Konotop, Zaporijjya va Kiyev dronlar hujumiga uchradi
Rossiya qoʻshinlarining Ukrainaga navbatdagi dron hujumi oqibatida Sumi viloyatining Konotop shahrida bolalar bogʻchasi, maktab, tibbiyot muassasalari, turar joylar hamda transport va energetika infratuzilmasi zararlandi. Mahalliy hokimiyat ikki ayol jabrlanganini maʼlum qildi. Zaporijjyada esa zarba oqibatida savdo majmuasi vayron boʻlgan.

Konotop, Zaporijjya va Kiyev dronlar hujumiga uchradi
Rossiya qoʻshinlari 18-sentabrga oʻtar kechasi Ukrainaning bir qator hududlariga uchuvchisiz uchish apparatlari bilan zarba berdi, deb xabar bermoqda DW Ukraina rasmiy idoralari maʼlumotlariga tayangan holda.
Sumi viloyatidagi Konotop shahriga berilgan hujumlar natijasida bolalar bogʻchasi, maktab va tibbiyot muassasasi zarar koʻrgan. Bundan tashqari, xususiy uylar, gaz taqsimlash tarmogʻi, kichik biznes korxonalari, elektr uzatish liniyalari hamda temir yoʻl infratuzilmasi shikastlangan.
Konotop meri Artyom Semenixin aytishicha, hujum oqibatida ikki ayol jarohat olgan. Gaz taqsimlash tarmogʻiga yetgan zarar sabab shaharning bir qismi gazsiz qolgan.
17-sentabr kuni kechqurun Rossiya qoʻshinlari Zaporijjyadagi savdo majmuasiga ham zarba bergan, deya xabar berdi mahalliy hokimiyat.
Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati maʼlumotiga koʻra, zarbadan soʻng katta yongʻin kelib chiqqan va savdo majmuasi vayron boʻlgan. Bir kishi jarohatlangan.
Qutqaruvchilar 10 ming kvadrat metrdan ortiq maydonni qamrab olgan yongʻinni oʻchirgan. Ukraina qutqaruv xizmatiga koʻra, takroriy zarbalar xavfi tufayli oʻt oʻchiruvchilar ishni bir necha bor toʻxtatib, boshpanalarga chekinishga majbur boʻlgan. Keyinroq avariya-qutqaruv ishlari tugallangan.
Ukraina poytaxti Kiyev ham kechqurun dronlar hujumiga uchragan. Shahar meri Vitaliy Klichko maʼlumotiga koʻra, Podol tumanida uchuvchisiz apparat noturar binoga urilgan.
Hujum oqibatida bir erkak jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Ukraina Harbiy-havo kuchlari maʼlumotiga koʻra, Rossiya tungi hujum chogʻida Ukrainaga jami 93 ta uchuvchisiz uchish apparatini uchirgan.
Ukraina tomoni ular orasida Shahed turidagi zarba beruvchi dronlar, reaktiv uchuvchisiz apparatlar, «Gerbera» va «Parodiya» kabi nishonni chalgʻituvchi apparatlar, shuningdek, «Banderol» va «Dan-T» turidagi vositalar boʻlganini bildirgan.

