Kolumbiya Isroilning Golan tepaliklariga boʻlgan da’vosini tan oldi

Kolumbiyaning yangi o‘ng qanot hukumati 10-avgust kuni Isroilning Golan tepaliklariga bo‘lgan da’vosini tan oldi. Isroil bu hududni 1967-yilda Suriyadan tortib olgan edi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.
Shu paytgacha faqatgina AQSH Isroilning 1981-yilda bu hududni anneksiya qilganini tan olgan yagona davlat edi. Kolumbiyaning yangi prezidenti Abelardo de la Espriella 7-avgust kuni hokimiyat tepasiga keldi. U saylov kampaniyasi davomida mamlakatidagi qurolli guruhlarga qarshi kurashish uchun Qo‘shma Shtatlar va Isroil bilan yaqin aloqalar o‘rnatishga va’da bergan edi.
Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi bu qarorni Kolumbiya g‘arbida kamida 111 kishining umriga zomin bo‘lgan va o‘nlab kishilarni jarohatlagan 7,4 magnitudali zilzila yuz bergan kuni e’lon qildi.
X tarmog‘ida e’lon qilingan bayonotda shunday deyiladi: “Kolumbiya hukumati Isroilning ushbu hudud ustidan suverenitetini, shuningdek, ushbu davlatning tashqi tahdidlardan o‘zini himoya qilish huquqini tan oladi”.
Qo‘shimcha qilinishicha, “Kolumbiya Isroilning Golan tepaliklari ustidan nazorati va suverenitetini saqlab qolishi uning milliy mudofaasining muhim tarkibiy qismi ekanini e’tirof etadi”.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ushbu tog‘li hududni Isroil harbiy okkupatsiyasi ostidagi Suriya hududi deb hisoblaydi. Isroil Tashqi ishlar vaziri Gideon Saar bu tan olish uchun o‘zining “qadrdon do‘sti” De la Espriellaga minnatdorchilik bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkala tomon De la Espriellaning inauguratsiya marosimidan bir kun oldin Kolumbiyaning Barrankilya shahrida ushbu qaror bo‘yicha kelishib olgan.
Qasamyod marosimida qatnashgan Saar X tarmog‘ida shunday yozdi: “Himoyalangan chegaralar yahudiy xalqining tarixiy vatanida mavjudligini ta’minlash uchun juda muhimdir”.
Iyul oyida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Golan tepaliklari Suriyaning bir qismi ekanini yana bir bor ta’kidlab, Isroil okkupatsiyasini “mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat” deb baholagandi.
De la Esprielladan oldingi so‘lchi prezident Gustavo Petro Isroilning G‘azo sektoridagi hujumlarini keskin tanqid qilgan hamda diplomatik munosabatlarni uzib, Kolumbiyaga Isroil qurollari importini to‘xtatgan edi. Hozir hokimiyatda bo‘lgan, AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan milliarder esa aloqalarni tiklashga va’da bergan.
Iyul oyida u Quddusda Kolumbiya elchixonasini ochishni rejalashtirayotganini aytdi. Isroil Quddusni, jumladan uning bosib olingan Falastin qismini ham o‘z poytaxti deb hisoblaydi. Biroq bu xalqaro miqyosda tan olinmagan va ko‘pchilik mamlakatlar o‘z diplomatik vakolatxonalarini Tel-Avivda yurgizadi.

