Kolumbiya Eron bilan diplomatik aloqalarni uzdi

Kolumbiya Eron bilan diplomatik aloqalarni uzdi
Kolumbiya 24-sentyabr kuni Eron bilan diplomatik munosabatlarni to‘xtatganini ma’lum qildi. Shu bilan mamlakat Lotin Amerikasida AQSHning “asosiy dushmani” bilan aloqalarni uzgan navbatdagi ittifoqchiga aylandi, deya xabar berdi France 24.
7-avgust kuni so‘lchi sobiq prezident Gustavo Petro o‘rnini egallagan yangi o‘ngchi prezident Abelardo de la Espriella AQSH rahbari Donald Trampning to‘liq qo‘llab-quvvatlovi bilan Kolumbiyaning tashqi aloqalarini qayta ko‘rib chiqmoqda.
De la Espriella lavozimga kirishishidan avval Kuba va Nikaraguadagi avtoritar so‘lchi hukumatlar bilan ham munosabatlarni uzish rejasini bildirgan edi. Biroq bu rejalar hozircha amalga oshmagan.
Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, Eron bilan aloqalarni uzish haqidagi 19-sentyabrdan kuchga kirgan qaror “yarimsharning milliy xavfsizligi” manfaatlaridan kelib chiqib qabul qilingan.
Kolumbiya tomoni Eron hukumatini “mamlakat xavfsizligiga tahdid soluvchi narkoterrorchi guruhlar” bilan aloqadorlikda aybladi, biroq bunga oid hech qanday dalil keltirmadi.
Shuningdek, Bogota Tehronni AQSH va Isroilga qarshi urush doirasida Hormuz bo‘g‘ozida kemalar harakatini to‘sib qo‘ygani va Yaqin Sharqdagi boshqa mamlakatlarga hujum qilgani uchun keskin tanqid qildi. Shunga qaramay, Kolumbiya hukumati Teron bilan konsullik munosabatlari saqlanib qolishini qo‘shimcha qildi.
Sentyabr oyi boshida Peru ham Eron bilan diplomatik aloqalarni uzgandi. Mamlakat Tehronning MAGATE (IAEA/ Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik) faoliyatiga to‘sqinlik qilinayotganini qoralagan.

