Kommunal sohadagi qarzlar boʻyicha ishlarni notariuslarga oʻtkazishni Senat maʼqulladi
Ijara, “kvartplata” va kommunal toʻlovlar, shuningdek, aloqa xizmatlari boʻyicha nizosiz qarzdorlik summasi 1000 BHM (412 mln soʻm)dan kam boʻlsa, qarzni undirish uchun sudga emas, notariusga murojaat qilinishi belgilanmoqda. Tegishli qonunni Senat maʼqulladi.

Kommunal sohadagi qarzlar bo‘yicha ishlarni notariuslarga o‘tkazish Senat tomonidan ma’qullandi
Oliy Majlis Senati nizosiz talablarni hal etishni yengillashtirishga doir qonunni ma’qulladi.
Qonunga ko‘ra, qonunda belgilangan mezonlarga mos, bazaviy hisoblash miqdorining ming baravari, ya’ni 440 mln so‘mgacha bo‘lgan nizosiz talablar yuzasidan notariusga murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.
Shu orqali bunday talablarni sudga murojaat qilmasdan, notarius orqali rasmiylashtirish va ijroga qaratish tartibi soddalashtiriladi.
Mazkur qonunning quyi palatadagi muhokamasida quyidagilarga oid qarzdorliklar bo‘yicha nizosiz talablar haqida so‘z borgandi: ijara to‘lovlari; ko‘p kvartirali uylardagi joylar mulkdorlaridan olinadigan majburiy badallar va to‘lovlar; kommunal xizmatlar; aloqa xizmatlari.
Sanab o‘tilgan to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni undirishga doir talablar miqdori bazaviy hisoblash miqdorining ming baravaridan oshgan taqdirda, amaldagi tartib asosida — sud tomonidan, buyruq tartibida ko‘rib chiqiladi. BHMning ming baravaridan kam bo‘lgan nizosiz talablar bo‘yicha ishlar esa notariuslar tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Senat matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 10-sentabr kuni ma’qullangan qonunga binoan notariuslar tomonidan rasmiylashtiriladigan QR-kodli ijro xatlari elektron shaklda ijro organlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri yuboriladi. Bu hujjatlarni qog‘oz shaklida taqdim etish bilan bog‘liq ortiqcha jarayonlarni qisqartiradi.
Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilib, qonuniy kuchga kirgan sud hujjati ustidan shikoyat qilinganda uning ijrosini yuqori instansiya sudida to‘xtatib turish mexanizmi takomillashtirilmoqda.
Bunda ijroni to‘xtatib turishni so‘ragan shaxs bunday chora ko‘rilmasa, qaytarma ijroni qiyinlashtirishi yoki uni bajarib bo‘lmaydigan qilib qo‘yishi mumkinligini asoslashi kerak bo‘ladi.
Senatorlarga ko‘ra, bu o‘zgartishlar sudlarning ish yuklamasini kamaytiradi, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining vaqti hamda xarajatlarini tejaydi, nizosiz talablarni tezkor rasmiylashtirish va ijro samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

