Kongoda to‘y bazmi azaga aylandi: yong‘in chiqishi oqibatida 22 kishi halok bo‘ldi (video)

Kongoda to‘y bazmi fojia bilan yakunlandi: yong‘in sabab 22 kishi halok bo‘ldi (video)
Kongo Demokratik Respublikasining poytaxti Kinshasa shahrida to‘y marosimi bo‘layotgan tantanalar zali yonib ketdi. Ushbu fojiada kamida 22 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Yana ko‘plab odamlar jarohat oldi.
Hodisa 5-sentyabr kuni poytaxtning Lingvala kommunasidagi tadbirlar zalida yuz bergan. Kommuna meri Norbert Mushinga Nzindulaning aytishicha, jarohatlanganlar poytaxtdagi shifoxonalarga yetkazilgan.
Yong‘in nimadan kelib chiqqani hozircha noma’lum. Rasmiylar bir nechta ehtimoliy sabablarni tekshirmoqda. Dastlabki taxminlar orasida elektr tizimidagi nosozlik va zal ichidagi bezaklarning alangalanishi bor.
Qurbonlar sonining bunchalik ko‘pligiga binodan chiqish imkoniyati cheklangani sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Merning so‘zlariga ko‘ra, zalda mehmonlarni evakuatsiya qilish uchun faqat bitta chiqish eshigi bo‘lgan. U ham nisbatan tor bo‘lgani, ustiga-ustak binoni tutun bosib ketgani sabab vahimaga tushgan odamlar tashqariga chiqa olmagan.
Voqea joyiga Kongo Demokratik Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari ham kelgan. U hodisani fojiali deb baholadi. Kinshasada, ayniqsa shaharning aholi zich yashaydigan hududlarida yong‘inlar tez-tez yuz beradi. Rasmiylar poytaxtda yong‘in xavfsizligi infratuzilmasi yetarli emasligi sabab bunday fojealar yanada og‘ir oqibatlarga olib kelayotganini ta’kidlagan.
Hozircha yong‘inning yakuniy sababi aniqlanmagan. Rasmiylar qurbonlar soni yana ortishi mumkinligini bildirgan.

