Kolumbiya zilzila sabab qahva eksportini to‘xtatdi

Kolumbiyada ro‘y bergan kuchli zilzila oqibatida mamlakatning qahva eksporti deyarli to‘xtab qoldi. Bu haqda Bloomberg nashri Qahva eksportchilari milliy assotsiatsiyasi (Asoexport) rahbari Gustavo Gomesga tayanib xabar berdi.
Gomesning so‘zlariga ko‘ra, yer silkinishi Kolumbiyaning asosiy porti bo‘lgan Buenaventura faoliyatini izdan chiqargan. Shuningdek, magistral yo‘llar, xususan, Tinch okeani sohiliga olib boruvchi asosiy yo‘nalish yopilgan.
"Hozirda qahva operatsiyalari to‘xtatilgan. Alohida operatsiyalar bo‘lishi mumkin, ammo hozir qahva eksporti to‘xtab qolgan. Yo‘l qachon to‘liq ochilishi haqida aniq rasmiy ma’lumot yo‘q", — dedi Gomes.
Boshqa portlarning ishida jiddiy uzilishlar kuzatilmagan bo‘lsa-da, qahvani shimolga yo‘naltirish yuk mashinalarining keskin tanqisligi tufayli qiyinlashmoqda. Hozirda hosil yig‘im-terimi asosan mamlakatning janubiy hududlari (Kauka, Narino, Valle del Kauka va Uila)da to‘plangan. Bu qahvaning katta qismi odatda Buenaventura porti orqali eksport qilinardi. Gomes hatto yo‘l ochilib, ish qayta tiklangan taqdirda ham, hozirgi uzilishlar jo‘natmalarning kechikishiga olib kelishidan ogohlantirdi.
Ma’lumot uchun, Kolumbiyada 10-avgust kuni so‘nggi o‘n yilliklardagi eng kuchlilardan biri bo‘lgan 7,4 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Halok bo‘lganlar soni 250 kishidan oshdi. Zilzila Kali, shuningdek, Pereyra, Kibdo va Manisales shaharlariga ham jiddiy talafot yetkazdi. Ushbu shaharlar Kolumbiya qahvasining katta qismi yetishtiriladigan “qahva uchburchagi” hududiga kiradi.
2025-yilda Kolumbiyada qahva ishlab chiqarish hajmi 13,4 million 60 kilogrammlik qopga yetgan. Mamlakat oyiga taxminan 1 million 60 kilogrammlik qop qahva eksport qilardi.

