rgazmada O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, san’ati va ijodiy an’analari namunalari koreys jamoatchiligiga taqdim etilmoqda.
Keng qamrovli madaniy dastur O‘zbekistonning boy madaniy merosini xalqaro maydonda targ‘ib qilish, ikki mamlakat ijodkorlari va madaniyat muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston va Koreya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

