Dunyo

Kongo DRda Ebola eng ko‘p tarqalgan hududlardagi maktablar ochildi

Kongo Demokratik Respublikasida (KDR) Ebola virusi eng ko‘p tarqalgan hududlardagi maktablar o‘z faoliyatini qayta boshladi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Dastlab hukumat ushbu hududlarda an’anaviy darslarni vaqtincha to‘xtatib, masofaviy ta’limga o‘tishni rejalashtirgan edi. Biroq, o‘quvchilarning ta’lim jarayonlaridan ortda qolib ketish xavfi virus yuqishi ehtimolidan ustun deb topilib, bu qaror bekor qilindi.

Hukumatning 2-sentabr, chorshanba kuni e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatdagi Ebola epidemiyasida vafot etganlar soni 3 mingdan oshgan. Kasallik olti viloyatga tarqalgan bo‘lib, o‘lim darajasi 48,6 foizni tashkil etmoqda.

Ituri viloyatida 1 mingdan ortiq maktab “qizil hudud” deb tasniflangan, ya’ni bu hududlarda Ebola yuqish xavfi yuqori yoki faol yuqish holatlari kuzatilmoqda. 19-avgustda e’lon qilingan qoidalarga ko‘ra, bunday maktablarda an’anaviy darslar o‘rniga har ikki haftada tarqatiladigan topshiriqlar hamda radio va televideniye orqali masofaviy ta’lim tashkil etilishi kerak edi.

Biroq, maktablar shu hafta odatdagidek ochildi. Ta’lim vazirligi vakilining Reuters agentligiga ma’lum qilishicha, hukumat viloyat rasmiylarining murojaatidan so‘ng dastlabki qarorni qayta ko‘rib chiqqan. Hozircha Ebola bilan kasallanish holati aniqlangan taqdirda maktablar yopilib, masofaviy ta’limga o‘tilishi belgilangan.

Shuningdek, Shimoliy Kivu va Janubiy Kivu viloyatlarining Ruanda tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan AFC/M23 isyonchilari nazoratidagi hududlarida ham maktablar ochilgan. U yerda o‘quvchilardan qo‘llarni yuvish va sinfxonalarda ijtimoiy masofani saqlash talab qilinmoqda.

Avgust oyi oxirida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Ugandada Ebola virusining Bundibugyo shtammi bilan bog‘liq epidemiya yakunlanganini ma’lum qilgandi. Mamlakatda kasallik 20 kishida aniqlangan, ulardan 2 nafari vafot etgan. Uganda hukumati 28-iyul kuni mamlakatni Ebola epidemiyasidan xoli deb e’lon qilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.