Kommunal xizmatlar uchun aholidan asossiz to‘lovlar olingani aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi o‘rganishlari Jizzax, Samarqand, Farg‘ona, Namangan va Sirdaryoda elektr, gaz va suv xizmatlarida qonunbuzilishlarni

Kommunal xizmatlar bo‘yicha aholiga asossiz to‘lovlar hisoblangani ma’lum bo‘ldi
Raqobat qo‘mitasining hududiy organlari kommunal xizmatlar sohasida o‘tkazgan o‘rganishlar yakuniga ko‘ra, iste’molchilarga asossiz hisoblangan mablag‘larni qayta hisoblash, jarima qo‘llash hamda majburiy ko‘rsatmalar berish choralari ko‘rildi.
Jizzax viloyatida elektr ta’minoti korxonalari tomonidan maishiy iste’molchilarga rasmiylashtirilgan qoidabuzarlik dalolatnomalari tahlil qilindi. Arnasoy, Baxmal, Sharof Rashidov va Jizzax shahar elektr ta’minoti korxonalarida 8 ta holatda qonunchilik talablari buzilgani aniqlanib, dalolatnomalar bekor qilindi. Natijada iste’molchilar foydasiga 5,4 mln so‘m qayta hisob-kitob qilindi.
Shuningdek, G‘allaorol tumanidagi «Baxt» va «Samarqand» MFYlarida 10 ta nuqtada ichimlik suvining umumiy qattiqligi belgilangan me’yordan yuqori ekani ma’lum bo‘ldi. 2026-yil 17-apreldan 5-maygacha yetkazilgan 1238 m³ suv uchun hisoblangan 4,9 mln so‘m 276 nafar iste’molchi foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.
Samarqand shahrida fuqaro F. Rajabovaning murojaati asosida o‘tkazilgan o‘rganishda «Hududgaz Samarqand» filiali tomonidan xonadonga 1,3 mln so‘m asossiz qarzdorlik yozilgani aniqlandi. Ushbu summa qayta hisob-kitob qilindi.
Farg‘ona viloyatida esa suyultirilgan uglevodorod gazini iste’molchilarga taqsimlash jarayoni o‘rganildi. Tuman va shahar gaz bo‘limlari ajratilgan gazni teng taqsimlamagani, shartnoma talablari hamda reja-jadvallarga rioya qilmagani aniqlandi.
Hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi «Hududgazta’minot» AJ va uning filialiga moliyaviy jarima belgilab, qonunbuzilishni bartaraf etish yuzasidan majburiy ko‘rsatma berdi.
Namangan viloyatida «Namangan suv ta’minoti» AJ faoliyati tekshirildi. Ichimlik va oqova suv tariflarini shakllantirishda xom ashyo materiallari bo‘yicha belgilangan me’yorlarga amal qilinmagani sabab 252,7 mln so‘m, amalda bajarilmagan xarajatlarni narxga qo‘shish hisobiga esa 1,18 mlrd so‘m asossiz daromad olingani aniqlandi.
Jami 1,4 mlrd so‘mdan ortiq asossiz daromad bo‘yicha ish qo‘zg‘atilib, «Namangan suv ta’minoti» AJga majburiy ko‘rsatma berildi.
Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanidagi 2 ta mahallada 537 nafar iste’molchiga sifatsiz ichimlik suvi yetkazib berilgani va qariyb 6,2 mln so‘m asossiz mablag‘ olingani aniqlandi. «Sirdaryo suv ta’minoti» AJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, ushbu mablag‘ni 537 nafar iste’molchiga qayta hisoblash bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berildi.

