Kongo DRda ebola haqida radioda chiqish qilgan hukmron partiya vakili kaltaklab o‘ldirildi
Kongo DRda hukmron partiya a’zosi ebola virusi bilan bog‘liq xabardorlikni oshirishga bag‘ishlangan radiodasturda qatnashgach, kaltaklab o‘ldirildi. Uning 'partiya pozitsiyasini himoya qilgani uchun' qurbon bo‘lgani ta’kidlandi. Mamlakatda virusni 8 mingdan ziyod odam yuqtirgan, ulardan 3,9 ming nafari vafot etgan.

Kongo DRda ebola haqida radioda chiqish qilgan hukmron partiya vakili kaltaklab o‘ldirildi
Kongo Demokratik Respublikasi (KDR) hukmron partiyasining yuqori martabali a’zosi 27-sentabr kuni ebola epidemiyasi haqida xabardorlikni oshirishga bag‘ishlangan radiodasturda qatnashganidan keyin kaltaklab o‘ldirildi.
Kasallikning yangi o‘chog‘iga aylangan Butembo shahrida “Demokratiya va ijtimoiy taraqqiyot uchun ittifoq” (UDPS) partiyasi federal ijroiya qo‘mitasi prezidenti vazifasini bajaruvchi Mari-Selesten Karondva kasallikning oldini olish choralarini targ‘ib qilgan radiodasturda ishtirok etgan.
Partiya ma’lumotiga ko‘ra, hujumchilar Karondvani kaltaklagan, uning buyumlarini o‘g‘irlab ketgan va uyiga o‘t qo‘ygan. U olgan tan jarohatlari sabab vafot etgan.
Hujumni kimlar uyushtirgani, unda nechta odam qatnashgani va bunga aynan nima turtki bo‘lgani noma’lumligicha qolmoqda. Biroq partiya Karondvani “partiyaning ebola virusi kasalligi mavjudligi… va uning aholiga solayotgan xavfi borasidagi pozitsiyasini himoya qilgani uchun begunoh qurbon bo‘ldi” deb ta’kidladi.
Karondvaning o‘limi tibbiyot xodimlari va davolash markazlariga qilingan bir qator hujumlar fonida yuz berdi. Mutaxassislar bu hujumlar kasallik haqidagi mish-mishlar va yolg‘on axborotlar, shuningdek tibbiyot xodimlariga nisbatan ishonchsizlik sabab kuchayib borayotganini aytadi.
Ilk bor 1976-yilda hozirgi KDR hududida aniqlangan ebola — odamlar va primatlarda uchraydigan, juda yuqumli va ko‘pincha o‘lim bilan yakunlanadigan virusli kasallik. U tana suyuqliklari yoki zararlangan buyumlar orqali tarqaladi hamda a’zolarning shikastlanishiga, qon tomirlari faoliyatining buzilishiga va ba’zan og‘ir ichki hamda tashqi qon ketishlarga olib keladi.
Hozirgi epidemiyani tasdiqlangan davosi yoki vaksinasi bo‘lmagan kamyob Bundibugyo virusi keltirib chiqarmoqda. U haqida ilk bor 15-may kuni xabar berilgan bo‘lib, KDR Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, kasallik 8067 kishiga yuqqan va 3901 kishining umriga zomin bo‘lgan.

