Kongress töliq demokratlar qöliga ötdi, Tramp esa «hamkorlikka tayyor»
AQŞda 3-noyabr kuni bölib ötgan oraliq saylovlarda Demokratik partiya Kongressning har ikki palatasida ham köpçilikka erişdi. Associated Press maʼlumotlariga köra, demokratlar Senatda 53 ta, Vakillar palatasida esa kamida 223 ta örinni egalladi. Şu tariqa prezident Donald Tramp Kongressni töliq nazorat qiliş imkoniyatidan ayrilmoqda.

Kongress to‘liq demokratlar qo‘liga o‘tdi, Tramp esa «hamkorlikka tayyor»
Senatdagi kurash saylovning eng kutilmagan natijalarini berdi. 100 o‘rinli palatada ko‘pchilik uchun 51 o‘rin kerak, chunki ovozlar 50:50 bo‘lib qolsa, hal qiluvchi ovozni respublikachi vitse-prezident J.D. Vens bergan bo‘lardi.
Demokratlar respublikachilardan kamida 7 ta o‘rinni tortib oldi va Senatda 53 o‘ringa egalik qilmoqda. Ular Shimoliy va Janubiy Karolina, Texas, Ogayo, Ayova, Meyn va Kanzasda g‘alaba qozondi.
Vakillar palatasida ham demokratlar katta ustunlikka erishdi. 435 o‘rinli palatada ko‘pchilik uchun 218 o‘rin kerak. Demokratlar respublikachilardan 25 ta o‘rinni tortib oldi.
Respublikachilar Tramp tashabbusi bilan bir qator shtatlarda saylov okruglari chegarasini o‘zgartirgan bo‘lsada, bu ularni mag‘lubiyatdan saqlab qolmadi. Masalan, Tramp 2024-yilda 15 foiz farq bilan yutgan Kentukki shtatining 6 okrugida ham demokrat nomzod g‘alaba qozondi.
Oraliq saylovlarda 36 shtatda gubernatorlar ham saylandi. AP ma’lumotlariga ko‘ra, demokratlar respublikachilardan to‘rtta gubernatorlik lavozimini tortib oldi.
Eng katta shov-shuvga Texasdagi natija sabab bo‘ldi: shtat qonunchilik palatasi deputati Gina Inoxosa uch muddat gubernatorlik qilgan Greg Ebbotni yengdi. Shu bilan u qariyb 40 yil ichida shtatning ilk demokrat gubernatori bo‘ladi.
AP hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirda 25 shtatda demokrat, 19 shtatda respublikachi gubernator bor, qolgan oltitasida sanoq davom etmoqda.
AQShning yangi Kongressi 3-yanvarda ish boshlaydi. Vakillar palatasidagi ko‘pchilik demokratlarga qo‘mitalarni boshqarish imkonini beradi. Shu orqali ular guvohlarni majburiy chaqirish va Tramp ma’muriyati, oilasi hamda biznesiga oid tergov o‘tkazish vakolatiga ega bo‘ladi.

