Konstitutsiyaviy sud sud qarorisiz 10 sutkagacha ushlab turish toʻgʻrisidagi normani bekor qildi
Oʻzbekiston Konstitutsiyaviy sudi chegara rejimini buzganlarni sud qarorisiz uch sutkagacha va prokuror sanktsiyasi bilan 10 sutkagacha ushlab turishga yoʻl qoʻyuvchi normani konstitutsiyaga zid deb topdi. Sud sud qarorisiz shaxsni 48 soatdan ortiq ushlab turish mumkin emasligini koʻrsatdi.

Konstitutsiyaviy sud sud qarorisiz 10 sutkagacha ushlab turish toʻgʻrisidagi normani bekor qildi
Oʻzbekiston Konstitutsiyaviy sudi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning chegara rejimini buzganlarni sud qarorisiz uch sutkagacha, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan taqdirda esa prokuror sanktsiyasi bilan 10 sutkagacha ushlab turishga yoʻl qoʻyuvchi normasini Konstitutsiyaga nomuvofiq deb topdi.
Qaror 22 sentyabrda qabul qilindi va 25 sentyabrdan — rasmiy eʼlon qilingan kundan kuchga kirdi. U qatʼiy va uning ustidan shikoyat qilinishi mumkin emas.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 288-moddasi ikkinchi qismining konstitutsiyaviyligi masalasida Konstitutsiyaviy sudga Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova murojaat qilgan edi.
Sud qarorida koʻrsatilishicha, ombudsmanga kelib tushgan murojaatlarni oʻrganish jarayonida 2025−2026 yillarda olti nafar fuqaro sud qarorisiz 48 soatdan ortiq muddatga noqonuniy maʼmuriy ushlab turilgani ustidan shikoyat qilgani aniqlangan.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks chegara rejimini yoki davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlaridagi tartibni buzgan shaxslarni bayonnoma tuzish uchun uch soatgacha boʻlgan muddatga ushlab turishga yoʻl qoʻyar edi.
Agar huquqbuzarning shaxsini yoki huquqbuzarlik holatlarini aniqlash talab etilsa, ushlab turilgan paytdan boshlab 24 soat ichida prokurorga yozma ravishda xabar bergan holda bu muddat uch sutkagacha uzaytirilishi mumkin edi. Shaxsning yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan taqdirda, uni prokuror sanktsiyasi bilan 10 sutkagacha ushlab turish mumkin edi.
Ombudsman ushbu qoidalar Konstitutsiyaning 27-moddasi uchinchi qismiga zid ekanini koʻrsatdi. Unga koʻra, hibsga olish, qamoqqa olish va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga koʻra yoʻl qoʻyiladi, bunday qarorsiz shaxs 48 soatdan ortiq muddatga ushlab turilishi mumkin emas.
Konstitutsiyaviy sud murojaatdagi dalillarga qoʻshildi. Qarorda taʼkidlanishicha, Konstitutsiyada belgilangan 48 soatlik muddat sud nazoratisiz inson erkinligini cheklashning eng yuqori muddati hisoblanadi. Bu kafolat ushlab turishning har qanday shakllariga, jumladan, maʼmuriy ushlab turishga ham tatbiq etiladi.
Sud, shuningdek, «Xabeas korpus» printsipiga ham tayandi.
Sud bahosiga koʻra, shaxsni sud qarorisiz uch yoki oʻn sutka davomida ushlab turish imkoniyati Konstitutsiyada belgilangan maksimal muddat doirasidan chiqib ketadi.
«Shaxsni 48 soatdan ortiq ushlab turish faqat sud qarori asosida amalga oshirilishi mumkin», — deyiladi Konstitutsiyaviy sud qarorida.
Sud nizolashilayotgan normada maʼmuriy ushlab turish muddatini 48 soatdan ortiqqa uzaytirish talab etilgan hollarda ham sudga murojaat qilish nazarda tutilmaganini qayd etdi.
Natijada Konstitutsiyaviy sud chegara rejimini buzganlarni sud qarorisiz 3 sutkagacha va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan taqdirda prokuror sanktsiyasi bilan 10 sutkagacha ushlab turishga yoʻl qoʻyuvchi normani Konstitutsiyaning 27-moddasi uchinchi qismiga nomuvofiq deb topdi.
288-moddaning nokonstitutsiyaviy deb topilgan qoidalari Konstitutsiyaviy sud qarori kuchga kirgan paytdan boshlab oʻz kuchini yoʻqotdi. Bu shuni anglatadiki, endilikda ushbu normalar asosida chegara rejimini buzganlarni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq muddatga ushlab turish mumkin emas.
«Konstitutsiyaviy sud toʻgʻrisida»gi qonunga muvofiq, normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan davlat organi bir oy muddatda uni Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishi, yaʼni Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartishlar kiritishi shart.
Shu bilan birga, Konstitutsiyaviy sud moddaning yangi tahriri aynan qanday boʻlishi kerakligini belgilamadi.
Ishni koʻrib chiqishda ombudsman xorijiy qonunchilikning qiyosiy tahlilini ham taqdim etdi. Qarorda koʻrsatilishicha, Rossiya, Belarus, Qozogʻiston va Qirgʻizistonda bunday hollarda maʼmuriy ushlab turish muddati uch soatgachani tashkil etadi.
Tojikistonda ushlab turish muddati faqat sud qarori bilan uch sutkagacha uzaytirilishi mumkin, Frantsiyada maksimal muddat toʻrt soatni tashkil etadi. Germaniyada ushlab turilgan shaxs kechiktirmasdan sudya huzuriga olib borilishi kerak, bunda sud qarorisiz uni keyingi kunning oxiridan ortiq ushlab turish mumkin emas.
Konstitutsiyaviy sud, shuningdek, BMTning Inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasi pozitsiyasiga ham tayandi, unga koʻra, 48 soat masala sud nazoratiga topshirilgunga qadar shaxsni qamoqda saqlashning maqbul maksimal muddati sifatida qaraladi.
Konstitutsiyaviy sud qarori ijro etish uchun tegishli tashkilotlarga yuborildi.

