Kolumbiya sobiq tashqi ishlar vaziri enaganing yolgʻonni aniqlovchi apparat (detektor) orqali tekshirilishi boʻyicha ayblandi
Laura Sarabiya oʻz xonadonidan pul yoʻqolganidan keyin politsiyaga enagasini soʻroq qilishni buyurganlikda ayblanmoqda.

**Kolumbiya sobiq tashqi ishlar vaziri enaganing yolgʻon detektorasidan oʻtkazilishi boʻyicha ayblandi**
Kolumbiya prokurorlari sobiq tashqi ishlar vaziri Laura Sarabiyani oʻz enagasini yolgʻon detektoridan oʻtkazganidan keyin vakolatini suiisteʼmol qilganlikda aybladi.
Bu mojaro 2023 yilda, Kolumbiyaning «Semana» haftalik yangiliklar nashri Sarabiya oʻgʻliga gʻamxyorlik qilish uchun yollagan ayol poligrafga ulangani va Sarabiyaning kvartirasidan ichida naqd pul boʻlgan qutining gʻoyib boʻlishi bilan bogʻliq holda soʻroq qilingani haqida xabar berganidan keyin boshlangan edi.
Oʻsha paytda Sarabiya Prezident Gustavo Petroning maʼmuriyati rahbari edi. U 2023 yil iyun oyida isteʼfoga chiqdi, ammo keyinroq tashqi ishlar vaziri etib tayinlandi va ushbu lavozimdan ketganidan soʻng, Kolumbiyaning Buyuk Britaniyadagi elchisi boʻldi.
U qonunbuzarlikka yoʻl qoʻyganini inkor etgan.
32 yoshli ayol Gustavo Petroning eng yaqin maslahatchilaridan biri edi. Kolumbiyaning birinchi soʻl qanot prezidenti boʻlgan Petro 2022 yildan shu yilning avgust oyigacha lavozimda boʻldi.
Prokurorlarning taʼkidlashicha, Sarabiya maʼmuriyat rahbari sifatidagi mavqeini suiisteʼmol qilib, politsiyaga enagasi Marelbis Mezani bir necha ming dollar miqdoridagi naqd pulning gʻoyib boʻlishi boʻyicha soʻroq qilishni buyurgan.
Meza «Semana» nashriga bergan intervyusida Sarabiyaning haydovchisi uni prezident saroyi roʻparasidagi rasmiy binoga olib borganini aytib, bu voqeani «oʻgʻirlab ketish» deb taʼriflagan.
Shundan soʻng politsiya xodimlari uni poligraf apparatiga ulab, yoʻqolgan pullar haqida soʻroq qilishgan.
Meza sinov paytida pul oʻgʻirlaganini inkor etgan va shundan beri OAVga bergan intervyularida hech qanday qonunbuzarlik qilmaganini qayta-qayta taʼkidlab kelmoqda.
Prokurorlarning aytishicha, Sarabiya politsiyaga Mezani uning rasmiy vazifalariga aloqasi boʻlmagan masala boʻyicha soʻroq qilishni buyurib, davlat resurslaridan notoʻgʻri foydalangan.
Sarabiya sud majlisida qoʻshimcha tafsilotlarni ochiqlamasdan, ayblovni rad etdi.
Bundan oldin u ijtimoiy tarmoqdagi postida advokatlari bu masala bilan shugʻullanayotganini, sud organlarini hurmat qilishini va ularning qarorlariga ishonishini aytgan edi.

